Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Imom Abu Mansur Moturidiyni bilamizmi?

Ertaga Samarqand shahrida Misrning al-Azhar majmuasi bilan hamkorlikda “Imom Abu Mansur Moturidiy va moturidiya ta’limoti: o‘tmish va bugun” mavzusidagi xalqaro konferensiya boshlanadi.

Xo‘sh, Samarqandda turib, ushbu azim shahar nomini olamga yoygan Imom Abu Mansur Moturidiyni o‘zimiz yaxshi bilamizmi? Allomaning shaxsi, faoliyati, ta’limoti haqida qanday ma’lumotlarga egamiz? Quyida shu haqda fikr yuritamiz.

Abu Mansur al-Moturidiy bobomizning to‘liq ismlari Abu Mansur Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud al-Hanafiy al-Moturidiy as-Samarqandiydir. Buyuk imom, fiqh olimi, kalom ilmining moturidiylik oqimi asoschisi deb sifatlanadi. «Imom al-hudo», «Imom al-mutakallimon» («Hidoyat yo‘li imomi», «Mutakkimlar imomi») nomlari bilan ulug‘lanadi.

870 yilda Samarqand biqinidagi Moturid qishlog‘ida tavallud topgan va umrining oxirigacha shu yerda yashab o‘tgan. Samarqandda madrasani xatm qilgan imom Moturidiyning o‘zi ham madrasada fiqh va kalom ilmidan saboq bergan. Ilm bilan shug‘ullanib, qimmatli qo‘llanmalar, risolalar yozgan. U zotning «Kitob al-tavhid» («Yakkaxudolik haqidagi kitob»), «Ta’vilot ahl as-sunna» (“Sunniylik an’analari sharhi») mashhur bo‘lib, «Kitob al-tavhid» haligacha bilish nazariyasi bayon qilingan musulmon ilohiyotining birinchi asari hisoblanadi. Madrasalarda bu kitob darslik sifatida o‘rgatiladi.

Bu zoti bobarakot va shogirdlari yozgan asarlarga suyanib ish ko‘ruvchi kalom ilmidagi moturidiylik oqimining bugun Islom olamining ko‘pgina mamlakatlari, xususan, Suriya, Iroq, Turkiya, Pokiston, Hindiston, shimoliy Afrikada yashayotgan vakillarining barchasi aqida bobida imom Moturidiy yo‘lini mahkam tutganlar. Bu ta’limot o‘sha mamlakatlarning diniy o‘quv yurtlarida mustaqil fan sifatida o‘qitiladi.

Shuni ham e’tirof etish lozimki, Moturidiylik oqimining keng yoyilishiga sabab uning mo‘tadillik, o‘rtachalik, aqidada Qur’on, hadis, aqlu idrok, mantiq va haqiqatga eng yaqin turgani sabab bo‘ldi.

«Inson imtihonlar uchun yaratilgan. Ammo unga bu imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘tish va to‘g‘ri yo‘lni topish uchun keng imkoniyatlar berib qo‘yilgan. Inson o‘z xatti-harakatlarida ixtiyorlidir», deydi imom Moturidiy.

Imom Moturidiy hazratning ilmiy merosini butun dunyo qiziqib o‘rganmoqda. Bir qancha asarlari Toshkent sharqshunoslik institutida saqlanadi. Ko‘pgina asarlari jahonning bir necha tillariga tarjima qilingan.

Imom Moturidiy 944 yilda, 74 yoshda vafot etgan va vasiyatlariga ko‘ra, Chokardiza qabristoniga dafn etilgan. Rivoyatlarga qaraganda, turli davlatlarda istiqomat qilgan, o‘zini imom Moturidiyning shogirdiman, izdoshiman, moturidiylik oqimining vakiliman, deb sanagan, shariat va tariqat pirlari sanalgan olimlardan to‘rt mingga yaqini «bu zotning oyoqlari ostida bo‘lishni orzu qilib», o‘zlarini Chokardiza qabristoniga ko‘mishlarini vasiyat qilgan ekan. Imom Moturidiy yodgorlik majmuasiga ziyoratga kelsangiz, hali marmar toshlar qabr ustiga qo‘yilishi rasm bo‘lmagan zamonlarda yashab o‘tgan, qabrlari ustiga qo‘yilgan oddiy qayroq toshlarga nazar solsangiz, biz hali nomlarini yaxshi bilmaydigan, ammo o‘ndan ortiq kitoblari sanab o‘tilgan zotlar shu yerga dafn qilinganiga guvoh bo‘lasiz.

E’tiboringizga buyuk ustozimiz Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning Samarqandga qilgan so‘nggi tashriflarida aynan Moturidiy hazratni ziyorat qilgach, u zot haqlarida aytgan so‘zlarini havola qilmoqchimiz. Bu so‘zlar Imom Moturidiyni yaqinroq tanib olishingizga yordam beradi.

Islomning uch asosi haqida

Alloh bandalarini to‘g‘ri yo‘lga boshlab turish uchun ikki dunyo saodati yo‘lini ko‘rsatib turish uchun o‘z ta’limotlarini din deb atab, o‘z qo‘llanmalarini yuborib qo‘ygan. Bu dunyoda nimalarga e’tiqod qilib yashash kerak, bu dunyoda qiladigan ishlarimizning barchasini qay tarzda, qay yo‘sinda qilishimiz kerak, bu dunyoda yashash chog‘imizda odob, axloqimiz, ruhiy holatimiz, o‘zaro munosabatlarimiz qanday bo‘lishi kerak, hammasini bayon qilib bergan. Shu ta’limotlarni qunt bilan o‘rganib, ixlos bilan amal qiladigan bo‘lsak, ham bu dunyoning, ham oxiratning baxtiga, saodatiga erishishimizning kafolatini bergan.

Rasuli akram (s.a.v.)ning o‘zlari Jabroil alayhissalom orqali Allohdan bu ta’limotni qabul qilib olganlar, o‘zlari amal qilganlar, qilib ko‘rsatganlar va sahobalariga o‘rgatganlar. Sahobalardan keyin kelgan avlod – tobe’inlar avlodi bu ta’limotni sahobalardan qabul qilib olib, o‘zlaridan keyingi avlodga yetkazgan va shu silsila bilan bu ta’limot bugungi kungacha yetib keldi.

Islom dinining asosi uch bo‘limdan iborat.

Birinchisi, aqida bobi, deyiladi. Mo‘min, musulmon inson bu dunyoda yashar ekan, iymon-e’tiqodi, aqidasi qanday bo‘lishi kerakligini bayon qilib beruvchi ma’lumotlar to‘plami shu bobda o‘rganiladi. Alloh Qur’onda bir qancha oyatlarni tushirib, bandalari Allohga iymon keltirishi farzligini buyurgan. Allohga iymon keltirish O‘zining kitobida kelganidek, uning payg‘ambari Muhammad (s.a.v.) bayon qilib berganlaridek bo‘lishi kerak. Allohning biru borligiga iymon keltirishimiz lozim. Barcha qudratlardan ustun ekanligiga, har bir narsani biluvchi zot ekanligiga, dunyodagi barcha barkamol sifatlar U zotning O‘ziga xos ekaniga iymon keltirishimiz kerak. Shuningdek, Allohning farishtalariga, ilohiy kitoblariga, yuborgan payg‘ambarlariga, oxirat kuni haq ekaniga, qazoi qadarga taslim bo‘lish farz ekaniga iymon keltirishimiz va boshqa ko‘pgina ma’lumotlar Qur’on va hadis orqali bizga yetib kelgan. Ana shu e’tiqod ishlarini yo‘lga qo‘yib olmagunimizcha, biz hali aqidasi butun odam bo‘la olmaymiz.

Rasuli akram (s.a.v.) hayotlik davrlarida barcha musulmonlar arablar yoki arabchani yaxshi bilgan, Qur’onni eshitsa tushunadigan, hadisni yaxshi anglaydigan odamlar edi. Har biri o‘zi eshitib, o‘zi amal qilaverar edi. Lekin vaqt o‘tishi bilan, Rasuli akram (s.a.v.), hazrat Abu Bakr Siddiq va hazrati Usmonlardan keyin Islom olami kengaydi. Arab bo‘lmagan xalqlar ham musulmon bo‘ldi. Boshqa xalqlarning vakillari arab tilini bilmaganlari tufayli birovlardan so‘rab o‘rganishlariga ehtiyoj tug‘ildi. Buning ustiga o‘zlari avvaldan e’tiqod qilib yurgan dinlari, urf-odatlari bo‘lib, ularni unutishlari ham qiyin bo‘layotgan edi. Shunday qilib, hijriy ikkinchi asrning yarmidan boshlab, uchinchi asrning o‘rtalarigacha bo‘lgan muddatda juda ko‘p tushunmovchiliklar kelib chiqdi. Ko‘plab Rum, Fors, Osiyo va Afrika xalqlari musulmon bo‘lishdi va ularga dinni tartib bilan o‘rgatish imkoni bo‘lmay qoldi. Har tarafdan gap ko‘paydi, so‘z ko‘paydi. Orada buzg‘unchilar ham chiqib qoldi. Islom aqidasiga putur yetkazadigan, unga teskari gapiradigan, odamlarni o‘z atrofiga chaqiradiganlar nihoyatda ko‘paydi. Buning ustiga shialar, xorijiylar, qarmatiylar, mu’taziliylar, ixfonus safo, botiniylar, aboziylar kabi turli buzg‘unchi firqalar ham paydo bo‘ldi. Hammasi o‘z gapini o‘tkazishga urinib, hamma narsa aralash-quralash va chalkash bo‘lib ketdi. Hamma aqida borasida safsata sotib, o‘zinikini ma’qullash bilan ovora, ammo bir ega yo‘q. Islom olami mushkul holatda qoldi.

Ana shunda Alloh taolo o‘z irodasi bilan Islom aqidasini to‘g‘rilashga bel bog‘lagan bandalarning jur’atini ko‘tardi, himmatini oshirdi. O‘shanday kishilarning boshida imom bo‘lib, ularga rahbar bo‘lib, hammasiga ustoz bo‘lib, jasorat ko‘rsatgan, Islom ahlini, ahli sunna val jamoa va uning aqidasining himoyasini qilgan va ularga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatgan zot bizning ona Vatanimizning farzandi Imom Abu Mansur al-Moturudiy as-Samarqandiy bo‘ldilar. Bu ulug‘ zot ana shunday bir mushkul paytda jasorat bilan chiqib, Qur’on, hadis, ilohiy ta’limotlar asosida musulmonlarning to‘g‘ri aqidasi, ahli sunna val jamoa aqidasini hammaga tushuntirib berdilar. O‘sha paytdagi eng ko‘zga ko‘ringan buzuq firqa qarmatiylarga raddiyalar yozib, ularning fikrlari noto‘g‘ri ekanini bayon qildilar. Qolgan barcha firqalarning ham da’volari puch ekanini, bu safsatalari Qur’onga, hadisga zid, Islomga tuhmat ekanini asoslab berdilar. Shundan keyin boshqa toifadagi ulamolar, tafsirchilar, hadischilar, faqihlar, faylasuflarning hammasi Imom Moturidiyning atrofida birlashib, buzg‘unchi oqimlarga qarshi kurashni boshladilar. Ularning hammasining fikrlari yer bilan yakson qilinib, yo‘qqa chiqarilib, yolg‘iz ahli sunna val jamoa aqidasi tiklandi. O‘zi qanday musaffo bo‘lsa, shunday holida kishilarga taqdim qilindi.

Mana shu ishlarning boshida butun Islom olamida ikki zot turadi. Birinchisi Abu Mansur as-Samarqandiy, ikkinchisi Abu Hasan al-Ash’ariy rahmatullohi alayh. Moturudiy (r.a.)ning mazhablari musulmon olamining sharqida tarqalgan. Ash’ariyning mazhablari esa g‘arbda tarqalgan. Ikkovlari bir vaqtda, bir-birlaridan uzoqda yashagan. Bir-birlarini ko‘rmagan, ammo bir xil gapni aytgan. Chunki ular Qur’on va sunnat asosida gapirganlar. Ana shundagina Islomga zarar keltirayotgan barcha buzg‘unchi toifalar jim bo‘lib qolishdi.

Butun Islom ummati faxr bilan Imom Moturidiyga ko‘plab unvonlarni berdilar. Shu unvonlardan biri “Imamul huda”, ya’ni “Hidoyat imomi” unvonidir. Yana biri “Alamul huda” – “Hidoyat bayrog‘i” unvonidir. Bu buyuk unvon bo‘lib, odatda, qolganlar bayroq atrofida birlashadilar, bayroqdorning ortidan boradilar. Yana bir unvonlari “Musohihul aqidatuh ahli sunna val jamoa” bo‘lib, “Ahli sunna val jamoa, butun musulmon olamining aqidasini tuzatuvchi imom”, degani. Yana yetti-sakkizta ana shunday ulug‘ unvonlarni Moturidiy bobomizga berdilar.

Imom Moturudiy bilan Imomi A’zam (r.a.)larning orasida ikkita odam bor, xolos. Imom Moturudiyning ustozlari Imomi A’zamning shogirdlari. Demak, Imom Moturidiy Imomi A’zamning shogirdlarining shogirdlari hisoblanadilar.

Imom Moturudiy Qur’onning “Ta’viylatul ahli sunna” degan tafsirini yozgan. Har biri 600-700 betdan iborat bo‘lgan jami o‘n mujallad bo‘lgan bu ulug‘ kitobda Qur’ondagi har bir oyatni qanday tushunish kerak, qanday fahmlash kerak, aqida masalalarining yechimlarini qanday topishimiz kerak, hammasini mukammal ravishda tushuntirib bergan. E’tiqod bobida “Kitobi tavhid” nomli kitob yozgan. Unda aqida masalalarini o‘z lafzlarida batafsil bayon qilib bergan. Fiqh masalasida ham juda yuqori salohiyatga ega bo‘lgan Imom Moturidiy fiqhga oid “Maofizi shariyya” va boshqa kitoblarni yozgan. Bir qancha risolalar ham yozgan, ularning barchasi buzuq oqim va firqalarga raddiyalar bo‘lgan.

Bu ulug‘ ish bo‘lishi bilan birga o‘sha zamonda mislsiz darajada katta ish bo‘lgan. Chunki o‘sha zamonda Islom olami butun dunyoda yetakchi olam bo‘lib, hamma musulmonlarga qarab turgan. Ana shunday zamonda butun dunyoning aqidasini to‘g‘rilashga Alloh Imom Moturidiyni sababchi qilgan. Bu juda buyuk, nihoyatda ulug‘ narsa.

Biz “Imom Moturudiy Samarqandda tug‘ilgan, u kishi ham bizdan”, degan gap bilan chegaralanib qolmasligimiz kerak. U kishi bajargan buyuk ishning hajmini anglashimiz lozim. U kishining Islomga, Qur’onga, musulmonlarga qilgan buyuk xizmatlarini tushunib olishimiz lozim. U kishiga munosib nabiralar bo‘lishimiz kerak. Imom Moturudiy qanday yashagan, nima degan, Qur’onni o‘z hayotiga qanday tatbiq qilgan, Rasululloh (s.a.v.)ning sunnatlariga qanday amal qilgan, bularni yaxshi bilib, u zotga ergashishimiz kerak.

Dinimizning ikkinchi qismi shariat deb ataladi. Shariat − mo‘minman, musulmonman, Allohga iymonim bor, oxiratdan umidim bor, degan banda bajarishi lozim bo‘lgan amallarni tushuntirib beradigan ta’limotlar to‘plamidir. Qanday tahorat qiladi, namozni qanday o‘qiydi, ro‘zani qanday tutadi, zakotni qachon beradi, Hajni qanday qiladi, savdo-sotiq, nikoh, oila, xullas, inson hayotining barcha jabhalari shariat ahkomlarida bayon qilinadi. Buni fiqh ilmi tushuntirib beradi. Qur’onda kelgan oyatlar, Rasululloh (s.a.v.)ning sunnatlari, ulamolarning fikrlarini tartibga solib, sizu bizga o‘xshab arab bo‘lmagan, o‘zi o‘qib, tushunib ketavermaydigan odamlarga hamma masalalarni tushuntirib berish fiqh ilmining asosidir.

Bu masalada Imomi A’zam Abu Hanifa (r.a.) o‘zlarining uch birodarlari: Imomi Shofeiy, Imomi Hanbal va Imomi Molik bilan birga butun Islom olamiga o‘zlari imomlik qilib, Qur’on, sunnat asosida amaliyotlarimizni qanday olib borish kerakligini osonlik yo‘li bilan ko‘rsatib berganlar. Buni butun musulmon ummati tan olgan. Hamma ana shu mazhabni ushlab, birlashib, yagona bo‘lib, yaxshi hayot kechirgan.

Dinimizning uchinchi qismi tariqat deyiladi. Tariqatda inson o‘z qalbini poklashi, odobini sayqallashi, muomalalarini go‘zal qilishiga oid masalalar bayon qilingan. Namoz o‘qiyotganda mo‘min qalbini qanday tutadi, qanday qilib xayoli chalg‘imasdan, Allohni ko‘rib turgandek, butun vujudi bilan ibodat qiladi, tahorat chog‘i qanday qilib fikrini jamlab, butun vujudini tahoratga bag‘ishlaydi, Allohning zikrini ko‘proq qilish uchun nima qilish kerak, odamlar bilan bo‘lgan husni xulq, muomalalarni qanday olib borish kerak, hamma-hammasini ana shu tariqat ilmi o‘rgatadi. Tariqat ilmi ham Qur’onga, sunnatga asoslanadi va ko‘proq ruhiy tarbiya bilan mashg‘ul bo‘ladi.

Bu borada bizning imomimiz Imom Bahovuddin Naqshband (r.a.) bo‘ladilar.

Biz mana shu uch narsani, Islom dinining uch qismini yaxshi tushunib olishimiz kerak. Aqida bobida ahli sunna val jamoa mazhabidamiz, bu mazhabning sohibi Imom Abu Mansur Moturudiy, fiqh bobida hanafiy mazhabdamiz, bu mazhabning sohibi Imomi A’zam, tariqat bobida naqshbandiylik tariqatidamiz, pirimiz Imom Bahovuddin Naqshband bo‘ladilar.

Mana shu narsalarni yaxshi bilishimiz, yaxshi o‘rganishimiz, boshqa taraflarga xayolimiz ketmasligi kerak. Bizda chiqqan noxushliklar aynan ana shu narsalarni bilmaslikdan kelib chiqdi. Aqida masalasida esa, Imom Moturudiyning ta’limotini bilmadik, amal qilmadik, natijada boshqalar kelib, odamlarimizning boshlarini aylantirishdi. Hanafiy mazhabini yaxshi tushunib yetmadik, tashqaridan kelganlar odamlarning fikrini buzib, ixtiloflar chiqardi. Tariqat bobida ham bilimsizligimiz pand berdi.

Mana shu uch narsani yaxshi bilib olsak, amal qilsak, mahkam ushlasak, insha Alloh, to‘g‘ri yo‘lda yurgan bo‘lamiz. Eng yaxshi yo‘lda yurgan bo‘lamiz. Har xil firqa va oqimlardan xoli bo‘lamiz. Bu narsalarni o‘rganishning, amal qilishning imkoniyatlari avval bo‘lmagan bo‘lsa, hozir bor. Hozir juda yaxshi imkonlar ochildi. Bugungi singari suhbatlar joylarda bo‘layapti. Domlalarimiz har kuni necha martalab kishilarimizni halol-pok bo‘lishga, dinimiz ahkomlarni to‘g‘ri anglab olishga, vatanparvar bo‘lishga da’vat qilishmoqda. Bu juda muhim ish. Bo‘lmasa, chor tarafdan kelayotgan buzg‘unchilar yoshlarimizning fikrini buzishi tayin. Yoshlar din ahkomlarini o‘rganishga tayyor emas, hech narsani eshitmagan. Aytaylik, “Hizbut tahrir”chilar kelib, ularga bir narsani aytsa, haqiqat shu ekan, deb, o‘sha narsani mahkam ushlab olishadi. Chunki buning haqiqatini boshqa odamdan, olimdan eshitmagan, nimaligini ham bilmaydi.

Avvallari kitob yo‘q edi. Alhamdulillah, hozir kitob juda ham ko‘p. Har bobga doir kitoblar nashr etildi. Aqida masalasida ham “Sunniy aqidalar” nomli bir kitob qildik. Bu ilmning peshvosi Imom Moturidiy haqlarida ham “Hidoyat imomi” nomli bir kitob yozdimki, unda Imom Moturidiyning tug‘ilishlari, xulqlari, odoblari, ilm olishlari, ustozlari, sheriklari, yozgan kitoblari va yashagan jamiyatlari haqida mufassal bayon qilingan.

Ana shu narsalarni bilishimiz, tushunishimiz, o‘rganishimiz, amal qilishimiz kerak. Bu narsalarni bizga anglatib ketgan Imom Abu Mansur Al-Moturidiydek ulamolarimizning qadrini bilishimiz kerak. Kimning nabirasi ekanimizni his qilishimiz kerak. Ana shunday bobokalonlarimizga, Rasuli akram (sav)ga, dinimizga munosib bo‘lishimiz kerak. Shunga harakat qilishimiz kerak. 

***

Ertadan boshlanib, uch kun davom etadigan anjuman yaxshi o‘tsin, elga manfaatli bo‘lsin!

Bugun har bir viloyatda madrasa bor, ayrim shaharlarda o‘g‘il bolalar va qizlar madrasalari ham bor. Ammo bir zamonlar ilmning o‘chog‘i bo‘lgan, madrasalarida Abu Mansur Moturidiylar, Ulug‘beklar, Qozizoda Rumiylar dars bergan Samarqandda bugun bittagina madrasa yo‘qligini ham biror olim shu anjumanda aytsin! “Moturidiydek bobolarimiz dars bergan madrasalarni tiklaylik, Samarqandda ham madrasa bo‘lsin!” deya olishsin. Shunda bu anjumanlardan elga naf bo‘ladi.

Karimberdi To‘ramurod.