Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Ichkilikbozlik ortidan qaynota kuyovini pichoqlab qo‘ydi

Kogon shahrida yashovchi O‘lmasbek (ismlar o‘zgartirilgan) otasinikiga arazlab ketgan xotinini olib kelish uchun yo‘lga chiqdi. Yo‘l-yo‘lakay “tetikroq” bo‘lish uchun ikki yuz gramm “otib oldi”.

Eshonjon aka kuyovini xush-xandon kutib oldi. Dasturxon tuzaldi. Ikkalasi anchagacha otamlashib o‘tirdi.

Buyog‘iga qaynota va kuyov avval og‘zaki aytishib, “chigalyozdi” qilishdi. So‘ng kutilmagan voqea yuz berdi. Eshonjon aka jahlga erk berdi. Dasturxonda turgan pichoqni olib, O‘lmasbekning chap ko‘kragiga sanchdi. Ikkinchi marotaba urmoqchi bo‘lganida esa... dodlab yubordi.

Qo‘shni xonada qaynota-kuyovga xalaqit bermaslik uchun ona va qiz dardu hol qilib o‘tirishgandi. Eshonjonning o‘kirigi ularni bezovtalantirdi. Chiqib qarashsa...

Shifokorlarning sa’y-harakati bilan O‘lmasbekning hayoti saqlab qolindi.

O‘lmasbek surishtiruv paytida jarohatni o‘zi yiqilib orttirganini ma’lum qildi. Biroq guvohlarning ko‘rsatmalari va ekspertlarning xulosasiga ko‘ra, ushbu jarohat o‘tkir tig‘li jism orqali yetkazilganligi aniqlandi.

"Postda.uz" nashrining yozishicha, mazkur holat yuzasidan ayni paytda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Xalqimiz uchun sinovli kunlar davom etayotgan hozirgi kunda bir-birimizni qo‘llab, mehrli bo‘lish o‘rniga, ichkilikbozlik ortidan janjallashish, jinoyatga qo‘l urishni hech bir sabab bilan oqlab bo‘lmaydi. Qonun esa barchaga barobar.