Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Issiqxona qachon bitadi, Xoliqulov!

Xat tahrirsiz bosilmoqda

Nurobod tumani hokimligi va “Nurobod agro tomorqa servis” MChJ e’tiboriga!

Sizlarga qilgan murojaatlarim natijasiz qolavergach, dardlarimni gazeta orqali aytishga qaror qildim.

Yaxshi bilasizlar, o‘tgan yil bizning Jom qishlog‘imizda “Obod qishloq” dasturi asosida juda katta obodonlashtirish ishlari bajarildi. Aholi uy-joylari ta’mirlanib, bank krediti asosida hovlilarda ixcham issiqxonalar qurishga kirishildi. Qishloq joyda bunday imkoniyat berilishi ko‘pchilik uchun kutilmagan imtiyoz bo‘ldi. Biz ham bundan xursand bo‘lib, uyimizda 1 sotix hajmdagi issiqxonani barpo etishga qaror qilgandik.

Kelinim N.Norboyeva nomiga ATIB “Ipoteka bank” Ko‘ksaroy filialidan 5 million 321 ming so‘m kredit mablag‘i ajratilib, mening kafilligim ishtirokida uch tomonlama shartnoma tuzildi. Bankka e’tirozim yo‘q, mablag‘ni “Nurobod agro tomorqa servis” MChJ hisob raqamiga o‘tkazib berishdi. Jamiyat esa shartnomaga ko‘ra, asosiy ijrochi sifatida belgilangan muddatda uzunligi 16 metr, eni 6 metr, chuqurligi 2 metr bo‘lgan issiqxonani qurib berishi lozim edi.

Oradan 10 oyga yaqin vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, issiqxona haligacha tayyor emas. Tashkilot avval issiqxonaning o‘rasini qazib, to‘xtab qoldi. Viloyat hokimiga murojaat qilganimizdan so‘ng karkaslarni o‘rnatdi. Bu ishlar ham chala bajarildi.

Bu orada bir necha bor tashkilot rahbari B.Xoliqulovga murojaat etdim. Lekin natija yo‘q. Yuqori idoralarga murojaat qilganimizdan so‘ng tuman hokimi o‘rinbosari, Jom mahalla fuqarolar yig‘ini raisi va “Nurobod agro tomorqa servis” MChJ rahbari xonadonimizda bo‘lib, 2018 yil 25 sentyabrga qadar issiqxonani ishga tushirishni va’da qilib, dalolatnoma ham tuzib ketishgandi. Ammo bu dalolatnoma ham dalolatnomaligicha qolib ketdi.

Bunday o‘rtasarson “issiqxonachilar” Jomda juda ko‘pchilik ekanmiz. Aksariyati men kabi kafillikka o‘tgan yoki kreditni o‘z nomiga rasmiylashtirganlar yo‘q issiqxona uchun to‘lovlarni to‘lab kelyapmiz.

Endi ayting-chi, biz yana kimga murojaat qilaylik, kredit to‘lovini nimaning hisobidan to‘laylik, issiqxona uchun bank tomonidan ajratilgan pul qayerga ketgan?

Olimjon NORBOYEV,

Nurobod tumani Jom mahallasi.