Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Jurnalistlarni uy-joy bilan ta’minlashga ko‘maklashiladi

Viloyat hokimi E.Turdimov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 27 iyundagi “Ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash va jurnalistika sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-294-sonli qarori ijrosini ta’minlash haqida qaror qabul qildi.

Mazkur qaror bilan O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limining faoliyatini samarali tashkil qilish, saqlash xarajatlarini qoplash va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash uchun har yili mahalliy byudjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan belgilangan tartibda subsidiya sifatida mablag‘ ajratib boriladi.

Ommaviy axborot vositalari vakillarining ijodiy faoliyatini moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, jumladan, yubiley yoshini nishonlaydigan jurnalistlarning ijodiy kechalarini tashkil etish, moddiy va ma’naviy rag‘bat va ko‘makka ehtiyoji bor soha vakillarining ijtimoiy-maishiy sharoitlarini yaxshilash, ularga yordam ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish choralarini ko‘rish belgilandi.

Viloyat hokimining tegishli o‘rinbosarlari va mutasaddi idoralar rahbarlariga 2023 yilning may oyiga qadar belgilangan tartibda viloyat byudjet mablag‘lari hisobidan Matbuot uyini mukammal ta’mirlanishi hamda jihozlanishini ta’minlash vazifasi topshirildi.

Bundan tashqari, ehtiyojmand va faol jurnalistlarni ipoteka kreditlari va qonunchilik hujjatlarida belgilangan boshqa shartlar asosida uy-joy bilan ta’minlashga ko‘maklashish choralari ko‘riladi.