Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Ishtixondan Qo‘shrabotga mashina bo‘lmaydimi? Payariqqa-chi?

Geografik jihatdan Ishtixon tumani Qo‘shrabot, Payariq, Oqdaryo va Kattaqo‘rg‘on tumani hamda Kattaqo‘rg‘on shahri bilan tutash. Tabiiyki, hudud aholisida ushbu tumanlarga borish-kelish zarurati mavjud.

Tuman markazidan Oqdaryo tumaniga borishga to‘g‘ri kelsa “Samarqand - Ishtixon” yo‘nalishida qatnovchi avtomobillar yo‘l-yo‘lakay aytgan manzilingizga tashlab o‘tadi. Shunda ham yo‘l kira haqini yo‘nalish oxirigacha bo‘lgan narxda to‘lasangiz, albatta. Oqdaryo tumanidan Ishtixonga kelish birmuncha arzonga tushadi. Negaki, Ishtixon - Samarqand yo‘nalishida qatnovchi avtobus Loyish qo‘rg‘oniga ham kirib o‘tadi.

Lekin Ishtixon tumani markazidan (aynan markazdan bo‘lishi shart emas) Kattaqo‘rg‘on tumaniga borish uchun, avval Kattaqo‘rg‘on shahriga yetib olishingizga to‘g‘ri keladi. Negaki, Kattaqo‘rg‘on tumaniga to‘g‘ridan-to‘g‘ri transport qatnovi yo‘lga qo‘yilmagan.

Mas’ullarning ma’lumotiga ko‘ra, Ishtixon tumani markazidan Kattaqo‘rg‘on shahrigacha “Ramziddin effekt” mas’uliyati cheklangan jamiyatining 11 ta “Damas” rusumli avtoulovi qatnab turibdi. Biroq bu gapga faqat mas’ullargina ishonishlari mumkin. Chunki, Ishtixon tumani markazidagi chorrahada “Aka, Kattaqo‘rg‘ongami?”, deb qo‘lingizdan tutgan haydovchilar “Neksiya” yoki “Lasetti” rusumli avtomobilni ko‘rsatadi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Ishtixon tumanidan Qo‘shrabot yoki Payariq tumani yo‘nalishida rasmiy avtomobillar qatnovi yo‘lga qo‘yilmagan. Qiziq-a?

Chunki umrida bir marta bo‘lsayam ushbu yo‘nalishdan o‘tib qolgan odam biladi: Ishtixondan eng ko‘p qatnov aynan shu ikki yo‘nalishda amalga oshiriladi. Balki bir kunda Samarqandga ham buncha odam borib, kelmasa kerak. Lekin yuqorida aytganimday bu yo‘nalishda rasmiy qatnov yo‘q. Nima bu nazorat idoralarining xo‘ragimi? Yoki mas’ullar shunday yo‘nalish borligini unutishganmi?

Takliflar o‘rganilganmi?

Aksariyat hollarda nazorat tadbirlari muayyan yo‘nalishda noqonuniy faoliyat olib borayotgan kirakashlarga chora ko‘rish bilan yakunlanadi. Navbatdagi savol: nima uchun yo‘nalishda transport xizmati ko‘rsatishni yaxshilash bo‘yicha vazifalar haqida o‘ylab ko‘rilmaydi?

Odam tashish bilan qonuniy shug‘ullanadigan aksariyat kirakashlar bilan suhbatlashsangiz, buning uchun ruxsat etiladigan litsenziyaning qimmatligidan nolishadi. Transport xizmati ko‘rsatuvchi korxonalar ham noqonuniy taksichilardan nolib, ularni qonuniylashtirish haqida gap ketganda aksar hollarda yuqoridagi sabab bilan hech kim ularga a’zo bo‘lmasligini ro‘kach qiladi.

Bu qaysidir ma’noda to‘g‘ri va ayni haqiqat. Ammo bu yechimsiz muammo degani emasku. Masalan, bugun Samarqand shahrida zamonaviy turdagi taksi xizmatlari paydo bo‘lgan va ular xizmatidan ko‘pchilik foydalanmoqda. Aytish mumkinki, ulardan litsenziya olish mutlaqo bepul yoki ayrimlarida hamma haydovchiga ma’qul bo‘lgan darajada arzon.

Joriy yilda o‘tkazilgan xalq deputatlari viloyat Kengashining sessiyalaridan birida viloyat transport boshqarmasiga aynan ulardagi boshqaruv va ish uslubini boshqalarga ham targ‘ib qilish vazifasi yuklangan edi. Biroq bugungi ahvol bu ish amalda olib borilmaganligini ko‘rsatib turibdi.

Nazarimda, odam tashish xizmati bilan shug‘ullanayotgan haydovchilarning qonuniy ishlashi uchun oson va qulay bo‘lgan talablarni yo‘lga qo‘yish shart. Bu birinchidan yo‘nalishlarda yo‘l kira haqi odam ko‘p vaqtda oshib, kamroq bo‘lgan vaqtda me’yoriga kelib qolishining oldini oladi. Eng muhimi, qonuniy kirkashlar ko‘payib, odamlar bu xizmatdan rozi bo‘ladi.

Avtoboshbekat qayerda?

Aslida Ishtixon tumani markazida bir emas, ikkita avtoboshbekatga ehtiyoj mavjud. Birida qishloqlarga qatnovchi yengil avtomobillar va avtobuslar joylashsa, ikkinchisi Samarqand shahri va qo‘shni tumanlarga odam tashuvchi transport vositalariga xizmat ko‘rsatishi mumkin.

Biroq ayni paytda Ishtixon tumani markazida bitta avtobus to‘xtash joyi - “karmashka”ni hisobga olmaganda avtomobillar to‘xtab, yo‘lovchi olishi uchun deyarli sharoit yaratilmagan. Bir qarashda bu alohida mavzu. Biroq yo‘lovchilarga qulaylik yaratish, xususan, namunali transport xizmati ko‘rsatish uchun ham bu masalani e’tibordan chetda qoldirib bo‘lmaydi. Qolaversa, aholi tashishdagi muammolar haqida gap ketganda transport boshqarmasi boshqa ishlar qolib, eng avval shu muammoni tilga oladi. Bu masalada davlat rahbarining qarori qabul qilingan. Biroq viloyatimizdagi ko‘pgina tumanlarda bu hamon e’tibordan chetda qolib kelmoqda. Nega?