Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Hokimga bildirgan murojaatimiz e’tiborga olindi. Ammo...

“Samarqand tumani Quyi turkman mahallasidan yozyapmiz.

Viloyat hokimi Erkinjon Turdimovning telegram kanaliga bir necha bor qishlog‘imizdan o‘tadigan Narpay ko‘chasiga yaqin joylashgan 36-umumiy o‘rta ta’lim maktabi va “Jemchujina” bolalar bog‘chasi yaqinidagi chorrahaga setofor o‘rnatish masalasida murojaat yo‘llagan edik.

Mazkur murojaatimiz o‘rnatilgan tartibda ko‘rib chiqildi. Natijada iltimosimiz qisman bo‘lsa-da, qanoatlantirildi. Ammo svetofor talab darajasida o‘rnatilmadi. Jumladan, aslida to‘rt tomondan avtotransport va piyodalar harakatlanadigan ushbu chorrahaning uch tarafigagina svetofor o‘rnatildi, xolos. Chorrahaning bir tarafiga esa svetofor o‘rnatish ishlari chala qolib ketdi. Qolganda ham aynan, bolalar bog‘chasi tarafdan kelish yo‘liga svetofor o‘rnatilmadi. Oqibatda ko‘chaning bu qismidan piyodalar, avtoulovlar Narpay ko‘chasiga chiqishda qiyinchiliklarga duch kelyapti.

 Yana bir noqulaylik jihati, o‘rnatilgan setoforlar daraxt shoxlarining orqasida qolib ketdi. Bugun barglari to‘kilgan daraxtlar svetofor chiroqlarining ko‘rinishida unchalik xalaqit bermayotgandek, tuyulishi mumkin. Lekin bahorda, dov-daraxt uyg‘ongan palla buni yaqqol his etishimiz, tabiiy.

Setofor o‘rnatilgani bo‘yicha yo‘l belgilari ham qo‘yilmadi. Nazarimizda, mazkur svetoforlar murojaatimizni yopish uchun, mutaxassislar, shu yerda istiqomat qiluvchi aholi bilan maslahatlashmasdan o‘rnatildi.

Muammo yuzasidan Samarqand tumani avtoyo‘l xodimlariga bir emas, bir necha bor murojaat qildik. Natija bo‘lmayapti.

R.Muhammadiyeva,

Samarqand tumanidagi “Jemchujina” NMTT rahbari.

T.Abdurashidov,

36-maktab direktori.

A.Haydarov,

Quyi turkman MFY raisi”.