Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Isroildan maktub: Tez yordam chaqirsa, avval hamshira keladi

Uzoq yillar hamshira sifatida faoliyat yuritdim. Vaqt o‘tib, bilimimni oshirish uchun hozirgi Samarqand davlat tibbiyot universitetiting oliy hamshiralik fakultetini ham tugatib, ishladim. Kasbimni juda yaxshi ko‘raman va doim uni takomillashtirish, hamshiralarning jamiyatdagi rolini oshirish bo‘yicha o‘z fikrlarimni Samarqandda ishlab yurgan kezlarim ham bildirganman.

Ayni paytda Isroil davlatidaman. Kelganimdan buyon bu yerdagi tibbiyot, xususan, hamshiralar faoliyatini kuzatishga harakat qilaman. Yaxshisi, buni bir misol orqali tushuntirib bersam. Bir kuni men parvarish qilayotgan 93 yoshli onaxonning mazasi qochib qoldi. Men bu haqda uning oilasidagilarga xabar berdim, ular o‘z navbatida tez tibbiy yordam xizmatiga qo‘ng‘iroq qildi. Oradan besh daqiqa o‘tgach, hamshira keldi. Avvaliga hayron qolgandim. Keyin bu haqda batafsil ma’lumotga ega bo‘ldim. Tez yordam bo‘limidagilar uni chaqirgan xonadonga eng yaqin bo‘lgan masofada istiqomat qiluvchi xodimiga, ya’ni hamshiraga bog‘lanar ekan. Hamshira uyida bo‘lsa-da, doim o‘ziga zarur tibbiy vositalar, dori qutisi bilan yuradi. Hamshira bemorni ko‘rgach, uning vaziyatini baholaydi, zarur bo‘lganda birinchi tibbiy yordam ko‘rsatadi. Faqat ehtiyoj bo‘lsagina, shundan so‘ng tibbiy yordam brigadasini chaqirtiradi. Hamshira xulosasidan so‘ng bemor uyda qoladi yoki tez yordam kelib, uni shifoxonaga olib ketar ekan. 

Hamshiraga bildirilgan ishonch va mazkur jarayonda unga yuklatilgan vazifa uning mas’uliyatini oshiribgina qolmay, ish haqiga qo‘shimcha rag‘bat bo‘ladi. Shuningdek, tez yordam chaqiruvlari kamayib, shifokor mehnatiga ehtiyoj ko‘proq bo‘lgan bemorning yonida bo‘lishiga imkoniyat oshadi.

Yurtimizda ayni kunlarda tibbiyotga qaratilayotgan e’tiborni ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar orqali ko‘rib, kuzatib boryapmiz. Keyingi yillarda hamshiralar xizmati, ularning tizimdagi rolini oshirishga e’tibor qaratilayotgani juda yaxshi. Bugun ayniqsa, oliy ma’lumotli hamshiralar soni ortayotganini inobatga olib, ularning mas’uliyatini oshirish, rag‘batlantirish fursati keldi, deb o‘ylayman.

Shahodat Botirqulova,

Isroil, Tel-Aviv.