Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Ibratli voqea: Onaizor

Toji momo kenjasi Hakimjon bilan turadi. Choli olamdan o‘tgach, kamgap, xayolchan, bukchayib, mushtdekkina bo‘lib qoldi. Tez-tez tobi qochadi. Yuragi xuruj qilib, nafasi siqiladi.

Issiq-sovuqdan kamchiligi yo‘q. Xudoga shukur, davlat berayotgan nafaqasi dori-darmoni, kam-ko‘stiga yetib turibdi. O‘g‘li Hakimjon, kelini baraka topsin, hech narsaga zoriqtirmaydi, mehribon, g‘amxo‘r, duosini olishga intiladi. Iloyo, qo‘sha qarib, bolalarining kamolini ko‘rishsin!

Ammo momoning ko‘ngil g‘ashligi yozilmaydi. To‘ng‘ichi Salimni sog‘inadi. Deraza yonida ko‘chaga termulib, kunni kech qiladi. Biroq onaizor Salimning xayoliga ham kelmaydi. Bolaligidan erka, yalqov bo‘lib o‘sdi. Ishga bo‘yin yor bermaydi, maktabda ham yolchitib o‘qimadi, biror hunarning boshini tutmadi.

Otasi «Balki mustaqil yashasa, o‘zini o‘nglab ketar», deb uylantirdi, bir ko‘cha nariga hovli-joy qilib, ko‘chirib qo‘ydi. Yo‘q, o‘zgarmadi, mardikorlik qilib kun kechiradi, topganini xotini amallaydi, eridan nolimaydi. Shunisiga ham shukur, pul topaman deb allaqayerlarga uloqib ketmaydi. Otasi tirikligida hafta-o‘n kunda kelib turardi. Toji momo nevaralarimning oldiga quruq bormasin, deb qand-qurs tugib berardi. Otasining ma’rakalari o‘tgach, qadami uzildi. Ishqilib boshi omon bo‘lsin, ko‘zi ochiqligida diydoriga to‘yib ketsa, armoni yo‘q. Toji momo shu xayollar bilan o‘ziga taskin beradi.

Salim qo‘shni qishloqda paxsa urayotgan edi. Hakimjon qo‘ng‘iroq qilib qoldi.

- Aka, qayerdasiz, qo‘ng‘iroq ham qilmaysiz, qo‘ng‘iroqqa javob ham bermaysiz.

- Ish ko‘p. Ha, nima gap? - ensasi qotdi Salimning.

- Onam yuragi xuruj qilib, kasalxonada yotibdi, tuni bilan mijja qoqmasdan sizni so‘rab chiqdi. Kelmasangiz bo‘lmaydi.

- Ahvoli yaxshimi?

- Og‘ir! Tong sahar hushidan ketdi.

- Bo‘pti, boraman! - Salim norozi to‘ng‘illab, telefonni o‘chirdi.

«Yana ishim chala qoladigan bo‘ldida, zo‘rg‘a topuvdim. Tuproq yaxshi chiqmay, muddati o‘tib boryapti…», dedi o‘ziga-o‘zi.

Salim yetib borganida onasi hushsiz yotar, Hakimjon qo‘lida piyola, dokani ho‘llab, og‘ziga suv tomizib turardi. Ko‘zlari yumuq, rangi bo‘zdek oqarib ketgan behush onasini ko‘rib, yuragi ezildi. Baribir farzand-da, qalbining allaqayerida mudroq bosgan o‘g‘illik tuyg‘usi uyg‘ongandi.

- Do‘xtirlar nima deyishyapti?

- Qo‘llaridan kelgancha qarashyapti, yolg‘iz qoldirmang, deyishdi, - Hakimjonning ko‘zlari yoshlanib, yig‘lamsiradi.

- Mana bu pulni ol, dori-darmonga ishlatasan, nasib bo‘lsa, o‘ziga kelib qolar. Sen ko‘z-quloq bo‘lib tur, men chala ishimni bitirib kelaman.

Hakimjon pulni olmadi.

- Pulim bor, aka, oqshom yonimda qolsangiz bo‘lardi. Onam hushiga kelib, sizni ko‘rsa quvonardi. Kech bo‘lib qoldi, baribir tunda ishlamaysizku!

Salim onasiga termuldi: «Ishqilib sog‘ayib ketsinda».

- Bo‘pti uka, bormasam bo‘lmaydi. Ertalab xabar olaman! - Salim xo‘rsinib, Hakimjonni yelkasiga urib qo‘ydi.

Ertalab onasi jon berganini eshitib, halloslab dafn marosimiga zo‘rg‘a yetib keldi.

- Akajon, onamdan ayrilib qoldik! - Hakimjon ho‘ngrab, uni quchoqladi. - Aka, akajon, endi onamsiz nima qilamiz?

Salim ko‘ngli vayron bo‘lib, ich-ichidan o‘zini koyidi: «Sen ham farzandmisan, bunchalar toshbag‘ir bo‘lmasang, onaizor seni qanchalik yaxshi ko‘rardi. Boshi yostiqqa tekkanida og‘ziga bir tomchi suv tomizishga yaramading, diydoringni bir ko‘rishga zor bo‘lib ketdi-ya! Nobakor o‘g‘lingizni kechiring, onajon, kechiring».

Ammo endi Salimning tavba-tazarrusini eshitadigan ham, kechiradigan ham volidayu tabarrugi yo‘q edi. Ukasini bag‘riga bosib, yelkalari silkinib, o‘ngsiz o‘ksib-o‘ksib yig‘ladi.

- Soloti janoza! Soloti janoza! - Oqsoqolning ovozidan o‘ziga kelgan Salim tobut yonida janoza o‘qishga taraddudlangan imom ortidagi qatorga o‘tdi.

Tog‘aymurod Shomurodov.