Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Jilovlanmagan jahl jinoyatga yetakladi

Zamonamizning tinchligi, osoyishtaligi - farzandlarimiz iqboli. Ammo ana shu ne’matning qadriga yetmay, farzandlari istiqbolini o‘z qo‘li bilan parokanda qilayotgan kimsalarning qilmishini to‘qlikka sho‘xlikdan o‘zga narsa, deb bo‘lmaydi.

Baxriddin Sabirov amakivachchasi Xayriddin Sabirovning iti tishlab olganidan alamzada bo‘lib yurgandi. O‘sha kuni ishdan qaytishida Xayriddinning eshik yonida turganini ko‘rib, g‘ashi keldi. Boplab ta’zirini bermoqchi bo‘lib mashinasidan tushdi-yu, amakivachchasiga  tashlandi. «Itingni bog‘lab qo‘ysang o‘lasanmi?!».

Bir insonning hayotdan bevaqt ketishi-yu boshqasining uzoq muddatga ozodlikdan mahrum bo‘lishiga sabab bo‘lgan holat shugina edi. Juda oddiy, to‘g‘rimi? Ammo ba’zida mana shunday oddiy tuyulgan hodisalar jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Ikki qarindoshning o‘zaro janjallashayotganini ko‘rib, nahot, hech kim «Qo‘yinglar, uyat bo‘ladi-ya», demagan bo‘lsa, deb o‘ylayotgan bo‘lishingiz mumkin. O‘tgan-ketganlar orasida aralashganlar, bosh silkib, “attang” deganlar ham bo‘ldi. Hatto Baxriddin Sabirov amakivachchalarni ajratmoqchi bo‘lganlarning biridan axloqsiz so‘zlari uchun yaxshigina kaltak ham yedi. Ammo bu uni hushyor torttirish o‘rniga battar jazavaga soldi.

«Seni o‘ldiraman! Qo‘limdan sog‘ chiqib bo‘psan!». Yetti osmonni larzaga solgandir bu hayqiriq. U niyatini tiliga chiqardi, niyat esa mustajob bo‘lishga hozir edi.

Yo‘l bo‘yida qo‘shnilarining ur-to‘polon qilayotganlarini ko‘rib, to‘xtamaslikning ilojini qilolmagan A’zamjon Otamirzayev ham ishdan qaytayotgan edi.

– Axir uyat emasmi? Qilayotgan ishingizni qarang! Farzandlarimizning oldida shu ish yarashadimi?!

Baxriddin Sabirov ayni dam nasihat eshitadigan ahvolda emasdi. Aksincha, uni tartibga chaqirishgani sari u battar g‘azablanardi. Bu vaqtda Baxriddin uyidan pichoq olib chiqib, uni kaltaklagan qo‘shnisi Ixtiyor Malikovga yopishib ketdi. Voqealar bunday tus olishini kutmagan A’zamjon Otamirzayev shoshib qoldi. «Axir uni o‘ldirib qo‘yishi mumkin-ku», deya oraga tushdi. Ixtiyor Malikov jon talvasasida qochib qoldi-yu havoda yovuzlik bilan “qaqshanib” turgan pichoq ortiga qaytmadi. U A’zamjon Otamirzayevning naq bo‘yniga kelib sanchildi.

Baxriddinning yuz-ko‘ziga sachragan qip-qizil qon yuqi birdan uni hushyor torttirdi. Go‘yo qonni ko‘rib, vajohati, g‘azabini unutib, ortiga tisarildi. Birov «Tez yordam» chaqirgan, birov A’zamjonning tepasiga yugurgan, birov uyiga chopgan... Xullas, it egasini tanimaydi. Darvoqe, hammasi it tishlaganidan boshlangan edi.

Jinoyat sodir etilgan paytda Baxriddin Sabirov spirtli ichimlik ichgandi. Ammo bu uning qilmishini yengillashtirmaydi. 

A’zamjon Otamirzayevning bo‘ynidan otilayotgan qonni ko‘rgan Baxriddin shok holatiga tushib qolgandi. Ayni damda hech kim unga e’tibor bermas, hech kimning u bilan ishi yo‘q edi.

Baxriddin Sabirov amakivachchasiga achchiq qilib, «Bir adabini berib qo‘ymasammi...», degan gapi uchun qattiq pushaymon bo‘ldi. Lekin endi barini ortga qaytarib bo‘larmidi?! Birgina yomon niyat, shum qarash tufayli bir inson hayotdan bevaqt ko‘z yumdi. Kimdir bir umrga boquvchisi, suyangani, ishonganidan ayrildi, kimdirning esa otasi uchun boshi egildi.

Qilg‘ilikni qilib qo‘yib, bugun o‘z yog‘ida qovrilayotgan Baxriddin Sabirov umrining 18 yil 6 oyini temir panjara ortida o‘tkazishga mahkum etildi.

1981 yilda tug‘ilgan, to‘rt nafar farzandning otasi, shu yoshgacha halol rizq bilan oila boqib kelayotgan Baxriddin Sabirovning alamzadaligi yaxshi bir inson, oilaboshi, xuddi o‘zi kabi to‘rt nafar farzandi bor yoshgina qo‘shnisining bevaqt o‘limiga sabab bo‘ldi.

Yaxshi-yomondan hikmat izlaymiz. Bu xunuk voqea ham kimningdir hayotida yaxshilik sari burilish yasasa, muddaoga yetganimiz - shu. Illo, bunday savdo hech bir zamondoshimizning boshiga tushmasin!

Akramjon ARIPOV,O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi katta konsultanti.