Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga 12 million so‘mdan pul mukofoti beriladi

Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining q a r o r i

Ikkinchi jahon urushi millionlab begunoh odamlarning bevaqt o‘limiga, mislsiz yo‘qotishlar va talafotlarga sababchi bo‘lgan dunyodagi eng dahshatli, qonli qirg‘inlardan biri sifatida insoniyat tarixida muhrlanib qoldi.

Ko‘pmillatli O‘zbekiston xalqi ham haqiqiy jasorat va fidoyilik ko‘rsatib, fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaga ulkan hissa qo‘shdi. Xususan, 2 millionga yaqin yurtdoshimiz janglarda ishtirok etib, ularning 500 mingdan ortig‘i qahramonlarcha halok bo‘ldi. Shu bilan birga, urush davrida respublikamiz front uchun zarur bo‘lgan oziq-ovqat, kiyim-kechak, qurol-aslaha va boshqa vositalarni yetkazib beradigan muhim ta’minot markazlaridan biriga aylandi. Ayniqsa, yurtdoshlarimiz janglar davom etayotgan hududlardan O‘zbekistonga ko‘chirilgan 1,5 milliondan ortiq keksalar, ayollar va yosh go‘daklarni bag‘riga olib, og‘ir damlarda ularga beqiyos g‘amxo‘rlik ko‘rsatdi.

Xalqimizning tarix sahifalariga o‘chmas harflar bilan bitilgan bunday mardlik va matonati, olijanobligi, mehr-muruvvati va yuksak ma’naviyati barchamizning qalblarimizga cheksiz g‘urur-iftixor bag‘ishlab, farzandlarimizni vatanparvarlik va ajdodlar jasoratiga sadoqat ruhida tarbiyalashda ilhomlantirib kelmoqda.

Shuning uchun bosqinchi va yovuz kuchlarga qarshi mashaqqatli kurashlarda bukilmas iroda va mardlik namoyon etib, bugungi tinch

va osoyishta kunlarimiz uchun jonini fido qilgan jasur yurtdoshlarimizning muqaddas xotirasini e’zozlash va faxriylarimizning hurmatini joyiga qo‘yish yurtimizda ezgu an’anaga aylangan.

Mamlakatimizda 9 may umumxalq bayrami – Xotira va Qadrlash kunini keng nishonlash, Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaga munosib hissa qo‘shgan, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar

va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining xotirasini abadiylashtirish, oramizdagi barcha faxriylarga hurmat-ehtirom ko‘rsatish maqsadida:

1. Quyidagilar:

9 may – Xotira va Qadrlash kuni, umumxalq bayramiga bag‘ishlangan tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish dasturi (keyingi o‘rinlarda – Dastur) 1-ilovaga muvofiq;

9 may – Xotira va Qadrlash kuni, umumxalq bayramiga bag‘ishlangan tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish bo‘yicha ishchi guruh (keyingi o‘rinlarda – Ishchi guruh) tarkibi

2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. Ishchi guruh (A.Aripov):

Dasturda nazarda tutilgan tadbirlarning “Xotira bor ekan – millat barhayot”, “E’tibor va g‘amxo‘rlik – insoniy burch” shiorlari ostida yuqori saviyada o‘tkazilishini ta’minlasin;

yolg‘iz va kam ta’minlangan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining turar joyi va uy xo‘jaliklarini ta’mirlash, obodonlashtirish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirsin;

Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga, front orti mehnat faxriylariga, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining oila a’zolariga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatish maqsadida tegishli vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar hamda harbiy qismlar rahbarlari tomonidan ushbu toifadagi shaxslarni qutlash uchun ularning yashash joyiga tashriflarini tashkil etsin;

Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlarining har biriga tibbiy va ijtimoiy xizmat ko‘rsatish, ularni parvarish qilish maqsadida tibbiy bilimlarga ega xodimlarni (shartnoma asosida) biriktirgan holda doimiy ravishda patronaj xizmatini yo‘lga qo‘ysin;

Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlarining istaklari asosida ularni respublika hududidagi sanatoriylarga bepul yuborilishini ta’minlasin.

3. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda:

viloyatlar, shaharlar va tumanlarda bayramga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha kompleks tadbirlarni ishlab chiqsin va amalga oshirsin;

Toshkent shahrida “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasida, viloyatlarda “Vatanparvarlar” bog‘lari va boshqa belgilangan joylarda harbiy texnikalar namoyishi, Ikkinchi jahon urushi vaqtidagi kompozitsiyalar installyasiyasini, jumladan, urush yillarining qo‘shiq va kuylari hamda tegishli sharoitlar yaratish bilan bog‘liq tadbirlarni tashkil etsin;

ko‘chalar va maydonlar bayramga bag‘ishlangan plakatlar va stendlar bilan bezatilishini ta’minlasin.

4. Belgilansinki, bayram tadbirlari hamda mamlakatimizning turli hududlarida istiqomat qiluvchi Ikkinchi jahon urushi

va front orti mehnat faxriylari vakillarining Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan asosiy marosimlarga temir yo‘l yoki avtomobil transportida kelib-ketishi, mehmonxonalarda joylashishi, ovqatlanishi, madaniy hordiq chiqarishi bilan bog‘liq xarajatlar, shuningdek, zarur hollarda, tegishli kiyim-kechaklar bilan ta’minlanishi:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda – tegishli mahalliy byudjetlar hamda homiylik xayriyalari hisobidan;

Toshkent shahrida – O‘zbekiston Respublikasining respublika byudjeti va Toshkent shahar mahalliy byudjeti mablag‘lari hisobidan teng ulushlarda qoplanadi.

5. Mudofaa vazirligi Toshkent shahrida 2021 yil 9 may soat 21.00 da Xotira va Qadrlash kuniga bag‘ishlangan bayram salyutini tashkil qilsin.

6. Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiya tantanali tadbirlar o‘tkaziladigan joylarda jamoat tartibi va xavfsizligini ta’minlasin.

7. Xotira va Qadrlash kuni bayramini nishonlash bilan bog‘liq barcha ommaviy tadbirlar O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish chora-tadbirlari dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasining tavsiyalari asosida amalga oshirilsin.

8. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, “Dunyo” axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga bayramga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq jarayonlarni keng yoritish tavsiya etilsin.

9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi

 Prezidenti Sh.MIRZIYoYeV

Toshkent shahri,

2021 yil 20 aprel