Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Istiqbol mahallasi joriy yil “Obod qishloq” dasturi asosida markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanadi

Paxtachi tumani mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi kecha, 28 fevral kuni Zarnews.uz telegram kanalida "Istiqbol"ning istiqboli bormi? sarlavhasi bilan e’lon qilingan tanqidiy maqola yuzasidan quyidagilarni ma’lum qiladi:

Istiqbol mahalla fuqarolar yig‘inida 421 ta xonadon mavjud bo‘lib, 2044 nafar fuqaro istiqomat qiladi. Mahalla “Obod mahalla” davlat dasturiga kiritilgandan so‘ng barcha xonadonlar o‘rganib chiqildi. O‘rganish davomida aniqlangan 595 ta muammoli masalalarning 566 tasi joyida hal etildi. Qolgan muammolarning yechimi yuzasidan tegishli tashkilotlarga axborot yuborilgan va ularning yechimi yuzasidan ishlar olib borilmoqda. Tadbir davomida mahallaning 5600 metr tuproqli yo‘llariga shag‘al tosh yotqizildi. Mahalla fuqarolariga 543 ta gaz ballon yetkazib berildi. O‘ta og‘ir sharoitda yashayotgan 17 nafar fuqaro xonadonining fasad qismi ta’mirlab berildi. “Temir daftar”ga kiritilgan 9 nafar fuqaroga 16 turdagi yordam ko‘rsatildi. “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 399 nafar fuqaroning 11 nafariga, “Ayollar daftari”ga kiritilgan 405 nafar fuqaroning 5 nafariga yordam ko‘rsatildi.

Ushbu mahallada yashovchi 70 yoshli fuqaro Rista Xo‘jamurodovaning qizi (1-guruh nogironi) va katta qizining farzandi (nevarasi) bilan birga yashaydi. Mahallada “Temir daftar”da ruyxatda turadi. “Temir daftar”da ro‘yxatda turgan fuqarolarga berilgan barcha imtiyozlar bilan ta’minlangan. Mahalla fuqarolar yig‘inining doimiy nazoratida. Nogiron qizi joriy yilning fevral oyida nogironlar aravachasi bilan ta’minlangan.

Ushbu mahallaga yondosh bo‘lgan Yobu, Mirzo Nodim, Gulshan, Toma mahallalarida 38 kilometr ichimlik suv quvurlarini tortish 2017-2021 yillarda ichimlik suv ta’minoti tizimini yaxshilash borasida amalga oshiriladigan chora-tadbirlarning manzilli ro‘yxatiga kiritilgan. 2021 yilda “Obod qishloq” dasturi asosida Istiqbol mahallasi aholisini ham uzluksiz markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida byudjet mablag‘lari hisobidan 10,8 kilometr ichki tarmoqlar qurilishi rejalashtirilgan.

Mazkur “Obod qishloq” dasturi loyihasi viloyat iqtisodiyot boshqarmasida taqdimot qilinib, dastlabki loyiha hujjatlari va chizmalari ustida ish olib borilmoqda.