Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

«Jonajon Vatanimiz buguni va ertasi uchun har birimiz mas’ulmiz»

 Viloyat hokimi Erkinjon Turdimov bilan suhbat

– Erkinjon Oqbo‘tayevich, yaqinda Vatanimiz mustaqilligining 30 yilligini nishonlaymiz. Shu yurtda yashayotgan har bir inson ana shu davr o‘z hayotida qanday iz qoldirganini sarhisob qiladi. Rahbarlarda esa bu borada mas’uliyat yuki yana ham og‘irroq. Samarqand viloyati hokimi sifatida Sizning ham bu jihatdan ko‘nglingizdan turli o‘ylar kechayotgandir?

– Albatta, Vatan mustaqilligi, erkinligi qadrini avvalgi tuzum davrida yashaganlar yoki istiqlolni orzu qilganlar, buning uchun kurashganlarchalik hech kim yaxshi bilmasa kerak. Bizning avlod ham O‘zbekiston sobiq ittifoq tarkibida bo‘lgan davrda tug‘ilib, o‘sgan, ilm egallab mehnat faoliyatimizni boshlaganmiz. O‘tgan asr 90-yillarining qanchalik og‘ir va tahlikali bo‘lganini yaxshi eslayman. Odamlarda nafaqat ertangi kuni, farzandlari kelajagiga, balki bugungi kuniga ham ishonch qolmagandi. Iqtisodiy, siyosiy vaziyatning og‘irligi, ijtimoiy muammolarning to‘planib qolgani odamlarda umidsizlik, jamiyatdan norozilik kayfiyatini uyg‘otgandi. Ana shunday vaziyatda mamlakat mustaqilligi e’lon qilinib, yangi davlat qurishga, hammasini boshidan boshlashga to‘g‘ri keldi.

Davlatimiz mustaqillikka erishgan paytda bank sohasida ishlardim. Keyin hokimiyat tizimiga o‘tkazishdi, boshqaruv tizimida ishladim. Bu davrda hamma sohada ishlash og‘ir edi, ayniqsa, iqtisodiy qiyinchilik, taqchillik sharoitida umidsizlikka tushib qolgan, avvalgi davrni qo‘msaydigan odamlarning fikrini o‘zgartirib, ularga bosh bo‘lish oson emasdi. Bir tomonda esa iqtisodiyotni yo‘lga qo‘yish, ijtimoiy muammolarni hal etish – barcha-barchasi bir vaqtda yechimini kutib turgan masalalar edi.

Bu faqat O‘zbekistonning va o‘zbekistonliklarning emas, sobiq ittifoqdagi barcha respublikalar va xalqlarning o‘sha paytdagi dardi, og‘riq nuqtasi edi.

Shukrki, bag‘rikeng va mehnatsevar, qanoatli xalqimiz ana shu sinovlarni yengib o‘tdi. Ayrim davlatlarga o‘xshab sarosimaga tushib qolmadik, ko‘p millatli xalqimizning birdamligi yo‘qolmadi, muhimi, o‘z tanlagan yo‘limizdan qaytmadik. Bugun esa, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, mamlakatimizdagi islohotlar jadal tus oldi, bu islohotlar endi ortga qaytmaydi. Ana shu islohotlarda davlat rahbarining, Samarqand xalqining ishonchini oqlashga intilib mehnat qilayotganimdan, Vatanimiz mustaqilligini mustahkamlash va uning taraqqiyotiga ozmi-ko‘pmi hissa qo‘shayotganimdan faxrlanaman.

 – Yaqinda matbuotda kattagina maqolangiz chop etildi. Unda ham mustaqillik tufayli, keyingi yillarda mamlakatimizda shiddat bilan amalga oshirilayotgan islohotlar tufayli erishilgan natijalarni qayd etgansiz. Buni biror tahririyat buyurtma qildimi yoki...

– Yo‘q, buyurtma emas. Buni maqolada ham qayd etganman. Yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, xalqimiz turmush tarzidagi, odamlar ongu tafakkuridagi o‘zgarishlar, har kuni o‘zimiz guvoh bo‘layotgan yangilanish jarayonlari va zimmamizdagi mas’uliyat hissi tufayli qog‘ozga tushgan fikrlar ular. O‘zingiz ham yuqorida aytdingizku, har bir inson o‘ylab ko‘rishi, sarhisob qilishi kerak bo‘lgan gaplar. Lekin, afsuski, ko‘pchiligimiz kechagi kunni unutib qo‘yamiz. Bugungi yangilanishlar, o‘zgarishlar o‘z-o‘zidan bo‘lmayotganini anglamaymiz.

Bugun insoniyat murakkab bir davrda yashamoqda. Fan-texnika taraqqiyoti, axborot texnologiyalarining jadal rivoji, dunyoning bir burchagida yuzaga kelgan holatning ayni vaqtda boshqa bir mintaqada aks-sado berishi har bir xalq, har bir davlatdan o‘z taraqqiyot yo‘li, siyosatida sobit bo‘lishni talab etadi. Globallashuv jarayonlaridan kelib chiqib, dunyo davlatlari bilan integratsiyaga kirishish, shu bilan birga o‘z davlatchilik an’analarini saqlab qolish juda muhim sanaladi. Mana shunday murakkab sharoitda Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida yuritilayotgan siyosat xalq manfaatlariga qaratilgan, aholini rozi qilish bosh maqsad hisoblangani bilan ajralib turadi va buni har bir yurtdoshimiz his qilsa kerak.

Davlatimiz rahbarining faqat bugunni yoki bir-ikki yilni emas, yaqin besh, o‘n, yigirma yilni ko‘zlab qabul qilayotgan dasturlari, farmon va qarorlari qanchalik ahamiyatli ekanligini mamlakatimiz va xalqaro maydondagi ijtimoiy-siyosiy vaziyat yaqqol ko‘rsatmoqda.

Bu haqda gapirganda 2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini alohida qayd etish lozim.

Mazkur dastur asosida besh yil davomida davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirish, qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirish, ijtimoiy sohaga e’tiborni kuchaytirish, aholi bandligi va real daromadlarini izchil oshirib borish, xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash yo‘nalishlarida izchil islohotlar amalga oshirildi.

Strategiyani amalga oshirish maqsadida har bir yilga muayyan nom berilib, davlat dasturlari ishlab chiqildi va ularning ijrosi ta’minlandi.

– To‘g‘ri aytasiz, Harakatlar strategiyasi mamlakatimizda islohotlarni yangi o‘zanda va keng ko‘lamda davom ettirish uchun asos bo‘ldi. Bu yil strategiyada belgilangan vazifalarni “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga doir davlat dasturi asosida ish olib borilmoqda. Dastur ijrosi yuzasidan viloyatda qanday ishlar amalga oshirilmoqda? Umuman, o‘tgan to‘rt yilda davlat dasturlari ijrosidan ko‘nglingiz to‘ldimi?

– Yaxshi bilasiz, davlat dasturini amalga oshirish bo‘yicha har yili Prezident farmoni qabul qilinadi va uning ijrosi ta’minlanadi. Bunga hech shubha yo‘q. Dasturning har bir bandiga mas’ullar, vazifani amalga oshirishning moliyaviy manbalari, muddati belgilab beriladi. Bu ham qat’iy nazoratda. Bundan tashqari, dastur ijrosini ta’minlash maqsadida har bir hududda “Yo‘l xaritasi” tasdiqlanadi, uning bajarilishiga hokimlik va boshqa tashkilotlar mas’ul bo‘lsa, mahalliy kengashlar har chorakda mutasaddilarning hisobotini eshitib boradi.

Demoqchimanki, davlat dasturi, avvalo, xalq fikri inobatga olingan holda (bu yil ham dastur loyihasi muhokamasi chog‘ida yuzlab takliflar bildirildi), hududlar manfaatlaridan kelib chiqib, odamlarning davlatdan rozi bo‘lishiga qaratilgan holda va albatta, mamlakatning buguni va ertangi kelajagi hisobga olinib ishlab chiqiladi. Bu dastur ijrosini ta’minlashga esa barcha davlat organlari, jamoat tashkilotlari, mas’ullar jalb etiladi. Aytingchi, kim bunday dasturni ijro etmasligi, bundan o‘zini olib qochishi mumkin? Hech kim.

273 banddan iborat “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” davlat dasturi ijrosiga ham ana shunday yondashilmoqda. Jumladan, viloyatimizda davlat dasturi ijrosini ta’minlash bo‘yicha 65 banddan iborat “Yo‘l xaritasi” tasdiqlangan. Viloyat hokimligi huzuridagi muvofiqlashtiruvchi ishchi guruhi tomonidan davlat dasturining ijrosi doimiy ravishda monitoring qilib borilmoqda. Monitoring natijalariga ko‘ra, yilning birinchi yarmida davlat dasturidagi 21 ta band bajarilgan, 40 tasi ijro jarayonida, qolganlari yil yakuniga qadar amalga oshiriladi.

Bugungi kunda viloyatimiz aholisining 711 ming nafardan ortig‘ini 18 dan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil qiladi. Mahallalarda “Yoshlar daftari”ni shakllantirish jarayonida 108 ming nafar yoshlarning muammolari borligi qayd etildi. Aniqlangan muammolarni bartaraf etish, yoshlar bilan ishlash maqsadida hokimliklar, sektorlar kesimida vazifalar belgilab olindi. Shuningdek, viloyat bo‘yicha yoshlar bilan ishlashning yangicha tizimini joriy etish bo‘yicha 123 bandni o‘z ichiga olgan chora-tadbirlar dasturi tasdiqlangan. Mazkur dastur bo‘yicha yoshlarning bandligini ta’minlash, ularni tadbirkorlikka jalb etish va kasb-hunarga o‘qitish maqsadida tijorat banklari tomonidan 185 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi. Shuning hisobidan Past Darg‘om tumanida anorchilik, Samarqand tumanida turizmni yanada rivojlantirish orqali yoshlar uchun yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Yoshlarni musiqa, rassomlik, teatr va san’atning boshqa turlariga bo‘lgan qiziqishlarini oshirish, iste’dodini yuzaga chiqarish maqsadida viloyatdagi madaniyat markazlarini 858 ta milliy musiqa asboblari va amaliy san’at dastgohlari bilan ta’minlanish ko‘zda tutilgan.

Umumta’lim maktablarida “Barkamol avlod” bolalar maktablarining 90 ta tarmoq to‘garaklari tashkil etiladi. Yoshlarni jismoniy chiniqtirish va harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida barcha tuman va shaharlar markazlarida “Salomatlik yo‘laklari” tashkil etiladi, 6 ta sport ob’yekti foydalanishga topshiriladi, 21 ta sport maktabi sport anjomlari bilan ta’minlanadi. Yoshlar o‘rtasida kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanishni tashkil etish, media savodxonlikni rivojlantirish yuzasidan Bulung‘ur, Kattaqo‘rg‘on, Qo‘shrabot, Payariq, Nurobod, Narpay va Paxtachi tumanlarida raqamli texnologiyalar o‘quv markazlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

Shuningdek, mazkur dasturda viloyat bo‘yicha 46 ta “Yoshlar mehnat guzari”, 17 ta “Yoshlar kichik sanoat zonasi”, 2 ta maktab, Payariq tumanida “Yoshlar kutubxonasi”, Bulung‘urda zamonaviy axborot-kutubxona markazi qurish belgilangan. Yoshlarning iste’dodini ro‘yobga chiqarish maqsadida barcha tuman va shaharlarda kimyo-biologiya, matematika, axborot texnologiyalariga ixtisoslashgan 19 ta maktab tashkil etiladi. Nurobod, Paxtachi va Qo‘shrabot tumanlarida “Yoshlar markazi” foydalanishga topshiriladi.

Aholi salomatligini mustahkamlash bo‘yicha ham juda katta reja va maqsadlarni belgilab olganmiz va ular ijrosi ta’minlanmoqda. Bu haqda so‘z yuritganda Samarqandda ilk bor buyrak transplantatsiyasi amaliyoti yo‘lga qo‘yilganini alohida ta’kidlashni istardim. Ushbu maqsad uchun Samarqand viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining angioxirurgiya va transplantatsiya bo‘limi va uning operatsion bloklari kapital ta’mirlandi, zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlandi. 2021 yil 10-12 iyun kunlari 3 nafar bemorda ilk marotaba buyrak transplantatsiyasi muvafaqqiyatli amalga oshirildi.

O‘tgan yil Samarqand viloyati kardiologiya dispanserida investitsiya dasturi asosida 12 milliard so‘mlik qurilish-rekonstruksiya ishlari amalga oshirilib, kardioreanimatsiya, kardioxirurgiya, oritmologiya, orterial potologiya kabi oltita yangi bo‘lim ochilgandi. Xorijda ishlab yurgan 15 nafar yuqori malakali yurtdoshlarimizni shu yerga taklif etib, chet eldagidan kam bo‘lmagan sharoit yaratib berdik. Ular 2020 yil dekabr oyidan shu paytgacha xorijda amalga oshirilgan yurak qon-tomir xastaliklari bilan bog‘liq murakkab jarrohlik amaliyotlarini Samarqandda bajarishni yo‘lga qo‘ydi. Bu yil ham ushbu muassasaga bir qator yangi uskunalar olib berdik va markaz faoliyati takomillashmoqda.

Bundan tashqari, joriy yilda viloyatda onkologik va endokrin kasalliklarni erta aniqlash va davolash maqsadida mazkur xastaliklarni davolovchi tibbiy muassasalarimiz moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratganmiz. Buning uchun respublika byudjeti bilan birga mahalliy byudjetdan ham kattagina mablag‘ ajratilmoqda.

Biz dasturlar ijrosiga mas’ulmiz va uni ta’minlash uchun bor imkoniyatimizni ishga solamiz. Bundan bizning emas, xalqimizning ko‘ngli to‘lishi kerak. Ana shunda ular bizning faoliyatimizga to‘g‘ri baho beradi.

– Suhbatimiz mavzusi o‘z-o‘zidan iqtisodiyotga borib taqalmoqda. Siz aytayotgan katta-katta rejalar, mablag‘lar viloyat iqtisodining mustahkam bo‘lishini taqozo etadi. Bu borada Samarqandning hozirgi imkoniyatlari qanday?

– Albatta, har bir harakat, maqsad va rejalar birinchi navbatda iqtisodiy imkoniyatga bog‘liq. 2020 yil yakuni bilan Samarqand viloyatida yalpi hududiy mahsulot hajmi 42,4 trillion so‘mni tashkil etdi. Buni 2017 yil bilan qiyoslaganimizda 10,4 foiz o‘sishga erishilganini ko‘rishimiz mumkin. Aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan yalpi hududiy mahsulot hajmi 10,8 million so‘mga teng bo‘ldi. Bu 2017 yilga nisbatan 3,9 million so‘mga ko‘p, demakdir.

Xuddi shunday o‘sish ko‘rsatkichlarini tarmoqlar misolida ham ko‘rish mumkin. Jumladan, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi bundan to‘rt yil avvalgiga nisbatan 27 foizga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari 0,5 foizga, asosiy kapitalga investitsiyalar 20 foizga, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar qariyb 3 martaga, qurilish-pudrat ishlari 58 foizga, chakana savdo aylanmasi qariyb 23 foizga o‘sgan. Kichik biznes sub’yektlarini har tomonlama qo‘llab-quvatlashga qaratilgan e’tibor va yaratilgan shart-sharoitlar natijasida ularning soni 2017 yildagi 17 ming 261 tadan 2020 yilda 35 mingtaga, ya’ni ikki barobar ko‘paydi.

Joriy yil birinchi yarmida esa viloyatning yalpi hududiy mahsuloti hajmi 19 trillion 320 milliard (aholi jon boshiga 4 million 875 ming) so‘mni tashkil etmoqda va o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 4,9 foiz o‘sishga erishildi.

Yil boshidan buyon 188,5 million dollarlik eksport amalga oshirildi. Eksportning asosiy qismi (144,5 million dollar) sanoat mahsulotlari hissasiga to‘g‘ri keldi. Shuningdek, 44 million dollarlik qishloq xo‘jalik mahsulotlari xorijga sotildi. 385 ta korxona tomonidan 46 mamlakatga 471 turdagi mahsulot eksporti amalga oshirildi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 2017 yilda “Urgut” erkin iqtisodiy zonasining tashkil etilishi ham viloyatimizning iqtisodiy imkoniyatlarini yanada kengaytirdi.

Bugungi kunda “Urgut” erkin iqtisodiy zonasida qiymati 402 million dollarlik 84 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda. Shu paytgacha 313 million dollarlik 55 ta loyiha hayotga tatbiq etilib, hududda bir qator sanoat korxonalari ish boshladi va ularda 4300 nafardan ortiq kishi mehnat qilyapti. Ushbu korxonalar tomonidan gaz plitalari, yengil sanoat va charm-poyabzal tovarlari, gilamlar, gigiyena vositalari, elektr texnikasi buyumlari kabi 220 turdagi mahsulot ishlab chiqarilmoqda.

Davlatimiz rahbari shu yilning aprel oyida viloyatga tashrifi chog‘ida “Urgut” erkin iqtisodiy zonasini kengaytirish va viloyatning boshqa hududlarida ham uning korxonalarini tashkil etish bo‘yicha topshiriq berdilar. Hozirda bu ish ham jadal sur’atda amalga oshirilmoqda.

Qurilish materiallari sanoatida mavjud tabiiy resurslar zaxirasidan samarali foydalanish hisobiga viloyatda sement ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Bugungi kunda yiliga 660 ming tonna sement ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lgan 4 ta korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Joriy yilda ular safiga yana ikkita shunday korxona qo‘shiladi.

Qishloq xo‘jaligi sohasidagi tub islohotlarni ham bugun nafaqat iqtisodchilar, balki xalqimiz ham o‘z turmush tarzi misolida ko‘rib turibdi. Yangicha yondoshuv asosida paxta-to‘qimachilik yo‘nalishida 10 ta, meva-sabzavotchilik bo‘yicha 13 ta va boshqa yo‘nalishlarda 21 ta klasterlar tashkil etilib, ularga 164,4 ming gektar yer maydoni biriktirib berildi.

Bu ishlar samarasida o‘tgan yil aholi jon boshiga to‘g‘ri kelgan qishloq xo‘jalik mahsulotlari hajmi 8,9 million so‘mni tashkil etib, 2017 yilga nisbatan 2,7 million so‘mga ko‘paydi. Ya’ni, 2020 yilda 33,6 trillion so‘mlik qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarilgan.

– Samarqand iqtisodiyoti haqida gapirganda turizmga e’tibor qaratmaslik mumkin emas. Ayniqsa, keyingi yillarda yurtimizda mazkur sohani rivojlantirish borasidagi ishlar tufayli turizm Samarqandning ham asosiy drayverlaridan biri sifatida qaralmoqda...

– To‘g‘ri, bugun iqtisodiyotimizda turizmni ulushi sekin-asta bo‘lsa-da oshib bormoqda. Aslida, bizda mavjud imkoniyat va resurslar tufayli bu tarmoq asosiy yo‘nalishlardan biri bo‘lishi kerak. Ikki yildan buyon koronavirus pandemiyasi turizmga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Lekin amalga oshirilishi kerak bo‘lgan loyihalar to‘xtab qolgan emas.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan o‘tgan yil Samarqand eshkak eshish kanali atrofida 212 gektar maydonda turistik markaz qurilishi boshlangan edi. Ayni paytda bu yerda muhtasham kongress xoll, “Abadiy shahar” karvonsaroyi va 8 ta zamonaviy mehmonxona bunyod etilmoqda. Mehmonxonalarning ikkitasi 22 qavatli, besh yulduzli, qolganlari to‘rt yulduzli bo‘ladi. Mazkur markazni 2022 yilda foydalanishga topshirish ko‘zda tutilgan.

Samarqand xalqaro aeroportining rekonstruksiya qilinishi ham viloyatimizda turizmni rivojlantirishga xizmat qiladi. Joriy yilda yangidan foydalanishga topshiriladigan mazkur aeroport orqali kuniga 40 tagacha qatnovni amalga oshirish imkoniyati yaratiladi.

2019 yilda viloyatimizda sayyohlarga xizmat ko‘rsatadigan joylashtirish vositalari 296 tani tashkil etgan bo‘lsa, bugunga kelib ular 412 taga yetdi. Bu ob’yektlarda bir vaqtning o‘zida 11 ming 500 nafardan ortiq mehmonni qabul qilish mumkin. Viloyatdagi mehmonxonalarning o‘zi hozirda 171 tani, oilaviy mehmon uylari esa 217 tani tashkil etmoqda. Sayyohlarga 136 ta turistik sinfga mansub avtobus, 126 ta mikroavtobus va 20 ta elektromobil, 181 ta turoperatorlar hamda 336 nafar gid-tarjimon xizmat ko‘rsatmoqda.

2021 yil 6 oyi davomida 84 ta turistik loyiha ishga tushirildi. Jumladan, 12 ta mehmonxona foydalanishga topshirildi, 45 ta oilaviy mehmon uylari tashkil etildi. Sayyohlar uchun shahar tashqarisida 15 ta yangi turistik marshrut yo‘lga qo‘yildi.

Samarqand shahrida ilk bor gastronomik ko‘cha, Samarqand tumani “Konigil” mahalla fuqarolar yig‘inida yurtimizdagi birinchi turizm qishlog‘i tashkil etildi. Bu yil bunday maskanlar Urgut tumanining Tersak va Payariqning Choshtepa qishlog‘ida tashkil etilmoqda.

Ziyorat turizmini rivojlantirish, xorijdan keladigan sayyolar oqimini ko‘paytirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Buning uchun esa sayohlarga xalqaro standartlarga mos xizmat ko‘rsatish, turistlarning bir necha kun yurtimizda, xususan, Samarqandda qolishi uchun imkoniyat yaratish lozim.

Shu maqsadda Prezidentimiz tashabbusi bilan Imom Buxoriy majmuasida rekonstruksiya ishlari amalga oshirilmoqda. Ziyoratgoh atrofida 7 ta mehmonxona, 3 ta avtotururgoh va avtobekat, supermarket, bozorcha va boshqa xizmat ko‘rsatish shoxobchalari barpo etilmoqda.

Shuningdek, bu yil Samarqand shahridagi Imom Moturidiy, Toyloq tumanidagi Imom Doromiy ziyoratgohlarini ham kengaytirish va obod qilish, bu maskanlarda sayyohlar uchun zarur shart-sharoit yaratish choralari ko‘rilmoqda.

Umuman, bugun Samarqandga kelgan xorijlik mehmonlar faqatgina shahardagi tarixiy obidalar va madaniy meros ob’yektlarini tomosha qilish bilan cheklanmay, viloyatning boshqa hududlaridagi turistik ob’yektlar, muqaddas qadamjolarni ham ziyorat qilishlari uchun keng imkoniyatlar yaratiladi.

Pandemiya sababli o‘tgan yil Samarqandga kelgan sayyohlar 633 ming nafarni tashkil etgan. Bu yil esa karantin cheklovlarning yumshatilishi, bir qator davlatlar fuqarolarlari uchun viza tartiblarining soddalashtirilishi, xalqaro aviareyslarning tiklanishi hamda yurtimiz bo‘ylab ichki turizm faol qo‘llab-quvvatlanishi natijasida yilning birinchi yarmida Samarqandga 1 million 86 ming nafar sayyoh keldi. Ularning 54 ming nafardan ortig‘i xorijlik turistlardir.

– Erkinjon Oqbo‘tayevich, eng ulug‘, eng aziz bayramimizga ham oz fursat qoldi. Bir tomondan koronavirus pandemiyasi sababli karantin tartiblari kuchaytirilmoqda. Mana shunday sharoitda bayramni qanday tasavvur qilasiz?

– Barchamiz uchun muhimi, avvalo, salomatlik. Har bir inson o‘zi, yaqinlari sog‘-omon bo‘lsa, o‘sha xonadonda bayram ham, to‘y ham tatiydi. Shuning uchun hozir birinchi navbatda xalqimizning salomatligini o‘ylashimiz, respublika komissiyasi qoida va tavsiyalariga qat’iy amal qilishimiz kerak. Qolaversa, yurtimizdagi, har bir xonadondagi tinchlik-xotirjamlik, xalqimizning ertangi kunga mustahkam ishonchi – bayram kayfiyati, Mustaqillik bergan baxt. Buni har kuni, har bir xonadonda nishonlash, bayram qilish mumkin.

Fursatdan foydalanib, xalqimizni Vatanimiz mustaqilligining o‘ttiz yilligi bilan chin qalbimdan tabriklayman.

Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat!

G‘olib HASANOV suhbatlashdi.