Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Hokimlarning yer ajratish to‘g‘risidagi 113 ta qarori prokurorlarning protest va taqdimnomalari bilan bekor qilindi

2019 yil viloyatimizdagi fermer xo‘jaliklari va klasterlar tomonidan 330 645 tonna boshoqli don, 178 087 tonna paxta xom ashyosi yetishtirildi. Meva-sabzavot ishlab chiqarish hajmi ham o‘tgan yillarga nisbatan ancha oshdi.

Bundan tashqari, 1099 gektar yerda yangi tokzorlar barpo qilish va ularda suv tejaydigan uskunalar joriy qilish uchun qaytarmaslik sharti bilan tashabbuskorlarga 7.3 milliard so‘m mablag‘ ajratildi.

Qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlash sohasida berilayotgan bu kabi imtiyoz va preferensiyalardan foydalanib, ro‘zg‘orini obod qilayotganlar bilan birga, yerni noqonuniy egallab, sotib boshqalar hisobidan boylik orttirish istagida bo‘lganlar ham uchrab turibdi.

Imi-jimida pulladim, deganlar qattiq yanglishishdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 17 iyundagi “Qishloq xo‘jaligida yer va suv resurslaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan joylarda mavjud ekin maydonlari xatlovdan o‘tkazildi.

Buning uchun mahalliy davlat hokimiyati organlari, prokuratura, yer resurslari va davlat kadastri, agroinspeksiya xodimlari, mahalla raislari, profilaktika inspektorlari va boshqa taalluqli idoralar, shuningdek, jamoatchilik vakillaridan iborat ishchi guruhlar tuzilgan.

Xatlov jarayoni ayrim hududlarda yerdan noqonuniy foydalanish holatlari hisobotlarda aks ettirilayotgan ko‘rsatkichlardan bir muncha ortiqligi, asosiysi, yaqin davrlarda barchaga xizmat qilgan ko‘plab ekin maydonlari ayrim fuqarolar tomonidan egallab olinib, noqonuniy tarzda qurilish qilinayotgani kuzatildi.

Jumladan, viloyat bo‘yicha 2482 holatda sug‘oriladigan 436,3 gektar ekin maydonida o‘zboshimchalik bilan turar-joy qurib olganlik holati aniqlangan. Shuningdek, 199 ta holatda 240,8 gektar yerdan o‘z bilganicha foydalanib kelingan, 199 holatda esa 1056 gektar yer noqonuniy ajratilgan.

Qonunbuzilish holatlariga qanday choralar ko‘rildi?

O‘tkazilayotgan tekshiruvlar davomida o‘zboshimchalik bilan egallangan 216,9 gektar yer maydonlarini bo‘shatish va noqonuniy qurilishlarni buzdirish to‘g‘risida sudlarga 1549 ta da’vo arizalari kiritildi. Shuningdek, o‘zboshimchalik bilan egallangan 10,6 gektar yer hokimliklar zaxirasiga qaytarildi.

Tuman va shahar hokimlari tomonidan 570,8 gektar yer ajratish to‘g‘risidagi 113 ta noqonuniy qarorlar prokurorlarning protestlari va taqdimnomalari bilan bekor qilinib, qonun ustuvorligi amalda ta’minlandi.

Huquqbuzarlarga nisbatan o‘nlab holatlarda ma’muriy qamoq va jarimaga tortish choralari qo‘llanildi. Huquqbuzarliklar kelib chiqishiga yo‘l qo‘ygan va bevosita yerlarning noqonuniy egalanishida aybdor bo‘lgan shaxslarga nisbatan 18 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov jarayonida hosildor yerlarni ishdan chiqargan shaxslardan 636,3 million so‘m zararlar undirildi.

Yerlarni noqonuniy egallash holatlarining oldini olish va aniqlash bo‘yicha xatlov ishlari izchil davom ettiriladi.

Xulosa qilishga vaqt bor

Qayd etish lozimki, bugungi kunda yerdan foydalanishning ahvolini aerokosmik tasvirga olish tizimi joriy qilingan, ushbu kuzatuv tizimi uy-joy qurishga yer uchastkasi ajratishda ham qo‘llanilmoqda. Ya’ni, yerdan foydalanishga doir har bir noqonuniy xatti-harakat o‘z vaqtida aniqlanadi.

Bundan tashqari, 2019 yilda Jinoyat kodeksi va boshqa qonun hujjatlarida yerlarni noqonuniy egallash holatlari bo‘yicha javobgarlik choralari kuchaytirildi.

Bu o‘zgarishlar doirasida yerni ixtiyoriy qaytargan va uning oqibatlarini bartaraf etgan shaxslarga, agarda ular tomonidan huquqbuzarlik oqibatlarini bartaraf qilish uchun faollik ko‘rsatilganda, javobgarlikdan ozod qilish tartibi joriy qilingan.

Ulug‘bek HAMDAMOV,

Samarqand viloyati prokurori o‘rinbosari.