Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Imom-xatiblar Murojaatnomaga munosabat bildirdi

Samarqand viloyatida faoliyat olib borayotgan barcha imom-xatib va imom noiblari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasiga Murojaatnomasining mazmun-mohiyati bilan yanada tanishish maqsadida yig‘ildi.

Dastlab Murojaatnomaning video yozuvi tomosha qilindi. Shundan so‘ng Samarqand davlat universiteti professori Farhod Nabiyev so‘zga chiqib, Murojaatnomaning har bir bandi bo‘yicha tushuncha berdi. Xususan, davlat rahbarining mazkur yig‘ilishda diniy bag‘rikenglik, jamiyatda millatlararo totuvlik ishlari, bu borada 30 iyul – Xalqaro do‘stlik kuni munosabati bilan yurtimizda birinchi marta “Do‘stlik haftaligi”ni va “Do‘stlik” xalqaro forum-festivalini o‘tkazish haqidagi taklifi, “jaholatga qarshi – ma’rifat”, degan ezgu g‘oya asosida islom dinining insonparvarlik mohiyatini, tinchlik va do‘stlik kabi olijanob maqsadlarga xizmat qilishini targ‘ib etish lozimligi haqida so‘z yuritildi.

Joriy yilda hadis ilmining sultoni Imom Buxoriy, kalom ilmi asoschisi Abu Mansur Moturidiy va uning davomchisi Abu Muin Nasafiyning hayoti, ilmiy merosiga bag‘ishlangan hamda diniy bag‘rikenglik mavzularida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar va boshqa tadbirlar tashkil etiladi. Imom Buxoriyning Samarqanddagi yodgorlik majmuasini mutlaqo yangi loyiha asosida qayta barpo etish ishlari, shuningdek, buyuk alloma Bahovuddin Naqshband bobomizning 700 yillik tavallud ayyomi o‘tkaziladi.

Tadbirda Kattaqo‘rg‘on shahar “Muhammad Naqibbek” jome masjidi imom-xatibi Anvar Nazarov, Kattaqo‘rg‘on tumani “Abul Hasan Andoqiy” masjidi imom-xatibi Safaxon Baqoyev va boshqalar so‘zga chiqib, Murojaatnomada oliy ta’lim tizimida grant asosida o‘qish uchun kvotalar oshirilishi, ko‘p yillardan buyon O‘zbekistonda yashab, mehnat qilib kelayotgan shaxslarga fuqarolik berish, islom dinining insonparvarlik mohiyatini, tinchlik va do‘stlik kabi olijanob maqsadlarga xizmat qilishini targ‘ib etish, “halollik vaksinasi” kabi mavzularga o‘z munosabatlarini bildirib, murojaatnomada ko‘tarilgan har bir masalada imom-xatiblar o‘z yo‘nalishi, qolaversa, fuqarolik burchidan kelib chiqqan holda o‘z hissalarini qo‘shishlarini bildirdi.

O‘MI Samarqand viloyati vakilligi matbuot xizmati.