Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Jomboyda maqom kechalari tashkil etiladi

Bugun biz, yoshlar zamonaviy texnologiyalar asrida yashayapmiz. Istagan spektaklni, madaniy kechalarni, badiiy filmlarni internet tarmog‘i orqali kunning hoxlagan vaqtida tomosha qilishimiz mumkin. Ammo sahnada spektakl qahramonlari bilan birga ularning hayajoniga sherik bo‘lish kishiga o‘zgacha hayajon bag‘ishlaydi.

Bu borada teatrlarimizning o‘rni beqiyos. Afsuski, tumanlarda teatrlar faoliyat yuritmaydi. Shu sabab barcha tumanlarda aholining madaniy dam olishi, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi uchun madaniyat markazlari tashkil etilgan. Bugun Jomboy tumanida ham 3 ta madaniyat markazi faoliyat yuritadi. Ularda 274 ta to‘garak tashkil etilgan bo‘lib, 898 nafar yoshlar qamrab olingan. Ular bo‘sh vaqtida hunarmandchilik va san’atning biror yo‘nalishini o‘rganish bilan birga bundan madaniy dam oladi.

Oddiy misol. Tasviriy san’at to‘garagiga qatnashib, tabiat manzarasini chizdingiz. Unga boqib qanchalik estetik zavq olishingizni bilasizmi? Nafaqat siz, balki boshqalarga ham yoqimli kayfiyat ulashasiz. Yoxud o‘z qo‘lingiz bilan ko‘zacha asab, yaqin kishingizga hadya qildingiz. Bu unga bir olam quvonch baxsh etishi shubhasiz. Asta-sekin ularni yasab, sotish imkoniyati ham paydo bo‘ladi.
Shuning uchun madaniyat markazlarida, san’at dargohlariga yoshlarimizni qiziqtirish, ko‘proq jalb etish lozim. Ularning san’at orqali ma’naviy olamini boyitish mumkin. Shu bilan birga tumanimizdagi 56 ta umumta’lim maktabiga ham 250 dan ortiq to‘garaklar tashkil etilgan. Maqsad o‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularga saboq berish.

Bu yil tumanimizda iste’dodli yoshlarni har tomonlama rag‘batlashtirish borasida ham bir qator ishlar amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Jumladan, madaniyat va san’at sohasida alohida yutuqlarga erishgan 5 nafar yoshlarni madaniyat va san’at oliygohlarida mahalliy byudjet hisobidan o‘qitish hamda tumanda alohida iqtidorga ega bo‘lgan 15 nafar iste’dodli yoshlarni saralash, tarbiyalash hamda ularni rag‘batlantirish choralarini ko‘rish belgilangan. Bu kabi tadbirlar chekka hududdagi yoshlarda o‘ziga bo‘lgan ishonchni uyg‘otib, iste’dodini shakllantirishga va yanada rivojlantirishga ham amaliy, ham ma’naviy ko‘mak beradi.Jomboy tumani xalq og‘zaki ijodiga boy hudud. Bugun momolarimizdan qolgan laparlarni, aytishuvlarni qayta tiklash, milliy nomoddiy madaniy merosimizni asrash va ularni yoshlarimiz orasida keng targ‘ib qilish maqsadida “Qadim xalq ohanglari” festivalini tashkil ham rejalashtirilgan. Shu bilan birga “Jomboy taronalari” xalq ansambli ham 10- va 19-son bolalar musiqa va san’at maktablari badiiy jamoalari aholining madaniy dam olishi uchun o‘z konsert dasturlarini namoyish etadi. Elimiz ardog‘idagi yozuvchi va san’atkorlar hamkorligida maqom kechalarini tashkil etish ham rejalashtirilgan. Bu kabi tadbirlar yoshlarning vaqtini mazmunli o‘tkazish bilan birga ularning milliy qadriyatlarimizga bo‘lgan muhabbatini uyg‘otishi shubhasiz.

Shahzoda Hamidova,
O‘zbekiston yoshlar ishlari agentligi Jomboy tumani bo‘limi boshlig‘i.