Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Izsiz g‘oyib bo‘lganlar

Insoniyat tarixi davomida son-sanoqsiz odamlar sirli ravishda izsiz g‘oyib bo‘lgani hodisasi hamon jumboqligicha qolmoqda. Yer yuzida yovuz joylar bor va qo‘rqinchli hodisalar bu joyda bir necha marta sodir bo‘lgan hollar ma’lum.

...Qadimdan boshlasak. O‘z qo‘shinini kuzdan kechirayotgan Rim asoschisi Romul havoga singib ketgandek g‘oyib bo‘ladi. Qadimgi yunonlarni jang payti kamon o‘qidan qulagan jangchining g‘oyib bo‘lgani dahshatga soladi: uning kamoni va qalqoni joyida, o‘zi esa yo‘q edi.

1889 yil 30 iyulda Gretsiyadagi Olimp tog‘iga Mister Makmilian ko‘tariladi. Qoyaga chiqqach, pastdagi do‘stlariga qo‘llarini silkitadi va... g‘oyib bo‘ladi. Va’da qilingan mukofotga qaramay, uni qidirish bekor ketadi.

1987 yilda Sibir taygasida odamlarni dahshatga solgan “Iblis yalangligi”ni qidirib yo‘lga chiqqan tomsklik havaskor ekspeditsiya bedarak yo‘qoladi. Barcha ishtirokchilar tajribali sayyohlar edi va o‘zlari bilan o‘qotar qurol va signal vositalari olib, bir necha marta Sibir taygasini kezib chiqqandi. Ular qayerga, qanday g‘oyib bo‘lgan noma’lum, hech kim qaytib ko‘rmagan.

1936 yilda Krasnoyarskdan sal naridagi Yelizaveta qishlog‘ida ruy bergan voqea navbatdagi yo‘nalishdan o‘z bazalariga qaytayotgan geologlarni dahshatga solgan. Qishloqda uylardagi buyumlarga teginilmagan bo‘lsa-da, birorta odam yo‘q edi. Geologlar oynalarni sindirib ichkariga kirishadi va eshik-derazalar uy jihozlari bilan to‘sib qo‘yilganini ko‘rishadi.

Odamlar qani? Bechoralar kimlardan o‘zlarini himoya qilishgan, hamma tomoni mustahkam berkitilgan xonalardan qanday g‘oyib bo‘lishgan?

Geologlar darhol mahalliy millitsiyaga xabar qilishadi, yetib kelgan tezkor guruh barchasini titkilab, birorta dalil topisholmaydi. Geologlardan bu haqda og‘iz ochmaslikni so‘rab tilxat olib qaytib ketishadi.

Turli mamlakatlarda bunday sirli hodisalar ko‘plab qayd etilgan. Biroq hozirgacha bu sirning tagiga yetilgani yo‘q.

T.Shomurodov tayyorladi.