Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Insoniyat yenggan dahshatli emidemiyalar

Vabo (Chuma)

Barcha infeksiyalarni pandemiya darajasigacha olib borishi natijasida ushbu kasallik shunday nomlangan. Kasallikning qo‘zg‘atuvchisi uning tayoqchasimon mikrobi bo‘lib, u odamga burga yoki kemiruvchilardan o‘tib kelgan.

Dastlab miloddan avvalgi 540 yilda vabo haqida gapirilgan. Keyingi yuz yil ichida esa butun dunyo bo‘ylab epidemiyadan 150 millondan ortiq odam vafot etdi. Falokatning global qamrovligini tushunish uchun o‘sha paytdagi dunyo aholisi 400-450 milliondan oshmaganligini aytib o‘tish joiz. Insoniyatning ushbu kasallik bilan birinchi to‘qnashuvi tarixda o‘sha paytdagi Vizantiya imperatori Yustinian I nomi bilan atalib, “Yustinian vabosi” sifatida boshlandi.

1947 yilda Xitoyning Mansjuriya viloyatida epidemiya avj olganda, dunyoda birinchilardan bo‘lib sovet ittifoqi olimlari streptomitsin dorisini qo‘llay boshlashdi va kasallikni tiz cho‘ktirishga muvaffaq bo‘lishdi. Ularning yordami bilan hatto eng umidsiz bemorlar ham tuzalib ketishdi.

Hanuzgacha vaboning avj olish hollari uchrab turadi. Mutaxassislar davolashning to‘g‘ri usulini, ya’ni antibiotiklar, sulfaminlar va maxsus tayyorlanadigan zardob orqali yo‘lga quyishgan. O‘lim qayd etish hollari esa faqat 5-10 foiz hollarda uchraydi.

Ikkinchi marta vabo “Qora o‘lat” nomi bilan XIV asrda bir vaqtning o‘zida Afrika va Yevroosiyo qit’alarida qayd etildi. Kasallarda kuzatiladigan g‘urra va yiringli yaralar sabab, uni “bubon vabosi” deb ham nomlashdi. Birinchi kasal Gobi cho‘lida qayd etildi va keyingi o‘n yilda Oltin O‘rda askar qo‘shinlari orqali butun dunyo bo‘ylab tarqaldi. Birinchi holatda bo‘lgani kabi infeksiyaning oqibatlari dahshatli edi. Yevropa o‘zining 40 foiz aholisini yo‘qotib, bo‘shab qoldi. Xitoy, Afrika va Hindistonda o‘nlab shahar va qishloqlardagi o‘lganlarning hisobi yo‘q edi.

Vabo tayoqchasi bilan insoniyatning uchinchi tanishuvi 1855 yilda Xitoyda sodir bo‘ldi. Yunnanning tog‘li vodiylari qirq yil davomida vabo bilan yakkalikda kurashishdi. XX asrning boshida esa savdogarlar va armiyalar tufayli infeksiya dunyoning qolgan qismiga tarqaldi. Umuman olganda, uchinchi “to‘lqin” unchalik vayronkor bo‘lmagan bo‘lsa-da, Xitoy va Hindistonga jiddiy ziyon keltirib, 20 millionga yaqin kishi hayotdan ko‘z yumdi.

Xolera vabosi

Xolera vabosi o‘lim oqibatlariga olib keluvchi ichak infeksiyasi sifatida qadim zamonlardan beri insoniyatga ma’lum bo‘lib kelgan. Hatto, Ibn Sino va Sels o‘z ishlarida bu kasallik to‘g‘risida yozgan. Kasallik tananing suyuqligi tezlik bilan yo‘qotilishi oqibatida suvsizlanish kelib chiqib, inson vafotiga sabab bo‘ladi. XIX asrgacha bu kasallik unchalik tajovuzkor bo‘lmagan, faqat zilzila va suv toshqini bo‘lgan joylarda kamdan-kam avj olib turgan.

1816 yilda hozirgi Bangladesh atrofida xoleraning birinchi pandemiyasi boshlandi. Britaniyaning minglab askarlari, milliondan ortiq hindlar va Yava orolidagi yuz mingdan ortiq kishi uning qurboniga aylandi. Asr o‘rtasiga kelib, bu kasallik Rossiyaga ham yetib keldi. Keyinchalik infeksiya Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniyada tarqalib, har bir mamlakatda 60 mingtagacha murda qoldirdi. Keyin okeanni kesib o‘tdi va AQSh va Kanadada 250 mingdan ortiq kishining hayotiga zomin bo‘ldi.

1860 yilga kelib, izlari qariyb yo‘q bo‘lib ketgan infeksiya yana qo‘zg‘adi. O‘shanda Rossiyada bir million, Yevropada esa bir yarim millionga yaqin kishi vafot etdi. 1923 yilga qadar xolera vabosi yana 10 million kishini hayotdan ko‘z yumdirdi. Oxirgi marta pandemiya 1962 yilda e’lon qilinishiga qaramasdan, hozirda ham kasallikning avj olish hollari uchrab turadi.

Kasallikni davolash suvsizlanish va zarur elementlarning yo‘qolishiga qarshi kurashish, shuningdek, virus qarshilik ko‘rsata olmaydigan oddiy antibiotiklarni qo‘llashdan iborat.

Chechak yoki suvchechak (ospa)

Chechak (suvchechak) xolera vabosi kabi hakimlarga qadim zamonlardan tanish bo‘lgan o‘ta yuqumli infeksiya bo‘lib, unga chalingan kishilarning 40 foizi hayotdan ko‘z yumgan. Omon qolganlari esa ko‘r bo‘lib qolgan va umrining oxirigacha badanlarida yaralar izlari qolib ketgan.

Solnomalarda yozilishicha, chechak epidemiyasi birinchi bo‘lib Osiyoda IV- VIII asrlarda qayd etilgan. Kasallik to‘g‘risidagi bilimlarning yetishmasligi halokatli oqibatlarga olib keldi. Yaponiya aholisi 40 foizga, Xitoy va Koreya aholisi to‘rtdan bir qismiga kamaydi. XVII-XVIII asrlarda chechakdan Yevropa va Rossiyada yiliga 1,5 million kishi vafot etdi. Sog‘ayib, ammo nogiron bo‘lib qolganlar soni esa 20 milliongancha yetdi.

Aynan shu paytda bir nechta mamlakatlarning shifokor va olimlari g‘alati bir narsaga e’tibor berishni boshlashdi. Hayvonlar bilan bevosita aloqada bo‘lgan odamlar – sigir sog‘uvchi, cho‘pon, otliqlar boshqalarga qaraganda chechak yoki “qora” chechak kasalligiga kamroq chalinar ekan. Keyinchalik sigir suvchechagi bilan yuqtirib emlash natijasida odamda kasallikdan immunitet hosil bo‘linishi aniqlandi. Ommaviy vaksinatsiya boshlandi, ijobiy natija keyinchalik susayib, qayta emlash talab qilinganda, odamlar o‘zlarini birinchi marta tavakkalchilikka berilib, foyda ko‘rmaganligini ro‘kach qilib rozi bo‘lishmadi. Natijada Yevropada 1875 yildan boshlab yiliga millionga yaqin kishi hayotdan ko‘z yumdi.

1928 yilda joylarda ommaviy emlanish natijasida kasallik insoniyatga tahdid qilishni to‘xtatdi. Lekin XX asrning o‘sha paytigacha 400 milliondan ortiq insonlarning yostig‘ini quritishga ulgurdi. 1958 yilda Sovet ittifoqi olimlari chechakka qarshi kurashish uchun dunyoga 25 million vaksina taklif qilishdi. Hozirda suvchechak butunlay yo‘qotilgan. Uning 2 dona nusxasi “Vektor” Rossiya davlat virusologiya va biotexnologiyalari ilmiy markazi va amerikaning nazorat va profilaktika markazida saqlanar ekan.

Qizig‘i, suvchechak qirol va imperatorlar uchun xavfli kasallik bo‘lib, turli vaqtlarda ushbu kasallikdan Angliya qirolichasi Mariya II, Fransiya qiroli Lyudovik XV va Yaponiyaning uch imperatori vafot etgan.

Ispan grippi yoki “ispanka”

Insoniyat tarixidagi eng halokatli pandemiya o‘zining paydo bo‘lgan joyi – Ispaniya nomi bilan ataldi. 1918 yilda unga 9 million kishi chalingandi. Birinchi jahon urushi va millionlab armiyalarning harakatlari virusning butun dunyo bo‘ylab - Alyaska va Grenlandiyadan tortib, Avstraliya va Amazonkaning changalzorlarigacha tez tarqalishiga zamin yaratdi. O‘sha davr olimlari maqtagan texnik taraqqiyot ham o‘zini ko‘rsatdi. Poyezdlar, kema va dirijabllar virusni shu qadar tez tarqatdiki, dastlab 30 haftada virus 35 milliondan ziyod odamni o‘ldirdi. Ispankadan hammasi bo‘lib 600 million odam yoki Yer sharining uchdan bir qismi kasallandi, 60 milliondan 100 milliongacha kishi hayot bilan vidolashdi.

Dunyoning yirik shaharlarida ko‘chada yotgan o‘liklarni ko‘rish shu daraja odatiy holga aylanib qoldiki, o‘tib ketayotganlar hatto o‘girilib ham qaramasdi, dafn marosimlarining soni dahshatli va qo‘rqinchli paradga o‘xshardi. Nyu-Yorklik bir go‘rkov bir oyda 150 ming dollar ishlab olgan ekan. Lekin o‘sha ishlab olgan pullarni ishlata olmasdan, oddiy grippdan vafot etibdi.

2009 yilda yengilroq qiyofada paydo bo‘lgan “Ispanka H1N1” shtampi ostida o‘z nomini o‘zgartirib, “Cho‘chqa grippi” deya tafsiflandi. Hozirda u  boshqa gripp turlari kabi davolanmoqda.

Bahora MUHAMMADIYEVA tarjimasi.