Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Insofsiz raqobat holatlariga chek qo‘yildi

Bu haqda viloyat Matbuot uyida o‘tkazilgan viloyat Monopoliyaga qarshi kurashish hududiy boshqarmasi boshlig‘i Abror Rajabov ishtirokidagi matbuot anjumanida aytildi.

Anjumanda monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi monopoliyaga qarshi kurashni tartibga solish, raqobat muhitini rivojlantirish, tabiiy monopoliya sub’yektlari faoliyati ustidan nazorat qilish va tovar-xomashyo birjalarini litsenziyalash sohasida davlat boshqaruvi organi qilib belgilanganligi ta’kidlandi.

Bugungi kunda samarali raqobat muhitini yaratish, tovarlar va xizmatlar bozoridagi monopoliyani bosqichma-bosqich kamaytirish iqtisodiyotni yanada rivojlantirish va liberallashtirish vazifalarini hal etish uchun ustuvor yo‘nalish bo‘lib qolganligi sababli mamlakat iqtisodiyotida davlat ishtirokini kamaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar va bozor mexanizmlariga o‘tish amalga oshirilayotgani aytib o‘tildi.

Shu yilning o‘tgan davri mobaynida insofsiz raqobat holatlariga chek qo‘yish masalasida hududiy boshqarmaga 12 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, ularning 6 tasida qonunbuzilish holati borligi aniqlangan. Shuningdek, 6 ta murojaatlarni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha tushuntirilgan.

O‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida,  321 ta holatda  tanlov savdolari  “Raqobat to‘g‘risida”gi va “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunlar talablariga zid ravishda o‘tkazilganligi aniqlangan. Kamchiliklar yuzasidan hududiy boshqarma tomonidan tegishli tartibda ishlar qo‘zg‘atilib, viloyat prokuraturasiga kiritilgan.

Tabiiy monopoliyalarni tartibga solish bo‘yicha hisobot davrida
43 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, barchasi belgilangan tartibda ko‘rib chiqilgan va 1263,9 million so‘mlik asossiz hisoblangan to‘lovlar tadbirkorlik sub’yektlari bo‘lgan iste’molchilarga qaytarilgan.

Bundan tashqari, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning topshiriqlari asosida hududiy boshqarma xodimlari tomonidan 8 ta korxonada tekshirishlar o‘tkazilib, uning natijasida aniqlangan 300,3 million so‘mlik asossiz olingan to‘lovlar 169 ta xo‘jalik yurituvchi tadbirkorlik sub’yektlariga qaytarilishi hamda  jami 2596,6 million so‘mlik jarima summalari undirilishi ta’minlangan.

Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va reklama faoliyatini tartibga solish bo‘yicha hududiy boshqarmaga shu yilning birinchi yarmi davomida jismoniy shaxslardan 1015 ta murojaat kelib tushgan. Ularning 644 tasi uy-joy, kommunal, 235 tasi savdo va umumiy ovqatlanish, 119 tasi aloqa va ijtimoiy xizmatlar hamda 17 tasi reklama va boshqa sohalarni tashkil etadi.

Shuningdek, joriy yilning o‘tgan davrida viloyat bo‘yicha 1250 ga yaqin peshlavha, reklama, e’lon va boshqa axborot matnlari qonun talablariga moslashtirilishiga erishilgan.

Husan Eltoyev.