Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Ishtixondagi yo‘l masalasida hokimlik ham, viloyat avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi ham va’dasini bajarolmadi

Tumanning Yo‘g‘ontepa mahallasidagi atigi bir kilometrlik yo‘l so‘nggi ikki oyda ancha mashhur bo‘lib qoldi.

Viloyat hokimligi va Zarnews’ning umumiy — @zarafshonbot manziliga mahalla ahli dastlab 10 noyabr kuni murojaat qilgan edi:

“Bir oy oldin bu yo‘limiz asfalt edi. "Ta’mirlaymiz", deb bir kilometr asfaltni qirib, tosh ko‘chaga aylantirishdi-yu, shu bilan yo‘lsozlarning o‘zi ham ko‘rinmay ketdi.

Endi tuppa-tuzuk ko‘chamizda yurib bo‘lmay qoldi. Ayniqsa, o‘quvchilar maktabga borib kelishga qiynalyapti...”, deyilgandi murojaatda.

Oradan hech qancha vaqt o‘tmay ham Ishtixon tumani hokimligi, ham viloyat avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi 2021 yilning 25 noyabr kuniga ko‘cha ta’miri to‘liq bajarilishini rasman ma’lum qilgandi. Mana o‘sha bayonot:

"Ishtixon tumani “Yo‘g‘ontepa” mahallasi Minglar va Dusat qishlog‘ini bog‘lovchi ichki yo‘lning 1,2 kilometr qismi 2021 yil O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-5048-sonli qaroriga asosan Davlat dasturiga kiritilgan bo‘lib, 486 million 760 ming so‘m mablag‘ ajratilgan.

Bugungi kunda 4 ming metr qismiga asfaltobeton qoplamasi yotqizildi, qolgan 800 metr qismi yog‘ingarchilik bo‘lganligi sababli qurilish ishlari to‘xtab qoldi.
2021 yilning 25 noyabr kuniga qadar ishlar to‘liq bajarilishini ma’lum qilamiz".

Ammo bugun 1 kilometr yo‘l uchinchi bor OAV yuzini ko‘rmoqda. Chunki aholi aytilgan vaqtdan shuncha o‘tib ham yo‘l ta’mirlanmaganini ma’lum qilmoqda. Nima ham derdik, yo‘lni ta’mirlash qiyin, va’da berish esa oson...

***

Ushbu maqola Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi granti loyihasi asosida tayyorlandi.