Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Ish qidirayotgan hamda ishsiz shaxslar 19 ta kasb hamda 3 ta xorijiy tilni o‘rganishlari mumkin

Shu yo‘l bilan tashkilotlarga doimiy ishga joylashishi, o‘zini-o‘zi band qilishi, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishi va tashkiliy mehnat migratsiyasi yo‘li bilan xorijiy davlatga ishga borishlariga imkoniyat yaratiladi. Buning uchun fuqaro mahalliy mehnat organiga murojaat qiladi va tegishli tartibda ro‘yxatga olinadi.

So‘ngra hamkorlik shartnomasi tuzilgan kasb-hunarga o‘qitish markaziga yo‘llanma asosida yuboriladi. Ishsiz shaxslarni kasb-hunarga o‘qitish va ularni ishga joylashtirish bo‘yicha Ish beruvchi – buyurtmachi - o‘quv markazi va o‘quvchi o‘rtasida to‘rt tomonlama shartnoma tuziladi. O‘quv markazi mehnat organining yo‘llanmasi asosida kasbga tayyorlaydi va o‘quv kursini muvaffaqiyatli yakunlagan tinglovchiga sertifikat beradi.

Sertifikatga ega bo‘lgan shaxs belgilangan tartibda korxona va tashkilotlarga doimiy ishga joylashishi, o‘zini-o‘zi band qilishi, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishi va tashkiliy mehnat migratsiyasi yo‘li bilan xorijiy davlatga ishga borishlari mumkin.

Viloyatda joriy yilda 14 ming nafar ishsiz va band bo‘lmagan fuqarolarni kasb-hunarga o‘qitish rejalashtirilgan. Hozirgi vaqtga qadar 2 mingdan ortiq fuqaro kasb o‘rgatishga jalb etildi.

Bu borada Samarqand va Kattaqo‘rg‘on shahridagi kasb-hunarga o‘qitish markazlari hamda barcha tuman (shahar)larda 16 ta mahalla aholisini kasb-hunarga o‘qitish maskanlari faoliyat yuritmoqda.

Joriy yilning mart oyidan boshlab, Samarqand shahridagi band bo‘lmagan aholiga xizmat ko‘rsatuvchi “Ishga marhamat” monomarkazi o‘z faoliyatini boshlaydi. Ushbu monomarkazda mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan 19 ta kasb hamda 3 ta xorijiy tillarga o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, viloyatda tanlab olingan 48 ta professional ta’lim muassasalarida tashkil etilgan qisqa muddatli kasbga tayyorlash kurslarida ham aholi bandligiga ko‘maklashish markazining yo‘llanmasi asosida kasbga tayyorlanmoqda.

Qayd etish lozimki, ushbu qisqa muddatli o‘quv kurslarida dars o‘tadigan o‘qituvchi va ishlab chiqarish ta’limi ustalarining ish haqlari Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hisobidan to‘lanadi. Amaliy mashg‘ulotlar uchun zarur xomashyo va materiallar har bir kasb bo‘yicha ishlab chiqilgan me’yornoma asosida mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan ta’minlanadi.

E.Rahmatullayev,

viloyat bandlik bosh boshqarmasi kasbga qayta o‘qitishni tashkil etish sho‘’basi boshlig‘i.