Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Ikki daqiqada suv bosib, ikki yillik issiqxonamda qilgan mehnatim yakson bo‘ldi. Endi uning zararini kim qoplaydi?

Nafaqaga chiqib bekor o‘tirolmadim. 2017 yil "Agrobank" Payariq tuman filialidan kredit olib, hovlimda ikkita issiqxona tashkil qildim. Qolaversa, hukumatning o‘zi issiqxona, parrandachilik va qoramolchilik kabi kichik biznesni qo‘llab turibdi. Bank ham muammo qilgani yo‘q, aksincha, Turkiyadan limon va mandarin ko‘chatlarini o‘zlari olib kelib tarqatishdi. Xullas, ishni oson boshladim. 

Ikki yil astoydil mehnat qildim, parvarishladim, yoz oylarida suvni sotib oldim. Ko‘chatlar yaxshi rivojlanib, hosilga kirdi. Ko‘chatlar ostiga ko‘kat ekib, daromad ham ola boshladim. Qilgan ishimdan, mavjud imkoniyatlardan xursandligimdan o‘z-o‘zimga sig‘mayman... Ammo, bu xursandchilik muammo paydo bo‘lguncha ekan, tadbirkorning boshiga bir ish tushsa, ancha-muncha amaldor unga yordam qo‘lini cho‘zavermasligini hali bilmasdim.

2018 yil 5 noyabrga o‘tar kechasi men uchun fojia sodir bo‘ldi. Ertalab chiqib qarasam ikkita qo‘shnim va mening tomorqam bir metr suv bilan qoplangan. Bir sotixdan iborat ikkita issiqxonam ham suvga to‘la. Tezda miroblarga telefon qilib, Beklar arig‘idan kelayotgan suvni yoptirdik. Ammo, 1,5 metr chuqurlikdagi issiqxonam suvga to‘lib qolgan, tezda suvni olmasak, ko‘chatlarimdan ayrilib qolishim mumkin. Ikki yillik mehnatim axir. Yordam so‘rab tuman hokimligiga yugurdim. Baxtimga hokim xonasida ekan, dardimni eshitgach, o‘rinbosarlariga tezda o‘t o‘chirish mashinasini chaqirtirib, suvni chiqarishni buyurdi. Ko‘zimdan yosh chiqib ketay dedi. Afsuski, yana adashibman, o‘rinbosarlar har doim ham hokimning aytganini qilavermas ekan. Bir soatdan keyin hokimlikning Odil ismli vakili keldi. Uning xodimlari nasos bilan suvni chiqara boshlashdi. Bu nasos bir soatda bir tonna suv chiqararkan, issiqxonamdagi suv esa ming tonna chiqsa kerak! Kulishni ham, yig‘lashni ham bilmayman. O‘t o‘chirish mashinasi qani desam, "Ana keladi, mana keladi"...

Uch soat vaqt o‘tdi. Issiqxona devorlari quladi, temir karkas qiyshayib sinib ketdi, plyonkalar yirtildi. Ko‘chatlarim loy ostida qoldi. Yashirmayman, yig‘lab yubordim.

Agar hokimning buyrug‘i bajarilib, o‘t o‘chirish mashinasi kelganida edi, issiqxonamni saqlab qolardik. Darvoqe, suv chiqarayotgan vaqtda kanalga Beklar arig‘idan yana suv kelib tosha boshladi. Yana hokimlikka yugurdim. Axir boshqa kimga yuguramiz, Prezidentning o‘zi aytib turibdi, hokimlik xalqqa xizmat qiladi, deb. Bu safar hokimlikdagi Sh.Toshpo‘latov degan kishiga uchradim. U esa menga do‘q ura ketdi: "Hokimiyat suvlaringni yopib bermaydi, trubangni tozalab bermaydi!" Hafsalam pir bo‘lib o‘zim yashaydigan "Go‘zal" mahalla fuqarolar yig‘iniga bordim. Hartugul, rais N.Ochilova odam topib, suvni yoptirib berdi. Ahvolni o‘rganishdan ham erinmadi. Kanaldagi suv toshqini sababi quvurlarning loyga to‘lib qolgani ekan. Bu kanaldan foydalanadigan fermerlar esa tozalashni xayoliga ham keltirmaydi. Kimlarningdir o‘z ishiga sovuqqonligi, e’tiborsizligi sabab boshqalar zarar ko‘ryapti. Kamiga gazta’minot idoralari xodimlari ham ayrim iste’molchilarga ana shu suv quvuri ichidan (!) gaz o‘tkazib berishgan ekan. Xullas, har kim bilganini qilib kelgan. Fermerlar va gazta’minotchilarning mas’uliyatsizligi menga qimmatga tushdi. Millionlab zarar ko‘rdim. Undan ham yomoni, shuncha yillik mehnatim havoga uchdi.

Alam qiladi, o‘zimcha o‘ylayman, shu hokimlikda o‘tirganlarning o‘z hovlisida yoki biror qarindoshinikida suv toshsa ham tomoshabin bo‘lib turarmidi. Qachongacha oddiy xalqqa bepisand munosabat saqlanadi?

 Amriddin HIMMATOV,

Payariq shahri.

TAHRIRIYATDAN: Payariq tumani hokimligi tomonidan mazkur muammo o‘rganib chiqilishiga umid bildiramiz. Toki ariq va kanallar qarovsiz, muammo to‘liq bartaraf etilmas ekan, Amriddin Himmatov va u kabi fuqarolar yurak yutib issiqxona tashkil etolmasligi aniq. Tahririyat yana bir savolga javob kutadi: tadbirkor ko‘rgan zararni kim qoplab beradi?