Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Hokim qarori haqiqiy emas, deb topildi. Nega?

Endi tadbirkorning yer uchastkasini noqonuniy olib qo‘ygan mansabdor shaxslarga Biznes-Ombudsman bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravaridan 150 baravarigacha miqdorda jarima soladi.

Biznes-Ombudsman nima maqsadda tashkil etilganligini dastlab ko‘pchilik yaxshi bilmas edi. Ammo faoliyatimiz davomida tadbirkorlarga yaqin ko‘makchi bo‘lishga, ularni qiynab kelayotgan muammolarni hal qilishga intilyapmiz.

Natijada tashkilotning viloyatdagi xodimlariga o‘tgan yili tadbirkorlik sub’yektlaridan 481 ta murojaat kelib tushdi. Ularning 217 tasi ijobiy hal etilgan bo‘lsa, 264 ta (tadbirkorlik bilan bog‘liq bo‘lmagan) siga tushuntirish berilgan.

Murojaatlarni o‘rganish davomida tadbirkorlarning buzilgan huquqlarini tiklash yuzasidan davlat organlariga 155 ta (13 ta taqdimnoma, 6 ta da’vo ariza, 6 ta xulosa, 1 ta ogohlantirish va 128 ta ma’muriy bayonnoma) ta’sir choralari qo‘llanilgan.

Misol uchun, Kattaqo‘rg‘on shahar hokimining 2021 yil 30 iyundagi qarori bilan “POKIZA ZINNURA” nodavlat ta’lim muassasasiga xususiy sheriklik asosida maktabgacha ta’lim muassasasi qurilishi uchun ajratilgan yer maydoni qonunga zid ravishda hokimlik zaxirasiga qaytarib olingan.

Holat bo‘yicha Samarqand tumanlararo ma’muriy sudiga da’vo ariza kiritildi. Sudning 2021 yil 20 sentyabrdagi hal qiluv qarori bilan hokimning qarori haqiqiy emas deb topilgan.

Shuningdek, o‘tgan yili Biznes-Ombudsmanning viloyatdagi xodimlari aralashuvi bilan tadbirkorlik faoliyati uchun 2 mlrd. so‘mdan ortiq kredit mablag‘i ajratilishi ta’minlandi.

Nazorat qiluvchi organlarning tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya qilinishi o‘rganilib, 4 ming 76 ta qonunbuzilishi holatlari aniqlangan.

Aniqlangan holatlar bo‘yicha 128 nafar mansabdorga nisbatan qonuniy chora ko‘rilib, davlat foydasiga 147 million so‘m jarima undirilgan.

Abror Ibragimov,

Biznes-Ombudsmanning viloyatdagi xodimi.