Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Kadastr muammosi: Prezident topshirig‘iga qadar qanday edi? Endi nima o‘zgaradi?

Joriy yilning 18 iyul kuni Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda yurtimizda 2 million 600 ming xonadonning kadastr hujjati mavjud emasligi ta’kidlanib, mas’ullar oldiga ushbu masalani uzil-kesil hal qilish vazifasi qo‘yildi. Xo‘sh, bu muammoning yechimi qanday bo‘ladi? Hujjati bo‘lmagan barcha xonadonlarga kadastr pasporti shakllantirib beriladimi? Davlat kadastrlari palatasining viloyat boshqarmasi boshlig‘i Muxtor Quvondiqov bilan shu va boshqa masalalar haqida suhbatlashdik.

– Keling, avval viloyatimizdagi vaziyatga to‘xtalsak. 2 million 600 ming xonadonning nechtasi Samarqandda? Shu vaqtgacha ularning kadastr hujjatlarini shakllantirishga nima xalaqit berdi?

– Bugungi kunda viloyatimizda 370 mingdan ortiq xonadonning kadastr hujjati mavjud emas. Bu umumiy statistik ma’lumot. Yaqinda o‘tkaziladigan xatlov davomida bu raqam yana oshishi mumkin. Gap shundaki, 40-50 yil oldin qurilib, foydalanib kelingan aksariyat uylarning ham hech qanday hujjati yo‘q. Bu xonadon egalariga sobiq ittifoq davrida kolxoz tomonidan yer ajratilgan. U davrdagi hujjatlarni tiklash esa hozir deyarli imkonsiz.

Kadastr bilan bog‘liq muammo ham mana shu nuqtadan boshlanadi. Qonunchiligimizga ko‘ra, yerga egalik huquqini tasdiqlovchi hujjati bo‘lmagan fuqaro xonadonining kadastr pasportini shakllantira olmaydi. Yaqin yillargacha aholi soliq idoralari, mahalladan olgan ma’lumotnomasi, qo‘shnilarining guvohligi bilan hudud hokimidan yerga egalik huquqini tiklab olayotgan edi. Ammo hokimlarning yer bilan bog‘liq vakolatlari bekor qilingach, bu imkonsiz bo‘lib qoldi. Tabiiyki, fuqaro o‘z xonadoni turgan yerni auksionga chiqarib, qayta sotib olmaydi. Masala biroz chigallashib ketgan edi.

– Prezident topshirig‘iga asosan ishlab chiqilishi belgilangan yangi qonun loyihasi nimani nazarda tutadi?

– Yangi qonun kadastr hujjatlari yo‘q xonadon egalariga yerga egalik huquqini berish va ularga kadastr hujjatlarini shakllantirishning soddalashtirilgan yagona tartibini ishlab chiqishni nazarda tutadi. Shu bilan muammo uzil-kesil hal etilishi belgilangan.

Ayni maqsadda mutasaddi tashkilotlar hamkorligida ishchi guruhlar shakllantirilmoqda. Xususan, Toshkent viloyatining Bekobod tumanida xatlov ishlari boshlab yuborilgan. Jarayonda to‘planayotgan tajriba asosida butun respublika hududida xatlov o‘tkazish hamda joriy yilning 1 oktyabriga qadar kadastr hujjati bo‘lmagan barcha xonadonlarning mahallabay elektron ro‘yxatini shakllantirish ko‘zda tutilgan. Jarayonda ishchi guruhlar tomonidan fuqarolarning uy-joyga bo‘lgan huquqini e’tirof etishga asos bo‘luvchi hujjatlar ham to‘planib, elektron bazaga kiritib boriladi. Shundan keyin respublikadagi umumiy vaziyat tahlil qilinadi hamda tegishli qonun loyihasi ishlab chiqiladi.

– Nega aynan hozir? Kadastr bilan bog‘liq muammo kecha yoki bugun paydo bo‘lgani yo‘q. Mazkur chora-tadbirlar oldinroq ko‘rilsa, aholi sarsongarchiliklarining oldi olingan bo‘lmasmidi?

– Bu muammoni yechishga qaratilgan birinchi chora emas. 2018 yilda Prezidentimizning “Fuqarolarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar hamda o‘zboshimchalik bilan qurilgan turarjoylarga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish bo‘yicha bir martalik umumdavlat aksiyasini o‘tkazish to‘g‘risida”gi farmoni chiqqan edi. U asosida viloyatimiz bo‘yicha boshqarmaning shahar va tuman filiallariga Davlat xizmatlari markazlari orqali kelib tushgan arizalar soni jami 85 630 tani tashkil etdi. Shundan, ijobiy hal etilgan murojaatlar soni 40 718 ta bo‘lib, ushbu fuqarolarga yashab turgan yeri uchun egalik huquqi berilib, xonadonining kadastr hujjatlari shakllantirildi. Lekin u muddatli aksiya edi. Ochig‘i, berilgan qisqa vaqtda barcha murojaatlarni ijobiy hal etishning imkoni bo‘lmadi. Yer, uy-joy egaligi nozik masala. Shoshma-shosharlik bilan ishga yuzaki qaralsa, noto‘g‘ri qaror qabul qilib, bir insonning uyini boshqaning nomiga rasmiylashtirib berish hech gap emas. Hujjati yo‘q uyni har kim ham meniki deyishi mumkin. Buni inobatga olish kerak.

Albatta, o‘tgan vaqtda tashkilotimiz tomonidan ham bu masala bo‘yicha qator loyihalar ishlab chiqildi. Lekin tajriba shuni ko‘rsatmoqdaki, muammo tizim tashkilotlarining qarori bilan hal bo‘lmaydi. U umumrespublika darajasida, yagona qonun va nizom asosida ko‘rib chiqilishi zarur. Ishlab chiqilishi belgilangan yangi qonun loyihasi shu jihati bilan ahamiyatli hisoblanadi.

– Ayrim fuqarolar yangi qonun bilan barcha hujjatsiz yerlarga egalik huquqi berilarkan, bo‘sh yerda imorat qurib olsam bas, degan xayolga borishmoqda. Hatto ba’zi uddaburonlar tomonidan imorat ko‘tarish ishlari boshlab yuborilgani haqida eshitdik. Buni qanday izohlaysiz? Yangi qonun bilan yana aksiya e’lon qilinadimi?

– O‘rinli savol berdingiz. Hozir bizning oldimizda turgan asosiy vazifalardan biri ham shu, aholi orasidagi tushunmovchilikning oldini olish. Qonunda aksiya nazarda tutilmagan. Qolaversa, yaqin o‘rtada o‘zboshimchalik bilan qurib olingan uyga hujjat berilmaydi. Aksincha, bu harakat qonunga zid hisoblanadi va fuqaro belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi. Aholini bundan xabardor qilish uchun joylarda keng qamrovli tushuntirish ishlarini olib boryapmiz. Bunda bizga mahalla faollari, hokim yordamchilari yaqindan ko‘mak beryapti.

Barcha bilishi kerak bo‘lgan narsa bor: yerga egalik huquqi unga imorat qurish bilan shakllanib qolmaydi. Holat ko‘p taraflama o‘rganiladi, to‘langan yer va mol-mulk soliqlari, oldingi hujjatlar ko‘tariladi. Shuningdek, belgilangan yerdagi imoratning nechanchi yil qurilganligi fazoviy suratlar orqali ko‘rib chiqiladi. Bu texnologiya bizga o‘sha yer maydonining bundan 5, 10, 15 yil oldingi holatini ko‘rish imkonini beradi. Bundan tashqari, Davlat kadastrlari yagona tizimi bor. Unda har bir ko‘cha, mahalla, aholi yashash punktining chegaralari chizilgan. Bir so‘z bilan aytganda, bugungi tizimni aldab bo‘lmaydi. Ayni tizim orqali olib borilgan o‘rganishlar natijasida joriy yilning o‘tgan 6 oyida viloyat bo‘yicha jami 1529 ta noqonuniy qurilish aniqlangan. Shundan, 954 tasi bo‘yicha ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan bo‘lsa, 123 nafar javobgarga ma’muriy chora ko‘rish uchun to‘plangan hujjatlar jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar va boshqa vakolatli organlarga yuborilgan. Ular asosida qo‘llanilgan jarimalarning umumiy qiymati 12 milliard 556 million 300 ming so‘mni tashkil etadi.

Yana bir narsani aytishimiz joiz, ko‘p yillar oldin qurilgan uylarning barchasiga ham hujjat berilmaydi. Sababi, ularning aksariyati ta’qiqlangan yoki himoya hududlarida qurilgan. Bu kabi holatlar bo‘yicha shu joylarda yashovchi fuqarolar ham ko‘p marotaba ogohlantirilgan.

– Xo‘p, viloyatimizda xatlov boshlandi ham deylik, fuqarolar bu jarayonga qanday tayyorgarlik ko‘rishlari kerak? Uy-joyga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etishga asos bo‘luvchi hujjatlarga qaysilar kiradi?

– Buning uchun biror tayyorgarlik kerak emas. Ular yer va uyga oid barcha hujjatlarini saqlab, imkoni bo‘lsa, yo‘qotilganlarini tiklab olishi kifoya. Asosiysi, hujjatlashtirib qolish uchun o‘zboshimchalik bilan qo‘shimcha imoratlar qurishdan tiyilish kerak. Bu harakatlar fuqaro uchun muammo keltirib, uning javobgarlikka tortilishiga sabab bo‘ladi.

Uy-joyga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etishga asos bo‘luvchi hujjatlarga kelsak, ularga mahalla fuqarolar yig‘ini tomonidan taqdim etilgan ma’lumotnoma, yer va mol-mulk uchun to‘langan soliq hamda kommunal to‘lovlar kvitansiyalari kiradi. Xatlov tartibi va muddati aniq belgilangach, qo‘shimcha ma’lumotlar beriladi.

Viloyat davlat soliq boshqarmasi taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, joriy yil viloyatimizda davlat kadastrlar palatasi tuman va shahar bo‘limlari tomonidan taqdim etilgan onlayn ma’lumotlarga asosan 448525 ta ob’yektga 151560,9 million so‘m, 66339 ta ob’yektga 29 248 million so‘m oshirilgan yer solig‘i hisoblangan. Buning uchun amaldagi Soliq kodeksining 437-moddasi asos qilib olingan. Unda hujjatlarsiz yoxud yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni tasdiqlovchi hujjatlarda ko‘rsatilganidan kattaroq hajmda foydalanilganda, soliq stavkasi belgilangan soliq stavkalarining 3 baravari miqdorida hisoblanishi ko‘rsatilgan.

Davlatimiz rahbari topshirig‘iga asosan yangi qonun qabul qilingunga qadar bu uy-joy egalariga uch karra oshirilgan soliq qo‘llash amaliyoti qo‘llanilmay turishi belgilangan.

Asqar BAROTOV suhbatlashdi.