Jurnalist, deb atang, meni, do‘stlarim!

(Davomi. Boshlanishi bu yerda)

Tahririyatda “shtatsiz” ish boshlaganimning ikkinchi yo uchinchi kunimikan, soat oltiga yaqin, ya’ni ish tugashiga o‘n besh daqiqalar qolgan mahal xonamizning eshigi ochilib, atlas ko‘ylakli xushro‘y bir qiz kirdi.

U menga qarab:

– Bugun kechqurun qolib, korrekturaga yordam berar ekansiz, Sur’at aka aytdilar, – dedi.

O‘sha kuniyoq so‘rab bildimki, kechki korrektura, ya’ni bosishga tayyorlanayotgan gazeta sahifalarini xatolardan tozalash bo‘limida asosan xotin-qizlar ishlashar va ularning ayrimlari yosh bolali bo‘lgani yoxud boshqa shunga o‘xshash sabablar bilan o‘qtin-o‘qtin goh unisi, goh bunisi ishga kelmay qolsa, o‘rniga bo‘limlardagi yosh xodimlar safarbar etilarkan. Kamina hali shtatda emasligimga qaramasdan ana shunday ishonchga loyiq ko‘rilganimdan baxtiyorlik his etar ekanman, ushbu topshiriqni bajonidil qabul ayladim.

Shu o‘rinda gazeta “oshxona”sidan uzoq kishilar uchun mas’ul kotibning tahririyatdagi o‘rni va roli bag‘oyat muhimligi haqida qisqacha ma’lumot berib o‘tsam zarar qilmas. Bu lavozim sohibini jurnalistlar hurmat-izzat ila “bosh shtab boshlig‘i” deb atashadi. Chunki garchi bosh muharrirning ikki nafar o‘rinbosari bo‘lsa-da, amalda tahririyatdagi ikkinchi shaxs mas’ul kotib hisoblanadi. U reja asosida bo‘limlar ishini bevosita boshqaradi, ularda tayyorlanadigan maqolalarning yo‘nalishi, mavzulari, geografiyasi va boshqa ko‘plab jihatlarini nazoratda tutadi, bo‘limlarda tayyorlangan maqolalar, suratkashlar tomonidan olib kelingan fotosuratlar, bundan tashqari teletayp lentasi orqali markazdan keladigan rasmiy xabarlar, yuqori tashkilotlarning qaroru farmoyishlari kotibiyatga topshiriladi va ular avvalo mas’ul kotib o‘rinbosarlari, so‘ngra uning o‘zi tomonidan bevosita yana bir marta o‘qilib-tahrir etiladi, dolzarbligi, hozirjavobligi jihatidan saralanadi, chop etish vaqti, o‘rni belgilanadi. Haftasiga beshta chiqadigan gazetaning har kunlik to‘rtta sahifasi aniq-tiniq rejalashtiriladi. Mas’ul kotib tasarrufidagi kotibiyatga uning ikki o‘rinbosari, texnik muharrir, teletaypchi, fotomuxbir, rassom-retushyor a’zo hisoblanadi. Shuningdek, unga bevosita bo‘ysunuvchi kunduzgi va kechki korrekturalarda revizion, ya’ni asosiy musahhih, shuningdek oddiy musahhihlaru ularning yordamchilari, jami to‘rt-besh kishi ishlaydi. Bundan tashqari, tasarrufida uch, ba’zida to‘rt kishidan iborat mashinkalash bo‘limi mavjud bo‘lib, unda katta ish tajribasiga ega Faniya Sagdiyeva degan keksa boshqird ayoli, undan ancha yosh, navqiron va g‘ayratli Nasiba va Jamila ismli xushchehra opaxonlar mehnat qilardi. Bu bo‘linmalardagi barcha xodimlar Sur’at akani g‘amxo‘r va ayni paytda juda talabchan rahbar sifatida qattiq hurmat qilishar, yaxshi ko‘rishardi. Rostdan ham Sur’at aka qayerda qattiqqo‘llik qilish kerak, qachon yaxshi gapirib ishlatish lozimligini juda mukammal bilardi.

 Bir so‘z bilan aytsam, kotibiyat tahririyatning bamisoli yuragi va ishning maromi-yu muvaffaqiyati ana shu asosiy a’zoning nechog‘lik darajada tezu soz urishiga bog‘liq edi bizning zamonlarda.  Axboriy texnologiyalar yuksak darajada rivojlangan hozirgi kunlarda bu kimlargadir cho‘pchak bo‘lib tuyulishi mumkin albatta, biroq o‘sha davrlarda gazeta chiqarish nihoyatda mas’uliyatli, mashaqqatli, shu bilan birgalikda chandon zavqli bir mashg‘ulot hisoblanar va yuqorida aytib o‘tganimdek, bu jabhaga ishga joylashish juda qiyin edi.

Xullas... Kechqurun qolib, korrekturaga yordam berish mening Sur’at aka bilan yaqinroqdan tanishib, bot-bot baqamti suhbatlashishimga imkon yaratdi. Zero, o‘sha paytlar respublikada taniqli jurnalist bo‘lish bilan birgalikda taniqli shoir sifatida tan olingan bu inson bilan mufassal muloqot yuritish sharafi har kimga ham nasib etavermas, sababi: Sur’at aka mas’ul kotib sifatida kunu tun tahririyatda bo‘lar, ozgina bo‘sh vaqtini esa badiiy ijodga bag‘ishlashga urinardi.

Bir kuni ish ancha cho‘zilib, soat tungi birga yaqin tugadi. Kechasi xodimlarni uyiga tashuvchi “Gaz-21 Volga” avtomashinasi korrektor qizlarni opketgan ko‘yi nima sabab bilandir hadeganda kelavermadi. Ancha eski mashina edi, buzilib-suzilib qoldi shekilli.

– Qayerda turasiz, – deb so‘radi Sur’at aka menga yuzlanib.

– Sizdan sal nariroqda, – dedim men. Uning dorilfunun xiyoboni adog‘idagi ko‘pqavatli uylardan birida yashashini bilardim.

– Esa yuring, piyoda ketaqolamiz.

Ergashdim. Tahririyatdan xiyobonning boshlanishi, aniqrog‘i, hozir Amir Temur haykali o‘rnatilgan joyigacha o‘n daqiqalik yo‘l. Naryog‘i quyuq daraxtzor bo‘ylab kechki salqinda sayr qilib ketish mumkin edi. Ko‘chada mashinalar siyraklashib qolgan. Avgust oyining oydin oqshomlaridan biri. Shoshilmasdan suhbatlashib ketdik. Xiyobonga yaqinlashar ekanmiz, Sur’at aka ko‘chaning narigi betidagi yanglishmasam, o‘n ikki qavatli chiroqlari porlab-chorlab turgan muhtasham “Inturist” mehmonxonasi tomon ishora qildi.

– Tepasidagi restoranga chiqib, ellik-ellik qilib ketmaymizmi?

– Mayli.

Liftda yuqoriga ko‘tarildik. Usti ochiq keng ayvonda tongga qadar ishlovchi bar bor ekan. Peshtaxtasiga yaqinlashdik.

– Ellik grammdan ikkita konyak, – dedi Sur’at aka barmenga.

Quyib uzatildi.

– Men... icholmayman Sur’at aka, sog‘lig‘imga to‘g‘ri kelmaydi, – dedim istihola bilan. – Jigarim og‘rigan. Xo‘p desangiz, bunisini ham siz iching.

– Yo‘q-yo‘q, unda bittasi yetadi, – dedi u va konyakning ikkinchisini qaytarib berdi. Keyin yana menga yuzlandi.

– To‘g‘ri qilasiz, o‘zi men ham umuman ichmasligim kerak bu zormandani. Turgan-bitgani ziyon. Lekin bilasiz, ishimiz ziq ekanligi bois ko‘p chekishimga to‘g‘ri keladi. O‘shaning qurumini yuvib tashlash uchun oz-oz no‘sh etib turmasam bo‘lmaydi.

Shunday deya chiroyli qadahdagi kahrabo rangli sharobni bir ko‘tarishda sipqorib, ketishga chog‘landi. Ortidan yurdim.

Pastga tushib, xiyobon bo‘ylab u kishining uyi sari yo‘l oldik.

– Naryog‘iga bir o‘zingiz qo‘rqmaysizmi? – deb so‘radi u manziliga yaqinlashganimizda.

– Yo‘q, u yog‘i bir qadam...

Ushbu lavhaga xulosa yasaydigan bo‘lsam, Sur’at aka o‘ta mas’uliyatli jabhaning rahbari ekani bois dabdurustdan qaraganda jussasi kichikroq ekaniga qaramay, do‘rillagan ovozga ega viqorli, cho‘rtkesar ko‘rinsa-da, tabiatan juda xushfe’l, madaniyatli, hech kimga ovozini ko‘tarib gapirmaydigan inson edi. Muloyim hazillashishni yaxshi ko‘rar, ayniqsa mashinkalash xonasidagi opalarga chiroyli mutoyibalar qilib, kayfiyatlarini ko‘tarib yurardi. Biroq...

Kerakli paytda uncha-muncha kishilarni joyiga o‘tqazib ham qo‘ya olardi. Buning bir misoliga guvoh bo‘lganman.

Bir kuni kechqurun yana korrekturada qoldim. Ish yana yarim tungacha cho‘zildi. Eski “Volga” yana kechikdi.

– Sur’at aka, yuring, yo‘l-yo‘lakay “Inturist”ga kirib piyoda ketaqolaylik, – deya taklif qildim men.

– Yo‘q, bu gal sabr bilan kutamiz. Bu yaramas Amin (mashinaning haydovchisi) ja-a haddidan oshib ketyapti, bir po‘stagini qoqib qo‘ymasam bo‘lmaydi, – dedi Sur’at aka qovog‘ini solib.

Amin aka bosh muharrirning uzoqroq qarindoshi ekanligini hamma bilar, shuning uchun u harchand kechikmasin, hamma o‘zicha to‘ng‘illasa-da, deyarli hech kim ochiqcha tanbeh berishga yoxud ertasi kuni katta rahbarga aytib, norozilik bildirishga jur’at etolmasdi. Xolbuki, bosh muharrir intizom masalasida juda talabchan edi va bu holdan xabar topsa, Amin akaga qattiq jazo berishi tayin edi. Lekin...

Sur’at aka bu gal uni o‘zining gulduros ovozi bilan yetti qavat qilib so‘kib tashladi.

– He, o‘sha seni... Agar yana bir marta shunaqa qiladigan bo‘lsang, tayin ishdan haydattiraman. Mening fe’limni bilasan-a...

Amin aka chindan u kishining fe’lini bilarkan, yalinib-yolvorib kechirim so‘rab qutuldi. Shundan keyin minba’d sababsiz kechikmaydigan bo‘ldi.

Oradan muayyan vaqt o‘tib, men tahririyat shtatiga olindim va barcha xodimlar qatori Sur’at aka bilan baqamti ishlay boshladim. U kishi mas’ul kotiblik vazifasini qoyilmaqom qilib uddalash bilan birga gazetaga dolzarb mavzularda bosh maqolalar yozar, taniqli olimu ijodkorlar bilan tahliliy yo‘sindagi intervyu hamda suhbatlar o‘tkazar, shuningdek, o‘zining she’riy ijodini davom ettirib, betakror iste’dodini namoyish etardi. Men u kishini bot-bot mashinkalash xonasida opalardan birining yonida o‘tirib, badiha usulida, bevosita diktovka qilib, ya’ni to‘g‘ridan-to‘g‘ri aytib turib maqola va hatto she’r yozayotganini qo‘rib qolardim. Chamasi, u o‘z she’rlarining aksariyatini yoddan bilardi. Gohida...

Biror bir bayram yoki tarixiy sanalar munosabati bilan maxsus sonlar tayyorlanadigan bo‘lsa, u kishi bosh muharrir Ahmadjon Muxtorov da’vati bilan mazkur mavzuda ekspromt usulida ajoyib bir she’r yozib tashlar, ochig‘i, bunday mukammal ijod namunasini uncha-muncha tajribali shoirlar bir haftada ham yozolmasdi. Shunday she’rlardan biri, agar xotiram pand bermasa, Matbuot kuni munosabati bilan yaratilgan bo‘lib, “Jurnalist deb atang, meni, do‘stlarim!” deya nomlangan, gazetada bosilib chiqqach, juda yuqori baholangandi. Nafsilambrini aytsam, Sur’at akaning aksar she’rlarida inson erki, elu xalq ozodligi borasida teran qayg‘urish ohanglari ufurib turar, shu bilan birga hazil, istehzo uslublaridan ham bag‘oyat mahorat bilan istifodalanardi. Darvoqe...

Kasb bayramimizning navbatdagi sanalaridan birida u kishi tahririyat xodimlariga do‘stlik hazillari yozib, gazetada e’lon qildi. She’riy mutoyibalardan biri qishloq va suv xo‘jaligi bo‘limi muxbiri Ilash Suyarovga bag‘ishlangan bo‘lib, undagi taxminan shunday satrlar yodimda qolgan:

“Ilash Suyar, u suvni juda ham, juda ham suyar,

Agar jahli chiqsa mudirning tagiga suv quyar”.

Bu hazilda mazkur bo‘lim mudirlari tez-tez almashib turishiga nozik ishora qilingan va ayni paytda boshqa ancha keng va teran ma’nolar ham tajassum topgandi.

Sur’at aka oradan bir muddat vaqt o‘tgach, salomatligi taqozosi bilan tahririyatni tark etib, Samarqand universitetiga ishga kirdi. Uning o‘rnida dastlab Asad Dilmurodov, so‘ng men ishladim. O‘sha kezlar Sur’at akaga qo‘ng‘iroq qilib, yo uchrab, maslahatlar so‘rab turar edim. U kishi badiiy ijod borasidagi qimmatli maslahatlarini aslo darig‘ tutmas edi. Bir gal...

– Men ham asli SamDUda ishlash, ilmiy ish qilish niyatida edim. Shuning uchun... imkon bo‘lsa, yoningizga o‘tib ishlasam-chi, – deb so‘radim undan.

– Yo‘q-yo‘q, unday qilmang! Siz viloyatning yetakchi jurnalistlaridan biri sifatida tanildingiz, qolaversa, badiiy ijod bilan shug‘ullanyapsiz. Ijodiy tashkilotda ishlaganingiz ma’qul, – dedi u. – Mening esa... yo‘rig‘im boshqa.

Shunday dedi-yu, chuqur tin olib, o‘yga toldi. So‘ngra zamona nosozliklari, erkin fikrlash, erkin so‘zlash huquqidan mosuvo ijodkor qavmining nochoru notavonligi xususida kuyinib hasrat bilan ancha gapirdi, “Sho‘ring qurg‘urlar, kommunistik partiyaga yugurdaklik va maddohlik bilan tirikchilik qilishga majbur, aks holda Cho‘lponu Qodiriylar singari otilib ketishadi”, dedi. O‘rni kelganda aytib o‘tishim shart: Sur’at Oripovning hajman mo‘’jaz, mazmunan esa bahaybat va salobatli she’riyati yaltoqilik, kimgadir yaxshi ko‘rinib, katta unvonu mukofotlar olish ta’masidan mutlaqo yiroq, uning o‘zi kabi juda o‘ktam, o‘jar va bo‘ysunmas fe’l-atvorga ega edi. Pirovardida: “Mayli, noumid bo‘lmaylik, hali shunday kunlar keladiki...” deya yorug‘ bashorat qildi u va: “afsuski, biz u kunlarni ko‘rmaymiz”, deb chuqur xo‘rsindi. “Nasib etsa, birgalikda ko‘ramiz, Sur’at aka” deya, uning banogoh buzilgan kayfiyatini ko‘tarishga urindim. Ma’yus jilmaygan ko‘yi xayrlashdi u. Keyinroq...

1985 yil yoz-kuz oylari “Yoshlik” jurnalida “Xiyobondagi odam” nomli qissam bosilib chiqdi. Hayotda o‘z o‘rni va aniq maslagini belgilashga qiynalib, turmush qiyinchiliklariga chidolmasdan ichkilikka berilgan jurnalist yigitning ayanchli taqdirini aks ettirgan ushbu asar ancha shov-shuvlarga, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida munozaralarga sabab bo‘ldi. Tahririyatda birga ishlovchi ayrim hamkasblar o‘zlaricha ushbu qahramon prototipi Sur’at Oripov, degan fikrga kelib, menga: “Akani yuz-xotir qilmabsiz-da, hoynahoy, xafa bo‘lib yurgandir”, deya dashnom bermoqchi bo‘lishdi. Men “Badiiy asardagi har qanday qahramon siyrati yig‘ma mohiyatga ega bo‘ladi va buni kimu kim Sur’at aka yaxshi biladi, qolaversa, qissadagi Suhrob Turobov ijobiy obraz, shuning uchun ustoz ranjimasliklariga ishonchim komil”, dedim. Chindan ham...

Oradan bir oz fursat o‘tgach, Sur’at aka atay qo‘ng‘iroq qildi va asarni katta ijodiy yutuq, deb baholab, astoydil tabrikladi. Gap orasida: “Ijodkorning ancha murakkab obrazini yaratibsiz, mening gaplarimdan anchasini aytibsiz, fe’limdan ham ba’zi unsurlarni olibsiz, demak, diqqat bilan kuzatib yurgan ekansiz, barakalla, yozuvchi mana shunaqa sinchkov bo‘lishi kerak”, deya maqtab qo‘ydi. Keyin ogohlantirdi: “Ehtiyot bo‘ling, ijod ahli orasida ham ichi qora, hasadgo‘y kishilar ko‘p, oyog‘ingizdan chalish, obro‘sizlantirish uchun payt poylashadi”.

Shundan so‘ng turli sabablarga ko‘ra ancha vaqt uchrashish, mufassal suhbatlashishning mavridi bo‘lmadi. Banogoh...

Oddiy kunlarning birida bu ulug‘ shoir, ajoyib inson, ulkan va qudratli qalb sohibi Sur’at Oripov yorug‘ dunyoni tark etganini eshitib qoldim. Ko‘z oldim qorong‘ulashib ketdi. Hali juda yosh edi, ko‘p yillar yashashi, ijod qilib betakror asarlar yozishi kerak edi-ku, deya ich-ichimdan hasrat chekdim. Na iloj! Esiz taqdir. Umr har kimga o‘lchab berilarkan-da. Ammo...

Taskin shuki, Sur’at Oripovdan miqdoran uncha katta bo‘lmagan, lekin o‘nlab, yuzlab jildlarga arzigulik betakror ijodiy meros qoldi. Ushbu merosni sinchiklab o‘rganganlar chin ijodkor imoni qanaqa bo‘lishi lozimligini ich-ichdan his etishlari muqarrar. O‘zi...

Inson zoti mana shunday taqdir-qismat orzusida yashab o‘tadi ushbu foniy dunyodan. Shu ma’noda bugungi ijodkorlar Sur’at Oripovga havas qilsalar yanglishmaydilar. “Jurnalist, deb atang, meni, do‘stlarim!” deya kamtarona, ayni paytda o‘zining betakror badiiy, nazmiy iste’dodiga komil ishonch ila hayqirib turgandek tuyuladi u menga yillaru zamonlar osha gulduros va jarangdor ovozi bilan.

Boqi so‘zim shuki, Sur’at aka jurnalistika, umuman, ijod sohasidagi mehribon va talabchan ustozlarimdan biri edi. Uning hayotimda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan bebaho o‘gitlarini hamisha yodda tutishga, amal qilishga intilaman. Yosh ijodkor ukalarimga ham mudom Sur’at akadek sheryuraklikni, ijodiy ovozlari dadil, gulduros va o‘ktam bo‘lishini tilayman.

Habib TEMIROV,

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.