Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Ikki oyda Samarqandda 17 mingdan ortiq ko‘chat ekiladi

2020 yil bahor mavsumida viloyatimiz hududlariga qancha manzarali, mevali daraxt va butalar ekiladi? Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 29 yanvardagi farmoyishiga asosan, viloyat hokimining 2020 yil 3 fevraldagi farmoyishida shunday reja belgilandi.

Farmoyishga ko‘ra, viloyatimizning 16 ta tuman-shaharlarida 20 fevraldan 20 aprelgacha kashtan, Qrim qarag‘ayi, lola daraxti, eman, virgin archasi, Sharq tuyasi, yapon saforasi, katalpa, shumtol, qayrog‘och, tut, zarang, akatsiya, terak, yong‘oq va boshqa turdagi 17 mingdan ortiq manzarali, mevali daraxt va buta ko‘chatlari hamda qalamchalari ekiladi.

Ko‘chatlarning asosiy qismi “Obod qishloq” va “Obod mahalla” davlat dasturiga kiritilgan qishloq va mahallalar, umumfoydalanishdagi avtomobil yo‘llari yoqasiga, qishloq xo‘jaligi maydonlarida ixota daraxtzorlar barpo etiladigan yerlar, ijtimoiy soha ob’yektlari hududi, xiyobonlar, ko‘chalar, fermer xo‘jaliklari yer maydonlari chetlariga ekiladi.

Ekiladigan ko‘chatning asosiy qismi o‘rmon xo‘jaliklari, hududiy obodonlashtirish boshqarmalari, ko‘chatchilik fermer xo‘jaliklari, akademik M.Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ITIning hududiy filiali va xo‘jaliklardan olinadi va ko‘chatlar ekish ishlariga 150 million 577 ming so‘m mablag‘ sarflanadi.