Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Ikkinchi tilga ehtiyoj... Bu o‘zligini bilmaydiganlar talabi

Bugun o‘z ona tilida bir og‘iz so‘z ayta olmay yillarni o‘tkazgan keksa avlod uchun ikki tillilik talabi qalbimizga tig‘dek sanchildi. Chunki, katta-katta yig‘ilishlar, tadbirlarda sanoqli rusiy zabonlar qatnashsa-da, rus tilida so‘zlashga majbur edik. Bugun mustaqil O‘zbekistonda ikkinchi tilga Davlat tili maqomini berishdan kimga, qanday manfaat bor? Men buni tushunmayapman.

Yurtimiz mustaqilligining e’lon qilinishi, Davlat ramzlari, Bosh Qomusimizning, Davlat tilining qabul qilinishi jarayonlarining bevosita ishtirokchisi, mas’ullaridan biri sifatida shuni aytishim kerakki, biz o‘z ona tilimizga, Davlat tilimizga ega bo‘lish qancha mashaqqatli davrlarni, tahqirlashlarni boshdan kechirdik. Bugun ikkinchi tilni talab qilayotganlar o‘sha vaqtlarda qayerda edi, nima uchun oyoq osti bo‘layotgan o‘z ona tillarini himoya qilmadi?

Ortga qarasak, ana shunday savollar bizga tinchlik bermaydi. Ortda qolgan davr mobaynida bizni, dunyo ilm-fani tamadduniga tamal toshi qo‘ygan xalqni savodsizga chiqarishdi. Aynan o‘ylab qilingan siyosat tufayli sababsiz bir necha bor alifbomizni o‘zgartirishdi. Oxir-oqibat bizni chalasavodlikda ayblashib, ma’naviy qashshoqlikka majburan yetaklashdi. Oltin zanglamas, deganlaridek qadimdan yuksak ma’naviyati, ilmiy salohiyati bilan dunyoga dovrug‘i ketgan, kerak bo‘lsa ming-minglab xalqlarga ilm-ma’rifat ulashgan o‘zbek xalqi o‘zligini, tilini, dinini, ma’naviyatini yo‘qotmadi. Bundan keyin ham yo‘qotmaydi. Buyuk mutafakkir Alisher Navoiy necha asrlar avval bu tilning jozibasini, mukammalligini isbotlagan davrda ham asosiy adabiy til sifatida muomalada bo‘lgan forsiy tilni yoqlab chiquvchilar ko‘p bo‘lgan. Bu nimaning asorati? Shubhasiz, savodsizlik, manqurtlikni “mevasi”.

Bugun ikki tillilikni talab qilayotgan shaxslar ham uzoq muddat mustamlaka zamonda yashab rusiy zabon qon-qoniga singib, o‘zligini unutganlar, desam adashmayman. Ularning diydiyolarini yuqorida ta’kidlaganimdek, ma’naviy qashshoqlik deb ta’riflasak to‘g‘ri bo‘ladi. Bunday vaziyatning paydo bo‘lishiga nima sabab bo‘ldi, degan haqli savol tug‘iladi. Aybni o‘zingdan izla, degan xalqimizning hikmatli iborasi bor. Shubhasiz, biz ona tilimizga Davlat tili maqomini berdik. Ammo uni rivojlantirish, boyitish, asrashni unutdik. O‘sha Davlat tili to‘g‘risidagi qonunni qabul qilishda ham bugungidek ikki tillilik talabi, alifboni tanlash borasidagi ko‘plab tortishuvlar, bahs-munozaralar bo‘lgan edi. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov boshchiligida uzoqni o‘ylab, jahonga yuz tutish, ular bilan tengma-teng rivojlanish, taraqqiyotga erishish uchun lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi qabul qilindi. O‘zbek tilini rivojlantirish, Davlat tilini ommaviylashtirish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi. Ammo ularning natijasini nazorat qilish, o‘zbek tili me’yorlariga amal qilish talablari o‘z holiga tashlab qo‘yildi. Aksincha bo‘lganida bugun ko‘chalarimizni turli tillardagi peshlavhalar bejab ketmas edi. Bugungidek ko‘r-ko‘rona talablar urchimagan bo‘lardi.

Agar dunyo tajribasiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak ham har bir davlatning uning asosini tashkil etuvchi xalqning asosiy tili Davlat tili sifatida qabul qilinadi. Ayrim davlatlarda xalqning so‘zlashuvdagi tiliga qarab ikki yoki undan ortiq tillarga davlat tili sifatida maqom berilgan. Ammo ularda ham asosiy til degan me’yorlar bor. Shunday ekan, bugun ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlarda urchiyotgan ikki tillilik masalasi umuman asosga ega emas. Bu ma’lum bir guruhlarning o‘ylab topgan g‘ayri qarashlari, ma’lum davrning asoratlaridan qutila olmagan shaxslarning asossiz tashabbusidan boshqa narsa emas. Shuning uchun til qoidalariga qat’iy talablarni qo‘shib, korxona-tashkilotlarga ishga qabul qilish jarayonlariga Davlat tilini bilishni qonuniylashtirish shart. Har bir davlat muassasalarida ishlayotgan xodimlarning Davlat tilini mukammal bilish darajasi nazoratga olinishi lozim. Mamlakatda o‘tkaziladigan xalqaro tadbirlarda ham Davlat tilida so‘zlashni joriy qilish kerak. Bu bilan xorijiy tillarni bilishga bo‘lgan talabni inkor etmoqchi emasman. Chunki, ta’lim muassasalarimizda belgilangan talablar asosida xorijiy tillar o‘qitilmoqda. Ammo Davlat tili bu millatning g‘ururi, davlatning ramzi hisoblanadi. Unga daxl qilishga hech kimning haqqi yo‘q. Atoqli adibimiz Abdulla Qahhor shu mavzuda fikr yuritarkan «Nega ko‘chada qoida buzgan kishiga hushtak chali­nadiyu, til qonunlarini buz­ganga hech kim indamaydi?» degan. Bugungi bahs-munozaralardan keyin men shunday xulosa qilamanki, endi til qoidalariga amal qilmaydigan shaxslarga ham qonuniy asosda “hushtak chalish” zarur nazarimda.

Alisher Mardiyev,

mehnat faxriysi.