Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Ikki yoshgacha bola puli qanday hollarda rad qilinadi?

Hech qayerda ishlamayman, oilamizda ikki yoshga yetmagan farzandim bor. Shu bois, ikki yoshgacha bola parvarishi uchun ariza topshirgandim, nafaqa tayinlanishi rad etildi. Sababi nima?

S.RAShIDOVA,

Toyloq tumani.

Mehnatga oilaning layoqatli a’zosi bo‘lsa-yu, oilaning rasmiy daromad manbai bo‘lmasa va oxirgi olti oy mobaynida mehnat organlariga murojaat qilmagan bo‘lsa, ikki yoshgacha nafaqat rad etiladi.

Shu o‘rinda qayd etish lozimki, ijtimoiy nafaqa yoki moddiy yordam tayinlash yoki tayinlashni rad etish «Yagona reyestr» avtomatlashtirilgan tizim tomonidan amalga oshiriladi va nafaqalarning tayinlanishi to‘g‘risida qaror qabul qilinishida Pensiya jamg‘armasi xodimlari  (inson omilining) qatnashmaydi.

Umuman, amaldagi tartibga asosan quyidagi holatlar mavjud bo‘lganda, tegishli ijtimoiy nafaqa yoki moddiy yordamni tayinlash rad etiladi:

a) ariza beruvchining doimiy yoki vaqtinchalik propiskasi yo‘qligi;

b) ariza beruvchi oilasining har bir a’zosiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik jami daromadning ushbu vaqtinchalik nizomning 7-bandida belgilangan mezonlardan ko‘pligi;

v) idoralararo elektron axborot tizimi orqali kadastr axborot tizimida ariza beruvchi va uning oila a’zolarida jami bittadan ortiq ko‘chmas mulk mavjudligi;

g) ariza beruvchi yoki uning oila a’zolarida:

- ishlab chiqarilgan muddati 10 yildan oshmagan, texnik holati soz bo‘lgan avtotransport vositasi mavjudligi;

- jami ikki va undan ortiq, texnik holati soz bo‘lgan avtotransport vositalari mavjudligi;

d) daromadlarning rasmiy manbalariga ega bo‘lmagan va oxirgi olti oy mobaynida mehnat organlariga murojaat qilmagan va hisobda turmagan yoki haqi to‘lanadigan jamoat ishlari ishtirokchisi hisoblanmagan oilaning mehnatga layoqatli a’zosi mavjudligi.

Ushbu bandda ko‘rsatilgan mezonlar asosida tegishli nafaqa yoki moddiy yordam tayinlash rad etilganda, ariza beruvchiga «Yagona reyestr» AT orqali rad etish sabablari ko‘rsatilgan holda elektron bildirishnoma (arizada ko‘rsatilgan elektron manziliga yoki SMS-ma’lumot orqali mobil telefon raqamiga) yuboriladi.

Abdurashid RAHIMOV,

Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi viloyat boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i.