Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Imom Moturidiy adashmagan yoxud nima uchun ayrim kimsalar mujtahid imomlarning yo‘llarini xato deb aytmoqda?

Keyingi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda “Moturidiylar, Ash’ariylar adashgan” qabilidagi turli xil ma’ruzalar ko‘payib qolgan. Jumladan, yaqinda Abdulloh Zufar nomli shaxsning “Alloh qayerda? Moturidiy va Ash’ariylar” mavzusidagi suhbatini tingladim. Bu kabi ma’ruzalarni eshitgan sari, aytayotgan gaplari hech bir ilmiy asosga ega emasligini tushunib borarkanman, ko‘plab savollar qiynay boshlaydi.

Nima uchun yetarlicha diniy ilmga ega bo‘lmagan, savodsiz kimsalar mujtahid imomlarning yo‘llarini xato deb aytmoqdalar? Ularning maqsadlari nima? Nima uchun o‘n asrdan ziyod vaqtdan buyon bir jamoa bo‘lib, “Hidoyat imomi” deya o‘zlari nom bergan imomga ergashib kelayotgan musulmonlarni va allomalarni endi ular adashgan demoqda? Ular nahotki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning “Alloh taolo ummatimni hech qachon zalolat ustida jamlamaydi” (Imom Hokim ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilgan) degan hadislaridan ko‘r-ko‘rona ko‘z yumadilar? Vaholanki, bugungi kunda dunyodagi musulmonlarning 92,5 foizi Ahli sunna val jamoa mazhabidadir. Ya’ni, Moturidiy, Ash’ariy yo‘nalishida amal qilib kelmoqda. Agar bu mazhab xato yo‘nalishda bo‘lsa edi, Alloh taolo uning umrini uzoq va unga ergashuvchilar safini bunchalik ko‘p qilib qo‘ymagan bo‘lar edi.

Shuningdek, yurtimizda sunniy e’tiqodidagi ikki yirik ta’limotlardan biri bo‘lmish Moturidiylik aqidaviy yo‘nalishi keng yoyilgan. Bu yo‘nalish asoschisi yurtdoshimiz - Fiqh olimi, kalom ilmining moturidiylik yo‘nalishi asoschisi “Imom al-hudo” (“Hidoyat yo‘li imomi”), “Imom al-mutakallimin”, (“Mutakallimlar imomi”) nomlari bilan ulug‘langan Abu Mansur Moturidiydir.

Imom Moturidiyga Islom ulamolari turli xil ilmiy unvonlarni berganlar. Masalan, “Imomul hudaa” (hidoyatga boshlovchi imom), “Alamul hudaa” (hidoyat mayog‘i), “Musahhihu aqoidil muslimiyn” (musulmonlarning aqidalarini har xil bid’at va xurofotlardan tozalovchi kishi), “Raisu Ahlis sunnah” (Ahli sunna val jamoa raisi) va boshqalar. Bu sifatlar va unvonlar u kishining o‘z izdoshlari qalbidan chuqur joy olganini, sunnatga yordam berish va himoya qilish yo‘lida salmoqli natijalarga erishganini ko‘rsatadi.

Imom Moturidiy Ahli sunna val jamoa aqidasini sharhlash va yoritib berishda muhim rol o‘ynagan atoqli islomiy shaxsiyatlardan biri hisoblanadi.

Imom Moturidiy rahmatullohi alayh tafsir, aqida va fiqh fanlariga oid bir qancha kitob yozib, ulkan ilmiy meros qoldirganlar. Masalan, Qur’oni karim tafsiriga doir “Ta’vilotu ahlis-sunna” kitobini yozgan. Hijriy 775 yilda vafot etgan imom Abdul Qodir Qurashiy bu kitobga: “U tafsir bobida hech qanday asar unga teng kelolmaydigan bir kitobdir. Hatto bu fan sohasida undan oldingi yozib ketganlarning asarlari ham unga yaqin kelolmaydi”, deb ta’rif bergan.

Imom Kafaviy Imom Moturidiyning tarjimai holi haqida shunday deydi: “Mutakallimlarning imomi, musulmonlarning aqidalarini har xil bid’at va xurofotlardan tozalovchisi bo‘lgan bu kishiga Alloh taolo to‘g‘ri yo‘lga hidoyat qilib qo‘yish bilan madad bergan edi. Shuning uchun ham u to‘g‘ri dinni himoya qilishga bel bog‘lab ulkan asarlar bitdi. Botil aqidalar sohiblarining so‘zlariga raddiyalar berdi”.

Imom Abu Mansur Moturidiy rahmatullohi alayh turli botil aqidaviy firqalar ko‘payganda u kishi sahobalar, tobe’inlar va zamondoshlari: taba tobe’inlarning sog‘lom aqidalarini jamlab, sharhladilar va Ahli sunna aqidasini himoya qildilar.

Ba’zi johil toifalar da’vo qilgani kabi U zot yangi din yoki yangi aqida olib kelmaganlar. Balki turli firqalar tomonidan Ahli sunna val jamoa aqidasini buzib talqin qilish boshlanganda Imom Moturidiy rahmatullohi alayh tomonidan Payg‘ambarimiz va sahobai kiromlar tutgan yo‘l qaysi ekanini sharhlaganlar. Bu ishda Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayhning qoldirgan ilmlari va ijtihodlaridan ko‘p foydalanganlar. Sababi, Imom Moturidiy rahmatullohi alayh ustozlarining ustozi orqali Imom Abu Hanifaning shogirdlari Imom Abu Yusuf va Imom Muhammadga yetib boradilar. Ya’ni, ikki ustoz vositasida Imom Abu Yusuf va Imom Muhammad silsilasiga bog‘lanadi.

Demak, Islom ummati e’tirof qilgan va bir ovozdan qabul qilgan mujtahid olimlarga Imom Moturidiy rahmatullohi alayh qanchalik yaqin bo‘lganliklari va o‘sha davrdagi sof islom bilim buloqlaridan suv ichganliklari ma’lum bo‘lmoqda.

O‘zgalarni adashgan deyishdan, ayniqsa, mujtahid, islom ummati e’tirof etgan imomlarni xatokor deb aytishdan saqlanish, balki har bir kishi o‘zini adashib ketmasligini Alloh taolodan so‘rashi zarur.

Imom Moturidiy rahimahullohning o‘ndan ortiq asarlari sof islomiy ta’limotga da’vat qilganligi bilan juda ahamiyatlidir, xususan, ulardan ikkitasi muhim. Ulardan birinchisi Qur’on tafsiriga oid bo‘lib, “Ta’vilot al-Qur’on”  deb ataladi. Yana u “Ta’vilotu ahli as-sunna” (“Sunnat ahlining izohlari”) nomi bilan 12 (o‘n ikki) jildlik qilib nashr qilingan. Uning ahli sunnat va jamoat aqoidining asosini tashkil qiluvchi asari “Kitob at-tavhid” (“Allohning yagonaligini isbotlash kitobi”) deb nomlangan. Mazkur “Kitob at-tavhid” asari yirik hajmli, o‘zida ahli sunnat va jamoat aqoidining murakkab masalalarini mufassal ravishda qamrab olgan. Imom Moturidiy rahmatullohi alayh ham o‘zlarining “Kitob at-tavhid” asarlarining tasnifiga kirishar ekan, Alloh subhanahu va taolodan ushbu risola orqali o‘zlarini adashish, zalolatga duchor kelish, xatoga yo‘l qo‘yishidan asrashini iltijo qilib so‘raganlariga guvoh bo‘lamiz.

Ming yillardan beri musulmonlar mahkam tutgan mana shunday yo‘nalishlarda barchamiz sobit turib, farzandlarimiz va yosh avlodga ushbu tushunchalarni singdirishimiz ayni muddaodir. Yoshlarimiz o‘z e’tiqodi va mazhabini yaxshi bilsa, har xil oqim a’zolari ularni chalg‘ita olmaydi va to‘g‘ri yo‘lda bardavom bo‘ladi, inshaalloh.

Obidjon Xursandov,

Samarqand Aqida maktabi murabbiysi.