Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Hokimlar yo‘qligida qabul qilinayotgan 24 ta qaror va farmoyish loyihalarida xatolar aniqlandi

Samarqand viloyati adliya boshqarmasi boshlig‘i S.Nuriyevning xalq deputatlari viloyat Kengashiga bergani axborotida qayd etilishicha, 2021 yilda boshqarma tomonidan viloyat hokimligining 15 ta, tuman, shahar adliya bo‘limlari tomonidan esa hududiy hokimliklarning 57 ta normativ-huquqiy tusga ega bo‘lgan qaror loyihalari huquqiy ekspertizadan o‘tkazilgan. Espertiza natijasiga ko‘ra, loyihalarning 55 tasiga ijobiy xulosa berilgan bo‘lsa, 17 tasi belgilangan talablarga javob bermaganligi uchun qaytarilgan.

"Mahalliy hokimliklarning har qanday qaror va farmoyishlari bugungi kunda “E-qaror” tizimi orqali elektron shaklda qabul qilinmoqda hamda ushbu qarorlarni butun respublika bo‘ylab kuzatib turish imkoniyati mavjud, – deydi S.Nuriyev. – Bugungi kunga qadar tizim orqali viloyat, tuman va shahar hokimliklari tomonida jami 6115 ta qarorlar qabul qilingan. Qaror loyihalari qabul qilinishidan oldin adliya organlari tomonidan ko‘rilib, xato va kamchiliklari aniqlanganda ular qabul qilishdan oldin bartaraf etilmoqda. Xususan, tuman va shahar hokimliklari tomonidan qabul qilingan 102 ta, shu jumladan, tuman va shahar hokimlari 2022 yil 15 yanvarga qadar mehnat ta’tilida bo‘lgan davrda qabul qilinishi rejalashtirilgan 24 ta qaror va farmoyish loyihalari qonunchilik talablariga javob bermaganligi sababli oldindan ko‘rib chiqilib, xato va kamchiliklari tuzatildi.

Afsuski, bu borada hamkorlik o‘rnatilganiga qaramay, tuman va shaharlar hokimliklarining norma ijodkorligi sohasidagi faoliyati o‘rganilganda, 200 ta xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi aniqlanib, ushbu kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida 12 ta taqdimnoma kiritilib, 12 ta qaror bekor qilindi, 12 qaror va 29 farmoyish muvofiqlashtirildi".