Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Jomboyda xalq kutubxonasi ochildi

Jomboy tumanining Ko‘kgumbaz mahallasida joylashgan madaniyat va aholi dam olish markazi qoshida xalq kutubxonasi tashkil etildi.

Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan besh tashabbusning biri yoshlar o‘rtasida mutolaa madaniyati va kitobxonlik ko‘nikmasini shakllantirish hisoblanadi. Ushbu loyiha bo‘yicha nafaqat markaziy shaharlar, balki chekka hududlarda ham kutubxonalar tashkil etilayotgani quvonarli.

Ko‘kgumbaz mahallasi tumanimiz markazidan bir muncha uzoq bo‘lib, yaqin atrofda maqtangulik axborot-resurs markazi yo‘q. Shu ma’noda boshlangan ushbu xayrli tashabbusning ahamiyati katta.

Kutubxona faoliyati uchun madaniyat va aholi dam olish markazidan 2 ta xona ajratilgan. Stol-stul, zamonaviy kompyuterlar jamlanmasi bilan ta’minlangan. Bir so‘z bilan aytganda, kitobxon yoshlar uchun barcha zarur sharoitlar bor.

– Ushbu sohada qirq yildan ortiq faoliyat yuritdim, – deydi kutubxona rahbari Gulnora Tursunqulova. – Yangi tashkil etilgan kutubxonamizning o‘ziga xosligi bu yerda nafaqat badiiy asar, balki ijtimoiy-siyosiy, huquqiy adabiyotlar, tikuvchilik, san’at, tibbiyot kabi o‘nlab sohalarga oid kitoblarni ham topish mumkin. Bolalar adabiyoti rukniga alohida e’tibor qaratganmiz.

Ayni paytda kutubxona fondini 1200 dan ortiq adabiyotlar tashkil etmoqda. Aholi o‘rtasida kutubxonani boyitish bo‘yicha xayriya aksiyasi o‘tkazish ham rejalashtirilmoqda.