Imom Buxoriy majmuasidagi qurilishlar qachon yakunlanishi ma’lum qilindi

Payariq tumanidagi Xartang qishlog‘ida joylashgan Imom Buxoriy majmuasida olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari uchun qariyb 6 gektar yer maydoni ajratilgan bo‘lib, unga 2 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ ajratilgan. O‘tgan yilning martida boshlangan mazkur ob’yektdagi ishlar 2023 yilda yakunlash rejalashtirilgan.
Bu haqda viloyat qurilish bosh boshqarmasi tomonidan Imom Buxoriy majmuasiga tashkil etilgan press-turda ma’lum qilindi.
- Hozirda majmua atrofida qurilish ishlari olib borilmoqda, deydi viloyat bosh arxitektori Sayfiddin Narziqulov. - Ko‘cha va yo‘llar, maydonlarda qum-shag‘al aralashmasi va sun’iy qoplash ishlari amalga oshirilmoqda. Qurilish maydonida vaqtinchalik ishlarni muvofiqlashtiruvchi shtab tashkil etilgan. Pudratchi tashkilotlarining 180 nafar ishchi-xizmatchilari mehnat qilayotgan ushbu ob’yektda 70 ta yuk tashuvchi mashina, 16 ta ekskovator va buldozerlar tuproq tashish, surish va tekislash ishlarini olib bormoqda.
Jurnalistlar majmuaning bosh loyihasi bilan yaqindan tanishdi. Ma’lum bo‘lishicha, kelgusi yili foydalanishga topshiriladigan majmuada masjid, 7 ta zamonaviy mehmonxona, 3 ta milliy choyxona, supermarket, bozorcha, milliy hunarmandchilik buyumlari sotish ayvoni, hammom, tahoratxona, kushxona barpo etiladi. Shuningdek, 1288 ta yengil mashinalar joylashish mumkin bo‘lgan 3 ta avtomobillarni vaqtincha saqlash maydonlari va avtostansiya qurilishi belgilangan.
Hozirda qariyb 4 ming kv.metr hududni egallaydigan, minoralarining balandligi 54 metr bo‘lgan masjid qurilishining I-bocqichdagi temir-beton ishlari yakuniga yetkazilgan. Balandligi 11 metr bo‘lgan masjid ma’muriyati binosining havo tozalash uskunalari va quvurlar o‘rnatish ishlari davom etmoqda.
Shuningdek, quruvchilar tomonidan asosiy maqbara, majmuaga kirish va chiqish darvozalari, hovlidagi ayvonlar hamda balandligi 74 metr bo‘lgan 4 ta minoralarda tiklash ishlari qizg‘in davom etmoqda.