Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Ichki ishlar idoralariga qanday tartibda ishga kiriladi?

Ichki ishlar tizimi qat’iyat va talabchanlik suv bilan havodek zarur bo‘lgan sohalardan biri. Shu bois mazkur tizimda faoliyat olib borish xodimdan katta mas’uliyat talab qiladi.

Viloyat IIB kadrlar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, podpolkovnik Jonibek Davronov bilan sohaga kadrlar tanlash mezonlari va nomzodlarga qo‘yiladigan talablar haqida suhbatlashdik.

– Keyingi yillarda tizimda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi, – deydi J.Davronov. – Davlatimiz rahbarining 2018 yil 23 avgustda qabul qilingan “Ichki ishlar organlari boshqaruv, nazorat va shaxsiy tarkib bilan ishlashning samarali tizimini joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida soha xodimlarining vazifa va funksiyalari aniq belgilab berildi.

– Oliy ta’lim muassasasini tugatgan yoki harbiy xizmatni o‘tab qaytgan yigitlarning aksariyati shu sohada ishlash istagida bo‘ladi. Aytingchi, tizimga ishga kirish uchun fuqarolar necha yoshda bo‘lishi kerak?

– Ichki ishlar organlariga kadrlar tanlov asosida qabul qilinadi. Bu ixtiyoriy tartibda amalga oshiriladi. Amaldagi tartibga ko‘ra, ichki ishlar idoralariga shaxsiy va ishchanlik sifatlari, sog‘lig‘ining holati va jismoniy tayyorgarligi bo‘yicha xodimning xizmat majburiyatlarini bajarishga qodir bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari qabul qilinadi.

Yosh chegarasiga kelsak, o‘n sakkizdan kichik va o‘ttiz yoshdan katta bo‘lmagan fuqarolar, shu jumladan, o‘ttiz yoshdagi fuqarolar ham tanlovda qatnashish huquqiga ega. Yanayam aniqroq aytadigan bo‘lsak, o‘ttiz yoshga to‘lganiga 11 oy bo‘lgan fuqaro ichki ishlar organlarida ishlash uchun murojaat qilsa va belgilangan mezonlarga mos kelsa, uning arizasi qanoatlantiriladi.

Bundan tashqari, ichki ishlar idoralariga bo‘yi 165 santimetrdan past bo‘lmagan erkaklar va 160 santimetrdan past bo‘lmagan ayollar qabul qilinadi.

– Ko‘pchilikda ichki ishlar idoralariga ishga kirish har doim murakkab bo‘lgan, degan e’tirozlar uchraydi. Ishga kirishga da’vogar ko‘p hujjat  tayyorlab topshirishi kerak, deyishadi. Bu qanchalik asosli?

– Tanlovlarni tashkil etish va o‘tkazish, shuningdek, nomzodlarning shaxsiy hujjatlari yig‘ma jildlarini rasmiylashtirish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri tomonidan belgilanadi.

Shu o‘rinda bir jihatni alohida ta’kilash lozim. Ilgari ayrim hollarda hujjatlar yig‘ib bo‘lingandan so‘ng ishga qabul qilish yoki rad etish olti oygacha cho‘zilgan vaqtlari ham kuzatilgan. Prezidentimizning “Ichki ishlar organlari boshqaruv, nazorat va shaxsiy tarkib bilan ishlashning samarali tizimini joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bunday tushunmovchiliklarga barham berdi. Qaror bilan arizalarni qabul qilish jarayoni, shifokor ko‘rigidan o‘tish vaqtlari belgilab berilgan. Shuningdek, ariza bergan fuqaroga 40 kun ichida ishga qabul qilingani yoki rad etilgani to‘g‘risida javob berilishi ham ko‘rsatilgan.

– Bugungi kunda ichki ishlar organlariga ishga kirish uchun nomzoddan qanday hujjatlar talab qilinadi?

– Ishga kirish istagini bildirgan fuqarolar doimiy yashash joyi bo‘yicha ichki ishlar organlariga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi: pasport nusxasi (aslini ko‘rsatgan holda), tug‘ilganlik haqida guvohnoma nusxasi, FHDYo organlaridan ma’lumotnoma, ariza, yaqin qarindoshlarining pasport nusxalari, nikoh qayd etilganligi yoki bekor qilinganligi, qarindoshlarining o‘limi haqidagi guvohnomalari nusxalari taqdim qilinadi.

Bundan tashqari, nomzodning fotosurati, tarjimai holi, o‘qish, ish va yashash joyidan tavsifnoma hamda ma’lumotnoma, o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar yoki oliy ma’lumotni tasdiqlovchi hujjatlaridan nusxalar va albatta, harbiy guvohnoma talab qilinadi.

– Barcha hujjatlar taqdim qilingach, nomzod qanday sinovlardan o‘tadi?

– Nomzod birinchi navbatda, suhbat, psixologik test va umumjismoniy tayyorgarlik bo‘yicha sinab ko‘riladi. Sinovlar tegishli mutaxassislar tomonidan o‘tkaziladi.

Tanlov suhbat, psixologik test va umumjismoniy tayyorgarlik darajasini baholashning umumlashtirilgan natijalariga ko‘ra yakunlanadi.

- Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat.

Bahriddin XONKELDIYeV suhbatlashdi.