Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Hokim o‘rinbosari sudga berildi

Samarqand viloyatida joriy yilda 94 130 gektar maydonda yetishtirilgan g‘allani o‘rib-yig‘ib olish ishlari davom etmoqda. 22 ta g‘allachilik klasterlari tomonidan donni qabul qilish, saqlash va qayta ishlash kabi yumushlar bajarilmoqda.

Mavsumda 278 ta g‘alla o‘rish kombayni, 1108 ta yuk avtomashinasi, 73 ta ko‘chma ustaxona va 161 dona yoqilg‘i tashish texnikalaridan samarali foydalanilyapti.

5 iyul holatida viloyat bo‘yicha 66 223 gektar g‘alla maydoni o‘rilib, davlatga 177 ming 174 tonna don topshirilgan.

Samarqand viloyat prokuraturasi organlari tomonidan g‘alla o‘rim-yig‘imi davrida Paxtachi va Narpay tumanlarida kombaynlarga ehtiyot qismlar va yoqilg‘i-moylash materiallarini o‘z vaqtida yetkazib berilishida amaliy yordam ko‘rsatildi.

Bu  borada olib borilgan nazorat tadbirlari davomida aniqlangan qonun buzilishi holatlarini bartaraf etish haqida viloyat hokimligiga taqdimnoma kiritildi, 76 nafar mansabdor shaxs rasman ogohlantirildi, 7 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortildi.

Jumladan, Oqdaryo tumanida yig‘im-terim ishlarida 25 ta kombayn qatnashishi rejalashtirilgan. 5-sonli otryadga qarashli g‘alla o‘rish kombayni 15 iyun kuni “Dahbed” MMTP hududidagi “O‘n tol” fermer xo‘jaligi g‘alla maydonida o‘rimda qatnashishi belgilangan bo‘lsa-da, tuman hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari tomonidan boshqa hududga yuborilgan. “Pyuri milk Oqdaryo” fermer xo‘jaligi tomonidan ishlatilayotgan 2 ta kombayn esa birorta otryadga biriktirilmagan. Mazkur holatlar uchun hokim o‘rinbosariga nisbatan ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atilib, ko‘rib chiqish uchun sudga yuborildi.

Shuhrat To‘rayev, Samarqand viloyat prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i.

Feruz Mardonov, Samarqand viloyat prokuraturasi bo‘lim prokurori.