Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Ishtixonda sport zallariga inventar xaridi uchun har chorakda 100 million so‘m ajratiladi

Viloyatimizda chorshanba – yoshlar kuni, deb e’lon qilinib, turli uchrashuvlar, madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etib kelinmoqda. 

O‘tgan uch hafta mobaynida viloyatning barcha shahar va tumanlarida 29 marta hokim va yoshlar uchrashuvi o‘tkazilib, ularda 4 ming 339 nafar yigit-qiz ishtirok etdi. Bu uchrashuvlarda yoshlar tomonidan

286 ta taklif va muammolar

 bildirilib, shulardan 170 tasi joyida hal etilgan.

- Yigirma kun ichida tumanimizda uch marta hokim va yoshlar uchrashuvi o‘tkazildi, - deydi yoshlar ittifoqi Ishtixon tuman bo‘limi rahbari Anvar Bekmurodov. – 300 nafardan ziyod yoshlar ishtirok etgan uchrashuvlarda tuman hokimiga 35 nafar yigit-qiz o‘z taklif va muammolari bilan murojaat qildi. Muammolarning aksariyati joyida hal etildi. Jumladan, birinchi uchrashuv o‘tgan kuni 5-umumiy o‘rta ta’lim maktabi kutubxonasi uchun 130 ta kitob, ikkinchi uchrashuvdan so‘ng uyushmagan yoshlardan birining bandligini ta’minlash maqsadida 4,5 million so‘mlik zamonaviy tikuv mashinasi olib berildi. Ahamiyatlisi, murojaatlardan kelib chiqib, hokim tumandagi mavjud 97 ta maktabning sport zallarini zarur  inventarlar bilan ta’minlash uchun yilning har choragida 100 million so‘mdan mablag‘ ajratilishini aytdi.

Yoshlar ittifoqi viloyat kengashidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, 24 yanvar holatiga viloyat hokimi 4 marta yoshlar bilan uchrashgan va 40 ta muammo joyida bartaraf etilgan. Urgut va Payariq tumanlarida 3, Samarqand, Toyloq, Jomboy, Oqdaryo tumanlari va Samarqand shahrida 2, Kattaqo‘rg‘on shahri va boshqa tumanlarda bir martadan hokim va yoshlar uchrashuvlari o‘tkazilgan.

To‘lqin SIDDIQOV.