Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Ish stajini soxtalashtirish orqali nafaqa rasmiylashtirib bermoqchi bo‘lgan mansabdor ushlandi

Ma’lum bo‘lishicha, kecha, 18 iyul kuni fuqaro Samarqand viloyati huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga shu haqda ariza bilan murojaat qilgan.

Arizaga ko‘ra, u nafaqaga chiqishi uchun Pensiya jamg‘armasi Samarqand shahar bo‘limiga borib, ishlagan vaqtini hisoblatgan, ammo 1 yil 6 oy ish staji yetmagan. Shu yerda o‘zini Pensiya jamg‘armasi Samarqand shahar bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari deb tanishtirgan K.Sh. bilan tanishib qolgan va bu shaxs yetmagan ish stajini soxtalashtirish orqali to‘g‘rilash va nafaqa rasmiylashtirib berish evaziga 300 AQSh dollari talab qilgan.

Mazkur arizaga asosan shu kuni Samarqand viloyati IIB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘limi, DXX Samarqand viloyati boshqarmasi va shahar prokuraturasi xodimlari hamkorligida Pensiya jamg‘armasi Samarqand shahar bo‘limi binosida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbir davomida K.Sh. o‘z xizmat xonasida ariza muallifidan 300 AQSh dollari miqdoridagi pullarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Samarqand viloyati IIB axborot xizmati xabariga ko‘ra, mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.