Ibratli hikoya: Hayitlik rizqi

Qurbon hayiti oldidan o‘rtahol oila boshlig‘i jonliq olish uchun bozorga bordi. Semiz, chiroyli, ko‘nglidagidek qo‘yni sotib oldi.

So‘ng yonidagi og‘aynisiga:

- Do‘stim, iltimos, bu qo‘yni uyimga olib boring! Mening zarur ishlarim bor. Ulgurmay qolaman, - dedi. 

Og‘aynisi qo‘yni olib do‘stining uyi tomon ketdi. Manzilga yetganda do‘stining uyi bilan qo‘shnisining uyi juda o‘xshash bo‘lgani uchun adashtirib va Allohning hikmati bilan qo‘shnisining uyiga qo‘yni tashlab ketdi. Xayolidan ko‘tarilib, jonliq kimniki ekanligini aytmasdan jo‘nadi.

U qo‘yni bergan manzil ahli juda faqir yashardi. 

- Ey Alloh, qaysidir solih kishining qalbiga solibdi-da, bizga ehson qilibdi, - deyishibdi ular. 

Qo‘y egasining ayoli qo‘shnilarini ko‘rib:

- Tovba, bularning o‘zi bir ahvolda yashashsa, qo‘yga qayerdan pul topishdi ekan, - debdi.

Kech tushibdi. Oila boshlig‘i ishdan qaytibdi. Farzandlari, ayoli uni odatdagiday kutib oldi. Uyda qurbonlik shukuhi yo‘q edi.

Ayolidan:

- Do‘stim qo‘y olib kelishi kerak edi, bugun sotib olgandim, qani? - deb so‘radi.

Ayoli:

- Ha, aytdim-a-a-a. Qo‘shnimizning qo‘y olganini ko‘rdim, do‘stingiz o‘shalarga tashlab ketibdi-da! Boring, qo‘yimizni keltiring! - dedi.

- Qo‘ysang-chi, xotin! Ularning farzandlari rosa suyungandir. Men qanday qilib ularning quvonchini tortib olay? - debdi.

Ertasi kuni tong otishi bilan u kishi yana bozorga bordi. Qarasa, bir sotuvchi qo‘ylarini joylashtirayotgan ekan.

- Ey Allohim, zora shu kishining birinchi xaridori bo‘lsam, menga arzonroqqa yaxshiroq qo‘y bersa, - deb oldiga boribdi.

Shunday sotuvchi:

- Yo‘lda kelayotganimda qo‘ylarim bilan baxtsiz hodisaga uchradik. Allohga shukur, men ham, jonivorlarim ham omon qoldik. Salomat qolganimizning shukronasiga Alloh uchun birinchi kelgan xaridorga eng yaxshi qo‘yimni bepul berishga nazr qildim. Qani birodar, tanlang! Istaganingizni oling! - dedi.

Haligi kishi quvonchini yashirolmay:

- Subhanalloh, Allohim, bunchalar mehribonsan, - deb yuboribdi.

Arabchadan Ummu Abdulloh tarjimasi.