Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Iste’moldagi qaysi tuzda yod borligini bilasizmi?

Yod –qalqonsimon bez gormonlarining tarkibiga kiruvchi modda bo‘lib, organizmda ishlab chiqarilmaydi. Ya’ni faqatgina tashqaridan qabul qilish orqali uning organizmdagi o‘rnini to‘ldirish mumkin.

12 yoshgacha bo‘lgan bolalarda sutkalik yodga ehtiyoj 100 mkg.ni tashkil qilsa, 12 yoshdan katta bolalar va katta yoshlilar uchun 150 mkg.ni, homilador va emizikli ayollar uchun 250 mkg.ni tashkil  etadi.

BJSST ma’lumotiga ko‘ra, dunyo aholisining 30 foiz qismi yod yetishmasligi orqali kelib chiqadigan kasalliklar xavfi bilan yashaydi. 40 milliondan ortiq kishilar esa aynan yod yetishmasligi tufayli aqliy rivojlanishdan orqada qolgan. Viloyatimiz bo‘yicha endemik bo‘qoq  bilan 32832 nafar bemor dispanser  nazoratiga  olingan.

Sutkalik yodga bo‘lgan ehtiyojni qondirishda osh tuzi muhim vosita hisoblanadi. Chunki u ovqatga kimyoviy  qayta ishlanmasdan solish mumkin bo‘lgan yagona mineral sanaladi. Tuz ijtimoiy –iqtisodiy holatidan qatiy nazar, har bir oilada ishlatiladi. Shuningdek, ishlatish miqdori yil fasllariga yoki boshqa ta’sirlarga  bog‘liq emas. 5 gramm osh tuzi qabul qilish orqali  100-150 mkg yod qabul qilinadi.

Samarqand viloyati endokrinologiya dispanseri xodimlari olib borgan  so‘rovnoma natijasiga ko‘ra,  shahrimiz aholisi tomonidan  eng ko‘p ishlatiladigan osh tuzlari «Kristall Tuz»,« Sam Orzu»,«Safir »,«Almaz», «Bek Baraka» hisoblanar ekan. Samarqand viloyat DSENM tomonidan 2019 yil 6 may kuni  ushbu osh tuzlaridan  olingan namunalar tekshirib ko‘rildi. Natijada «Kristall Tuz» tarkibida yod miqdori 3,7 mg/kg (normada 25-55mg/kg), « Sam Orzu» tarkibida yod miqdori 5.8 mg/kg, «Safir » tarkibida yod mikdori 29.1 mg/kg, «Almaz»  tarkibida yod miqdori 34.4 mg/kg, «Bek Baraka» tarkibida yod miqdori 39.7 mg/kg ekanligi aniqlandi. Demak, biz iste’mol qilayotgan tuzning asosiy qismi talab normalariga javob bermaydi. Bu esa o‘z navbatida yod yetishmasligi natijasida kelib chiqadigan kasalliklarning ko‘payishiga zamin yaratadi.

Gulzoda Negmatova,

viloyat endokrinologiya dispanseri bosh shifokori.