Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Investorni nima qiynayapti?

Samarqand shahrida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan davlat mulki ob’yektlarini investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlar bilan olgan investorlar ishtirokida davra suhbati o‘tkazildi.

Bir qator mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda Prezidentimizning 2018 yil 11 oktyabrdagi “Davlat mulki ob’yektlarini va yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni tadbirkorlik sub’yektlariga sotish tartibini soddalashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi hamda 2019 yil 18 fevralda qabul qilingan “Davlat mulki ob’yektlaridan samarali foydalanish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonlari  ijrosi yuzasidan olib borilayotgan ishlar, mazkur hujjatlar asosida tadbirkorlik sub’yektlariga yaratilgan qulaylik va imkoniyatlar haqida so‘z yuritildi.

– Davlatimiz rahbarining farmonlariga ko‘ra, 2020 yilning 1 yanvariga qadar davlat ob’yektlariga bo‘lgan huquqlarni sotish tartibini soddalashtirish bo‘yicha eksperiment o‘tkazilmoqda, – deydi davlat aktivlarini boshqarish agentligi boshqarma boshlig‘i O.Mamatov. – Endilikda viloyat hokimlari bo‘sh turgan davlat ko‘chmas mulk ob’yektlarini baholamay turib, 1 so‘m qiymatdagi boshlang‘ich narxda “E-IJRO AUKSION” orqali investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlarni belgilagan holda sotish vakolatiga ega bo‘ldi. Shuningdek, ayrim shartlar asosida bo‘sh turgan ko‘chmas mulk ob’yektlarini auksionsiz ham berishlari mumkin. Bunda tadbirkor kamida 1 million AQSh dollarlik investitsiya kiritish hamda boshqa ijtimoiy majburiyatni olishi kerak.

Yangi tizim asosida Samarqand viloyatida ham muayyan ishlar amalga oshirilgan. Jumladan, joriy yilning o‘tgan davrida 45 ta bo‘sh turgan davlat mulki ob’yektlari “E-IJRO AUKSION” elektron savdo maydonchasida 1 so‘m boshlang‘ich qiymatida savdoga qo‘yilib, ularning 27 tasi 15,9 milliard so‘m investitsiya kiritish va 283 ta yangi ish o‘rni yaratish sharti bilan sotilgan. Bugungi kunda 18 ob’yekt bo‘yicha onlayn-auksion savdolari davom etmoqda.

Davra suhbatida investitsiya majburiyatini olgan tadbirkorlar o‘z faoliyatida duch kelayotgan muammo va kamchiliklar haqida mutasaddilarga murojaat qilib, savollariga javob oldi. Yuzaga kelayotgan masalalarga shu yerning o‘zida yechim izlandi.

Tadbir yakunlangach, agentlik mas’ul xodimlari mutasaddilar bilan birgalikda investitsiya majburiyati olgan tadbirkorlar xarid qilgan davlat mulki ob’yektlarini borib ko‘rdi. Muammoli masalalar joyida muhokama etildi.