Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘rinmayotganimiz, ishlamayotganimizni bildirmaydi

Joriy yilning 11 oktyabr kuni Zarnews.uz saytida e’lon qilingan “Zarafshon” gazetasi muxbiri Yoqub Gadoyevning “Saylovlarda qaysi partiya ko‘proq imkoniyatlarga ega?” sarlavhali maqolasidagi ayrim fikrlarga O‘zLiDeP Samarqand viloyati kengashi munosabat bildirdi.

Unda shunday deyiladi:

“Bugun O‘zbekistonda so‘z erkinligi, fikrlar xilma-xilligi, fuqarolarning qarashlarini ochiq-oshkora ifoda etishni amalda ta’minlash uchun barcha shart-sharoit yaratilgan. Ammo bu xohlagan gapni gapirish, degani emas, balki aytilgan har bir so‘z, bildirilgan fikrning asosli bo‘lishi uchun  mas’uliyatli bo‘lish talab etiladi.

O‘zLiDeP Samarqand viloyati kengashi joriy yilning 11 oktyabr kuni Zarnews.uz saytida e’lon qilingan “Saylovlarda qaysi partiya ko‘proq imkoniyatlarga ega?” sarlavhali maqola faktlarga tayanmasdan yozilgan, deb hisoblaymiz.

Maqolada muallif Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi haqida fikr yuritar ekan,  mamlakatda yetakchi partiya ekanligi e’tirof etgan: “Bunga ularning saylovoldi dasturi yoki taniqli siyosiy yetakchilarga egaligi sabab bo‘lgani yo‘q. O‘zLiDePning boshqalarga nisbatan ustunligi shundaki, mamlakatning amaldagi Prezidenti aynan shu partiyadan ko‘rsatilganligidadir”.

Vaholanki, partiyaning yetakchiligi - Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, viloyat, tuman va shahar kengashlariga o‘tkazilgan saylovlarda g‘alaba qozongan deputatlar va a’zolar soni bilan belgilanadi. O‘zLiDeP tashkil etilganidan buyon 3 marotaba saylovlarda qatnashgan bo‘lsa, ularning barchasida katta farq bilan g‘alaba qozongan.

Jumladan, oxirgi 2014 yilda o‘tkazilgan saylovlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi 135 ta siyosiy partiyalar deputatlik o‘rinlarining 52 tasi, ya’ni 38,5 foizi O‘zLiDePdan saylangan. Shu yili xalq deputatlari viloyat kengashiga saylangan 60 ta deputatning 25 tasi, ya’ni 41,6 foizini O‘zLiDePning nomzodlari egallagan. Bugun partiya a’zolari soni respublika miqyosida 700 mingdan ortiq bo‘lsa, ularning viloyatdagi soni 100 mingdan oshdi.

Maqolada, shuningdek, o‘tgan galgi saylovlarda viloyatimizdan parlament quyi palatasiga 14 nafar deputat saylangani, 3 nafar deputatlar  ijro hokimiyatiga ishga o‘tganligi bois deputatligi tugatilganini bayon qilar ekan, viloyatimizdan saylangan boshqa deputatlarni yaqin o‘rtada viloyatda uchratmaganligini aytadi.

Ushbu ma’lumot bo‘yicha ham muallifga O‘zLiDeP Samarqand viloyati kengashining e’tiroz borligini ma’lum qiladi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi O‘zLiDePdan saylangan deputatlar har oyning oxirgi haftasida 3-4 kun Samarqand viloyatidagi saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazadi.

Masalan, 2019 yilning o‘tgan davri mobaynida aholi bilan o‘tkazgan uchrashuvlari jarayonida 58-Past Darg‘om saylov okrugidan saylangan deputat To‘lqin Eshnazarovga 200 ga yaqin murojaat kelib tushgan. Mazkur murojaatlar yuzasidan tegishli tashkilotlarga 50 dan ortiq deputatlik so‘rovlari yo‘llangan va deputat tomonidan “Juma-Qarshi” yo‘lining 22 kilometrini ta’mirlash Davlat dasturiga kiritilib, kapital ta’mirlanmoqda. Yana, Past Darg‘om tumani Zangiboy MFY yopilib ketgan qishloq vrachlik punktini qayta tashkil qilib, ta’mirdan chiqarilishi, Mash’al mahallasidagi QVPni qishloq oilaviy poliklinikasiga aylantirish va kapital ta’mirlash, shu mahalladagi tadbirkorga davlat-xususiy sherikchilik asosida bog‘cha qurish uchun yer ajratish, O‘rta Chimboy MFYda 150 o‘rinli bog‘cha qurilishi bo‘yicha kelib tushgan murojaatlarga ko‘ra, deputat tomonidan tashabbus ko‘rsatilgan. Bundan tashqari, 10 dan ortiq murojaatchilarning salomatligini tiklashda deputatlik so‘rovi asosida amaliy ko‘mak berilgan.

51-Sug‘diyona saylov okrugidan saylangan deputat Adham Shodmonov Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi rahbari, O‘zLiDeP fraksiyasi rahbari lavozimida faoliyat ko‘rsatmoqda. A.Shodmonov tomonidan oxirgi 9 oy mobaynida 100 ga yaqin murojaatlar kelib tushgan bo‘lib, turli tashkilot va idoralarga tadbirkorlarning muammolarini hal etish, ularga kreditlar ajratish va boshqa bir qator ijtimoiy muammolarni hal etish borasida 40 ga yaqin deputatlik so‘rovlari chiqarilgan. Bularning barchasi ijobiy hal etilgan. Ayrim murojaatlar yuzasidan huquqiy maslahatlar va ko‘rsatmalar berilgan.

O‘zLiDeP deputatlari tomonidan ijobiy hal etilgan muammmoli masalalalar partiyaning rasmiy veb-sayti uzlidep.uz, Zarnews.uz saytlari shuningdek, “Zarafshon” va “XXI asr” gazetalari va partiya viloyat kengashining ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarida muntazam yoritib boriladi”.

O‘zLiDeP Samarqand viloyati kengashi matbuot xizmati.