Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Imom Buxoriy majmuasida hayit namozi o‘qildi: Viloyat hokimi barcha yurtdoshlarimizni bayram bilan tabrikladi (foto)

Qurbon hayiti – musulmonlarning shod-xurramlik, ko‘ngil olish, mehr-oqibat, xayr-saxovat ko‘rsatish, bir-birlari bilan diydorlashuv bayramidir. Ana shunday ulug‘ bayram tongida Samarqand viloyati Payariq tumanidagi Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi yurtdoshlarimiz bilan gavjum bo‘ldi.

Dastlab imom Qurbon hayitining xayrli ayyomligi, yurtimizda islom dini rivoji va ma’naviy qadriyatlarimizni asrash borasida qilinayotgan ishlar hamda qurbonlikning tartiblari haqida ma’ruza qildi.

Viloyatdagi hayit namozi o‘qiladigan 271 jome masjidda ham Iyd Qurbon hayiti namozi o‘zgacha fayz bilan ado etildi. Namozxonlar masjidlarda yaratib berilgan sharoitlardan mamnun bo‘lishdi. Namozdan so‘ng jannatmakon yurtimizga tinchlik-omonlik so‘rab, xalqimiz farovonligi, yoshlarimiz baxtu iqbolini tilab duolar qilindi.

Homiylar tomonidan viloyatdagi Mehribonlik, Muruvvat va Saxovat uylarida istiqomat qilayotgan kishilar hamda mahallalardagi ehtiyojmand oilalarga moddiy yordam ko‘rsatildi. “Vaqf” xayriya jamoat fondi viloyat filiali tomonidan ham qurbonlik tashkil etilib, kam ta’minlangan, yordamga muhtoj insonlarga tarqatildi.

Shuningdek, Imom Buxoriy majmuasidagi hayit namozida viloyat hokimi E.Turdimov ishtirok etdi va hammani Qurbon hayiti bilan tabrikladi.

Ayni paytda hayit mahallalar, bog‘ va xiyobonlarda sayillar tarzida o‘tkazilmoqda.