Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Istanbuldan Buxoro va Samarqand shaharlariga charter reyslar yo‘lga qo‘yiladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 13 avgustdagi turizm sohasini jadal rivojlantirish to‘g‘risidagi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi hamda “Uzbekistan Airports” AJ tomonidan xorijiy aviakompaniyalarni jalb qilishga doir faol ish olib borilmoqda.

Ta’kidlash joizki, Turkiya aviatashuvchi vakillarining 8 oy davomida o‘z yechimini kutayotgan masalasi O‘zbekiston va xorij davlatlari shaharlari o‘rtasidagi aviatashuvlarni oshirish yo‘lida ko‘rilgan choralar hamda “Uzbekistan Airports” AJ sa’y-harakatlari bilan hal bo‘ldi.

Amalga oshirilgan ishlar natijasida masala ijobiy hal bo‘ldi hamda Turkiyaning “Atlasglobal Airlines” aviakompaniyasiga parvozlarni amalga oshirish uchun ruxsat berildi. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi xabar berdi.

Ma’lumot uchun: “Atlasglobal Airlines” (2015 yilgacha “Atlasjet Havacılık A.Ş” deya yuritilgan) — Turkiyaning Yevropa va Osiyo, shuningdek, mamlakat ichida muntazam va charter yo‘lovchi aviatashuvlarini amalga oshiruvchi aviakompaniyasi hisoblanadi. “ETS Group”ga tegishli ushbu aviakompaniya Istanbuldagi yangi aeroportda joylashgan bo‘lib, Dalamanda qo‘shimcha xabga ega. Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, Turkiya aviakompaniyasi jurnalist, bloger, turistik firmalar rahbarlari va xodimlari, shuningdek, din arboblari va olimlarni jalb qilgan holda ikki charter reysni amalga oshirishni rejalashtirgan.

“Atlasglobal Airlines” O‘zbekistonning “Grand Atlas Discovery” kompaniyasi ko‘magida 31 oktyabr – 4 noyabrda “Istanbul-Buxoro” va “Samarqand-Istanbul” yo‘nalishidagi birinchi charter reysini amalga oshiradi. “IATA summer 2020” yoz mavsumidan boshlab esa “Atlasglobal Airlines” aviakompaniyasi tomonidan ziyorat turizmini rivojlantirish maqsadida 50 ta aviareysni amalga oshirish rejalashtirilgan. Buning natijasida O‘zbekistonga 10 mingdan ziyod sayyohning tashrifi kutilmoqda.