Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Jomboylik otaxon gigant bargli tut navini yaratdi

Xalq seleksiyasi zamonaviy ilm-fandan ortda qoladigan soha emas. Ota-bobolarimiz amaliyotda buni ko‘p bor isbotlashgan.

Bir paytlar “Muslimka” nomli bug‘doy navi sobiq ittifoq respublikalarida ekilgan, mamlakat rahbariga ma’qul tushgan edi. Yoki hosildorligi, o‘zgacha mazasi bilan dong taratgan Rizamat ota uzumlarini olaylik. Hozirgacha “Rizamat” uzumi xorij bozorlarini egallab keladi.

Yaqinda tajribali bog‘bon Mirsoli Abdullayev ham xalq seleksiyasi nodir xazina ekanligini isbotladi. Jomboyda yirik bargli tut navi yaratildi. Bu ipakchilik sanoatida katta yutuq bo‘lishi mumkin.

Gap shundaki, bog‘bon mahalliy tut navlarini chatishtirish yo‘li bilan ushbu natijaga erishgan. Gigant bargning hajmi odatdagidan ikki-uch barobar katta. Diametri 80-90 santimetrga yetadi.

Bog‘bonning dalasida bo‘ldik. Ipak kurti boqish mavsumida tut daraxtlari o‘rib olingan ekan. Shunga qaramay, uch-to‘rt oy ichida ular yana o‘z holini tiklab olibdi. Kuz kelganiga qaramay, daraxt barglari tusini o‘zgartirgani yo‘q. G‘ayrioddiy tuzilishi bilan e’tiborimizni tortdi.

– Yangi nav yaratish xayolimda yo‘q edi, – deydi M.Abdullayev. – Maqsadim, qishloq chetidagi keksa tut navini saqlab qolish bo‘lgan. May oylari tutlarning shoxi qolmaydi. O‘rib ketiladi. O‘sha yili keksa daraxtning novdasini olib, ikki-uch tup o‘rilgan tutning ustiga suqib chiqdim. Payvand novdalar kelgusi yil barg yozdi. Qizig‘i, ular ancha katta edi. Ipak qurti bu ozuqani miriqib yeyishni boshladi. Natijada bog‘ni kengaytirib yubordik. Har yili oilamizda ipak qurti boqiladi. Endi barg ozuqasidan taqchillik sezilmaydi. Mehnatimiz ikki-uch barobar yengillashdi. Xitoydan yangi tut navlari olib kelingani haqida eshitdim. Bargi katta, deyishyapti. Lekin biz yetishtirayotgan ozuqa bargidan kichik ko‘rindi. Qolaversa, yurtimiz iqlim sharoiti bir xil emas. Bunda mahalliy navga teng keladigani topilmasa kerak.

M.Abdullayevning aytishicha, daraxt yil davomida shoxlab, barg yozadi. Takroriy pilla boqish uchun bu juda qo‘l kelar ekan. Ipak qurti sutkasiga 6-7 marta oziqlanadi. Gigant barglarni esa 2-3 marta solish kifoya. Yangi nav tez yetilib, sifatli ozuqa beradi. Bog‘bon yaratgan yangilik mutaxassislar e’tiboridan chetda qolmasligi kerak. Chunki bu soha rivojiga xizmat qilishi mumkin.

Ahror ShAMSIYeV,

"Jomboy tongi" muxbiri.