Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Hoji Abdulaziz Abdurasulovning “Gulzorim” qo‘shig‘i qanday yaratilgan?

Majidxon aka Saidovni nafaqat urgutliklar, balki respublikamizda faoliyat yuritayotgan ko‘plab san’atkorlar, musiqa shinavandalari yaxshi taniydi. Qo‘shiqlarida o‘ziga xos ohang, ma’no va qalblarga yetib boruvchi nola bor. Bir necha yildan buyon poytaxtda ijod qilayotgan hofiz yaqinda tahririyatimiz mehmoni bo‘ldi. Majidxon aka bilan Samarqand maqom san’ati, Hoji Abdulaziz Abdurasulovning “Gulzorim” qo‘shig‘ining yaratilishi, bugungi qo‘shiqchilik haqida suhbatlashdik.

- Urgut tumanida “Beshqarsak” ansambli  bor. Biz sinfdoshlarimiz bilan tanaffus paytida ularning repetitsiya jarayonini kuzatardik, - deydi hofiz. - Mana shu kuzatishlar meni san’atga yetaklagan bo‘lsa, ajab emas. Chunki ular bilan birga Urgutning boshqalarga o‘xshamagan xalq og‘zaki ijodini xirgoyi qilardim. Bu kuzatishlar ansamblga kirib kelishimga turtki bo‘ldi. Bu yerda 10 yil badiiy rahbarlik qildim. 1996 yilda meni Yunus Rajabiy nomidagi maqom ansambliga taklif etishdi. Toshkentda ijod qilish barobarida ko‘plab san’at fidoyilaridan saboq oldim. O‘zbekiston xalq artisti Orifxon Hotamov, Eson Lutfullayev, Quvondiq Iskandarov, Ortiq Otajonov kabi usta hofizlardan san’at sirlarini o‘rgandim, ularning yordamida qo‘shiqlar yaratdim.

Prezidentimizning  2017 yil 17 noyabrdagi «O‘zbek milliy maqom san’atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori  ushbu san’atni qayta rivojlantirdi. Samarqandda ham yoshlardan iborat “Maqom” ansambli tashkil etilganini eshitib xursand bo‘ldik. Bizda maqom ustalari yetishib chiqishi uchun poydevor bor, iste’dodli yoshlar ko‘p. Buni bejiz aytmadim, Samarqand maqom san’ati deganda ko‘z oldimizga Hoji Abdulaziz Abdurasulov keladi. U kishining maqom san’atini rivojlantirishdagi o‘rni beqiyos. Bugun ustozning bor-yo‘g‘i o‘ndan ortiq qo‘shiqlari bizgacha saqlanib qolgan bo‘lsa-da, ular umrboqiydir. Yillar o‘tsa-da, o‘z ohangini, ma’nosini yo‘qotmaydi. Maqomni notalarga tizgan ustoz Yunus Rajabiyning farzandlari bilan suhbatimizda, u kishi ham Samarqandga kelib Hoji Abdulaziz Abdurasulovdan saboq olganini aytadi.

- San’atkor uchun uning har bir qo‘shiq farzandidek. Agar u qalblarni zabt etsa, demak, yaxshi bir asar yaratilibdi, deyishadi. Haqiqat-da esa...

- Yaqinda Farmon Toshevning bir she’rini telegram kanallarning birida o‘qidim. Uni qo‘shiq qildim. Bilasizmi nega? Qo‘shiq qalbimni yig‘latgani uchun, uni his qilganim uchun, hayajonga tushganim uchun.

Ko‘rmadim dunyoni hech bekam, netay,

Topmadim sog‘inchima malham, netay.

She’r sizni hayajonga soldimi, demak, eshituvchini ham hayajonga soladi. Ichki ishlar idoralarida ishlagan rahmatli O‘tkir Jo‘rayevning she’rlari ham o‘ziga xos edi. U kishining ijodidan bir she’rni qo‘shiq qilgandim. Andijondagi shogirdlarimiz “Biz ham aytsak bo‘ladimi”, deb so‘rashyapti. Demak, nafaqat menga, balki ularga ham qo‘shiq ma’qul bo‘lgan.

Hozir yoshlarimiz ikki yoki uch kunda qo‘shiq tayyorlayapti. O‘zi she’r yozayapti, o‘zi kuy bastalayapti va aytyapti. Albatta, bunday ashulaning umri qisqa bo‘ladi-da! Chunki har bir ishni o‘zining ustasi qilgani yaxshi. Agar bitta shoirning she’riga kuy bastalasamu, bitta so‘zi kuyga tushmasa, uning muqobilini topishga qiynalaman. Chunki men shoir emasman.

Bizda shoirlarimiz, bastakorlarimiz ko‘p. Ular bilan hamkorlik qilish, izlanish, o‘qish kerak. Masalan, Hoji Abdulaziz Abdurasulov ikki yilda, besh yilda bitta qo‘shiq yaratgan. Qarangki, bugungi kungacha “Gulzorim”, “Qo‘shchinor”, “Bebog‘cha”, “Ushoq” eskirgani yo‘q. Ular san’atkorlarimiz tomonidan qayta-qayta ijro etilmoqda, sayqal berilmoqda. Yoshlarga aytmoqchimanki, san’at sohasida mehnat qilgan, izlangan maqsadga erishadi, boqiy asarlar yaratiladi. Chunki mehnat qilgan sari yangiliklar paydo bo‘ladi. Bitta qo‘shiq yaratish uchun 70 foiz iste’dod kerak bo‘lsa, 30 foiz mehnat qilish kerak. Bugun aksariyat qo‘shiqlarimiz taqlid bo‘lib qolayotgandek ko‘rinadi. To‘g‘ri, ba’zan ijodkorlar orasida ham qo‘shiq almashinuv bo‘ladi. Buning ham mezonlari bor.

- Buning ham o‘ziga xos etikasi bormi? Chunki aksariyat qo‘shiqlarimiz chet el yoki 60-70 yillardagi qo‘shiqlarni zamonaviylashtirilgan holda ijro etilmoqda.

- Ustoz san’atkor Bobomurod Hamdamovning “Omonat” qo‘shig‘i so‘zi menga yoqib qoldi. Uning kuyini sal boshqacha qilib kuyladim. Ancha vaqt ustozdan rozilik olishni o‘ylab yurdim. Bir kuni Sultonposhsha O‘dayeva va u kishining turmush o‘rtog‘i Safar og‘a bilan Bobomurod akaning uyiga bordik. 

Choy ichib turib, Safar og‘a Bobomurod akaga qo‘shiqdan so‘z ochdi:

“Majidxon sizning “Omonat” degan qo‘shig‘ingizga kuy bastalab qo‘shiq qilibdi, siz nima deysiz”.

Hayajon bilan javoblarini kutyapman. Shunda Bobomuroda aka menga: “Torni ol, - dedi buyruq bilan. - Qani endi chal”.

Ikki misra aytganimdan keyin u kishining munosabatini kutdim. Jim turib, “Majidxon buni tez yoz” dedi. Yaxshi chiqibdi. Mana shu bir jumlaning o‘zi san’atkor uchun baxt, boylik. Qo‘shiqning jumlalari menga ta’sir qilgani uchun she’r muallifini so‘radim. “Jo‘shqinniki”, dedi Bobomurod aka. Qo‘shiq radioda yozildi. Telekanallarda aylandi.

- Demak, ustoz va shogirdlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik bor.

- Aslida haqiqiy san’atkor kamtarin bo‘ladi. Goh shogirdiga beradi, goh shogirdidan oladi. Birovning qo‘shig‘ini ijro qilishning o‘zi bo‘lmaydi.

Omon Matjonning tug‘ilgan kuniga bitta she’rini qo‘shiq qilib tayyorlab bordim. Ortiq aka qo‘shiqlarini tugatgach, menga yuzlandi. Shunda Omon akaning bir she’rini qo‘shiq qilganimni aytdim. Shunda “Oy chiqdi lekin qamar yo‘q”, deb boshlanuvchi qo‘shiqni aytib berdim. Ortiq Otajonov “Majidxon, shu qo‘shiqni men ham aytgim kelib qoldi”, dedi samimiy ohangda.

Aslida hech bir san’atkor bir yo‘nalishda ijod qilmaydi. Barcha ijrolar o‘ziga xos chiqadi. Bahoni esa tomoshabin beradi.

- Har bir qo‘shiqning yaralish tarixi bor. Ustoz san’atkorlar ijodiga ham qiziqib ko‘rganmisiz? Ularning qo‘shiqlari qanday yaralgan?

- Hoji Abdulaziz Abdurasulovning “Gulzorim” qo‘shig‘i juda mashhur. Qanchalik rost bilmayman, ammo dutor chaladigan og‘alarimiz qo‘shiqning yaratilishi haqida gapirib beruvdi.

Ikki kishi mardikor bozoriga borishgan. Bir kishi ularni Hoji Abdulaziz Abdurasulovning uyiga olib borgan. Xonalardan biriga kirishsa, devorda dutor osig‘liq turgan. Dasturxon yozish, ustalarni ovqatlantirishga kirib ketgan san’at ustasi chiqib qarasa, dutorning ovozi kelyapti. Uy egasini ko‘rgan kishi darhol chalishni to‘xtatibdi. Shunda ustoz “Qo‘ymang, yana bir chalingchi”, deb so‘rabdi. Sherigi yaxshi chalgani uchun unga dutorni tutibdi. Hofiz ohangni eshitib, “mana shu joyi menga sizdan sovg‘a” deb, bir kunlik kelishilgan pulni bergan ekan. Bir necha oydan keyin “Gulzorim” degan plastinka chiqqan va og‘alarimizning xuddi shu ohangi undan joy olgan ekan.

To‘ylarda ko‘p yuramiz bizda ham mana shunday iste’dodlar ko‘p. Ularni bir joyga yig‘ish, bir-biriga tanitish kerak. O‘zim ham niyat qilib yuribman. Masalan, qishlog‘imizda Sharof Maxsum, Ne’matjon aka degan hofizlar bo‘lgan. Toshkentdan kelgan mashhur san’atkorlar ularning ovozlariga qoyil qolgan. Ammo qishloqdan boshqa hududda ularni hech kim tanimaydi. Shuning uchun, Samarqandda ham maqom maktabini tashkil etib, unga chekka hududlardagi iste’dodlarni yig‘ishni maqsad qildim.

- Yaqinda Madaniyat vaziri maqom kuylari bog‘chalardagi bolalarga eshittirilishini aytdi...

- Maqomning tarbiyaviy ahamiyati katta. Unga kiritilgan so‘zlar oddiy emas. Ularning so‘zlari Navoiy, Jomiy, Nodirabegim, Muqimiy, Furqat kabi shoirlarning she’rlaridan olingan. Oddiy she’rlarni maqomga solib bo‘lmaydi. Aruz vaznidagi g‘azallargina maqomga tushadi. Navoiy hazratlari kuy ham chalgan. Shuning uchun uning har bir g‘azali o‘zining kuyi bilan yaratilgan. O‘qiganingiz sari ohang ham kelaveradi. Mashrab g‘azallarida ham ohangdorlikni uchratish mumkin.

Menimcha, maqomga mehrni yoshlikdan uyg‘otish kerak. Shundagina, maqom san’atimiz yanada rivojlanadi, yuksaladi.

Nasiba JONTO‘RAYeVA.