Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Hozirgi vaziyatda O‘zbekistonda epidemiya holati e’lon qilinishi kerakmi?

Bugun AOKA shtabida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktori Bahrom Almatov ishtirokida brifing bo‘lib o‘tdi.

Brifingda “Mamlakatda koronavirus kasalligi tarqaldi, epidemiya deb e’lon qilish kerak”, degan e’tirozli mazmundagi savolga B.Almatov javob berdi.

“Aslida epidemiya deb e’lon qilish uchun mavjud aholining, ya’ni istiqomat qilib turgan aholining 1 foizdan ortiq qismi, qatlami kasallangan bo‘lishi kerak. Bizda 34 million aholimiz bor. Qayd qilingan kasallik boshqa davlatlar bilan solishtirganimizda judayam past ko‘rsatkich hisoblanadi. Chunki mamlakatimizda kasallik dunyoda tarqalishni boshlagandan beri hukumatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan profilaktik, epidemiologik chora-tadbirlar samarasi o‘laroq, bugungi kunda epidemiologik vaziyatning barqarorligi ta’minlanib turibdi. Lekin ushbu epidemiologik vaziyatga aholining, har bir fuqaromizning ham o‘zining majburiyati, javobgarligi bor. Shuni to‘g‘ri tushungan holda hukumatimiz tomonidan joriy qilingan tartiblar, tadbirlar, tavsiyalarga to‘liq amal qilsak, mamlakatda ushbu kassallik qisqa muddatda bartaraf etilib, epidemiologik vaziyatning barqarorligi, osoyishtaligi ta’minlangan bo‘ladi”, deya javob berdi Almatov.