Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Sankt-Peterburgda ikki o‘zbekistonlik ishchi lift shaxtasiga tushib ketdi

Sankt-Peterburg shahridagi Bosh konsulxonasi 28 avgust kuni Leningrad viloyati Kronshtadt shahridagi qurilish maydonlaridan birida 4 nafar ishchi, jumladan, ikki nafar O‘zbekiston fuqarosi B.B. va K.B. lift shaxtasiga tushib ketgani to‘g‘risida OAV da tarqalgan xabarni tasdiqladi, deb xabar beradi TIV matbuot xizmati.

B.B.ga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilganidan so‘ng ruxsat berilgan. K.B. Janalideze nomidagi Tez yordam ilmiy-tadqiqot instituti travmatologiya bo‘limiga o‘tkazilgan va hozirda uning holati shifokorlar tomonidan «qoniqarli» deb baholanmoqda.

Bosh konsulxona mazkur holat bo‘yicha huquqni muhofaza qilish organlari va tibbiyot muassasasi bilan aloqa o‘rnatgan.

Konsullik-huquqiy departamenti eslatib o‘tadiki, Rossiyaning Shimoli-g‘arbiy federal okrugi (Arxangelsk viloyati, Kaliningrad viloyati, Kareliya Respublikasi, Komi Respublikasi, Leningrad viloyati, Murmansk viloyati, Nenets avtonom okrugi, Novgorod viloyati, Pskov viloyati, Sankt-Peterburg shahri, Vologoda viloyati) hududida joylashgan fuqarolarimiz zarur vaziyatlarda mamlakatimizning Sankt-Peterburg shahridagi Bosh konsulxonasiga quyidagi telefon raqami orqali murojaat qilishlari mumkin: +7-965-029-41-49.