Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

IIV: “Hurriyat” gazetasida chop etilgan “Yolg‘iz ayolga zo‘g‘im” nomli maqola o‘rganildi

2019 yil 9 oktyabr kuni “Hurriyat” gazetasining 36-sonida chop etilgan “Yolg‘iz ayolga zo‘g‘im” nomli maqola chop etilgan. Mazkur maqolada keltirilgan holatlar IIV tomonidan o‘rganildi va natijalar ma’lum qilindi.

Aniqlanishicha, aslida 2019 yil 9 mart kuni viloyat hokimi rahbarligida Qorovulbozor tumani 18-bolalar musiqa va san’at maktabi binosida hokimiyat ishchi guruhi a’zolari bilan yig‘ilish o‘tkazilgan. R.Musurmonova shu kuni soat 11:45 da maktab binosiga kelib, yig‘ilish zaliga kirmoqchi bo‘lganida, tuman hokimiyati, prokuraturasi va IIB xodimlari zalda hokimiyat ishchi guruhi a’zolari bilan yig‘ilish boshlanganligi va yig‘ilishga xalaqit bermasligini tushuntirib, viloyat hokimini tashqarida kutib turishi mumkinligi haqida aytgan.

Biroq R.Musurmonova IIB xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan jamoat tartibini buzganligi uchun Qorovulbozor tumani Cho‘lquvar MFY binosiga olib borilib, u bilan tushuntirish ishlari olib borilgan. Shunga qaramasdan, R.Musurmonova mahalla raisi bilan janjallashgan. Yuqoridagi holatlar tegishli tartibda rasmiylashtirilib, to‘plangan hujjatlar qonuniy qaror qabul qilish uchun Qorovulbozor tumani ma’muriy sudiga taqdim qilingan.

2019 yil 25 mart kuni Qorovulbozor tumani ma’muriy sudi tomonidan R.Musurmonovaga nisbatan to‘plangan hujjatlar ko‘rib chiqilib, fuqaro R.Musurmonova O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 194-moddasi 1-qismi, 195-moddasi va 40-moddasida ko‘rsatilgan huquqbuzarliklarni sodir qilganlikda aybli, deb topilgan.

Shuningdek, 2019 yil 24 iyun kuni fuqaro R.Musurmonova IIVning virtual qabulxonasiga murojaat qilib, 2019 yil 9 mart kuni Qorovulbozor tumanida Buxoro viloyati hokimining sayyor qabuliga kelgan vaqtida uni IIB xodimlari sayyor qabulga kirishiga to‘sqinlik qilib, qo‘pol munosabatda bo‘lganliklarini bildirgan.

R.Musurmonovaning IIV virtual qabulxonasiga yo‘llagan ushbu murojaati yuzasidan o‘tkazilgan xizmat tekshiruvi xulosasi yakuni bilan R.Musurmonovaning murojaatidagi vajlari o‘z tasdig‘ini topmaganligi hamda shu yerda bo‘lgan xodimlar tomonidan xizmat intizomi va qonun talablari buzilmagan, deb topilgan.

Fuqaro R.Musurmonovaning yashash joyi o‘rganilganida, u o‘z manfaatlari yo‘lida mavjud muammolarini ijobiy hal qilish maqsadida mansabdor shaxslarga tuhmat qilib, yuqori turuvchi idoralarga ariza bilan murojaat qiluvchi fuqaro sifatida ta’riflanganligini inobatga olib, 2019 yil 11 oktyabr kuni IIV tezkor-ma’lumotlar bazasidan tekshirilganida, R.Musurmonova shunday holatlar bilan bog‘liq 3 marotaba ma’muriy va 2 marotaba jinoiy javobgarlikka tortilganligi aniqlandi.

Misol uchun, R.Musurmonova 2011 yil 31 iyul kuni mayor F.Shodiyevga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘rab, Qorovulbozor tumani prokuraturasiga yozgan arizasi yuzasidan to‘plangan hujjatlar Qorovulbozor tumani ma’muriy ishlar bo‘yicha sudi tomonidan ko‘rib chiqilganida, sud jarayonida R.Musurmonova mayor F.Shodiyevga tuhmat qilganligi o‘z tasdig‘ini topgan.

2013 yil 18 iyul kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Kogon tumani sudi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi (tovlamachilik) 1-qismida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topilib, unga 2 yil 6 oy muddatda axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan.

2018 yil 27 may kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Qorovulbozor tumani sudi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 139-moddasida ko‘rsatilgan (tuhmat) jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topilib, jinoiy javobgarlikdan ozod qilingan.