Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Ishonchli vakil harbiy saylovchilar bilan uchrashdi

O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan Prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyevning Samarqand viloyatidagi ishonchli vakili Rustam Xolmurodov Markaziy harbiy okrug qo‘mondonligi hamda Samarqand garnizonidagi harbiy saylovchilar bilan uchrashdi.

Uchrashuvda ishonchli vakil nomzodning siyosiy faoliyati haqida gapirdi.

- Shavkat Mirziyoyev Prezidentlik lavozimiga saylangandan boshlab birinchi navbatda qo‘shni davlatlar - Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Turkmaniston bilan do‘stona hamkorlik aloqalarini tikladi, - dedi R.Xolmurodov. - Chegaralar ochildi. Qo‘shni davlatlar bilan har tomonlama savdo-iqtisodiy aloqalar o‘rnatildi. Qolaversa, Qurolli Kuchlarimizda tub o‘zgarishlar amalga oshirilib, milliy armiyamiz qudrati yuksaldi.

Shundan so‘ng, okrug qo‘shinlari qo‘mondoni, polkovnik Oybek Saidov hamda bir guruh harbiy xizmatchilar keyingi yillarda Qurolli Kuchlarimizda olib borilayotgan islohotlar natijasi sifatida harbiy xizmatchilarning xalqaro armiya o‘yinlarida erishayotgan yutuqlari, poligonlar infratuzilmasining yangilangani, harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari qo‘llab-quvvatlanayotganligiga to‘xtaldi.

Uchrashuv yakunida ishonchli vakil saylovchi harbiylarni Yangi O‘zbekistonda boshlangan ulkan islohotlarni davom ettirish uchun Shavkat Mirziyoyev nomzodini qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.