Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lmagan yuridik iste’molchilarga tabiiy gaz yetkazish vaqtincha to‘xtatiladi

Energetika vazirligi xabariga ko‘ra, kecha, 25 yanvar kuni sodir bo‘lgan Markaziy Osiyo yagona elektr tarmog‘idagi avariya oqibatida mamlakatimizdagi gaz qazib olish konlari va uni qayta ishlash zavodlarida texnologik jarayonlarning buzilish holatlari kuzatilmoqda. Bu esa, o‘z navbatida gaz ishlab chiqarish hajmining kamayishiga olib kelgan.

“Xabaringiz bor, kecha, 25 yanvar kuni soat 10:57 da Markaziy Osiyo yagona elektr tarmog‘ida katta avariya bo‘lishi oqibatida mamlakatimiz hududlarida elektr energiya ta’minotida o‘chishlar yuzaga kelgan edi.

Shundan so‘ng, Prezidentimiz topshiriqlariga binoan elektr energiyasi ta’minotida yuzaga kelgan nosozliklar sababini aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha Bosh vazir huzurida hukumat komissiyasi tuzildi. Komissiya tomonidan birinchi navbatda generatsiya jarayonini tiklash vazifasi qo‘yilib, sodir bo‘lgan nosozliklar sabablarini aniqlash, elektr ta’minotining barqarorligini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqish hamda zudlik bilan amalga oshirish yuzasidan qator vazifalar yukladi.

Umumtizimda kuzatilgan yirik nosozliklar mutaxassislar tomonidan bartaraf etilib, respublikamizning yagona elektr tarmog‘iga quvvat uzatilish boshlandi.

Bugun, soat 09:30 holatiga ko‘ra respublikamizda elektr energiyasi ta’minoti 70% ga tiklangan.
Bunda, birinchi navbatda aholi iste’molchilari va ijtimoiy soha ob’yeklari elektr energiyasi bilan ta’minlandi.

Shuni ham aytib o‘tishimiz kerakki, yuzaga kelgan nosozliklar sababli mamlakatimizdagi mavjud gaz qazib olish konlari va uni qayta ishlash zavodlarida texnologik jarayonlarning buzilish holatlari kuzatilmoqda. Bu esa, o‘z navbatida gaz ishlab chiqarish hajmining kamayishiga olib kelmoqda.

Shu sababli, issiqlik elektr stansiyalarida gaz bosimining kamayishi kuzatilmoqda va bu elektr energiyasini ishlab chiqarish hajmiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Iste’molchilarni elektr energiyasi bilan barqaror ta’minlash maqsadida, ishlab chiqarilayotgan tabiiy gaz to‘liq hajmda issiqlik elektr stansiyalari, ijtimoiy soha ob’yektlari va aholi iste’molchilariga yo‘naltiriladi.

Shu munosabat bilan, bugundan boshlab avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor stansiyalari faoliyatiga vaqtinchalik cheklovlar kiritiladi. Shu bilan birgalikda, boshqa ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lmagan yuridik iste’molchilarga ham tabiiy gaz yetkazib berish vaqtincha to‘xtatiladi”, deyiladi vazirlik xabarida.