Kambag‘allikni kamaytirishda nimalar muhim?

Jomboy tumanidagi 38 mahallada qariyb 200 ming nafar aholi istiqomat qiladi va ularning 93,9 ming nafari mehnat resurslari hisoblanadi. Aholining 3172 nafari ishsiz va ishsizlik darajasi 4,1 foizni tashkil qiladi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yilning o‘zida ishsiz fuqarolarning 2,1 mingdan ortig‘i ish bilan ta’minlangan. Jumladan, 1,3 mingga yaqin xotin-qizlar, 800 nafar yoshlar doimiy ish o‘rniga ega bo‘lgan.   

Prezidentimizning 2025 yil 17 yanvardagi “2025 yilda aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 21405 ta yangi ish o‘rni tashkil etilib, “yangi ish mehnat.uz” platformasiga kiritilgan. Yaratilgan yangi ish o‘rinlari yangi tadbirkorlik, investitsiya, qurilish va qishloq xo‘jalik yo‘nalishlarida yangi tashkil etilgan subektlar hisobidan shakllantirilgan. Yil davomida mingdan ortiq ishsiz fuqaro kasb-hunarga o‘qitilgan bo‘lsa, 2026 yilda yana 600 nafardan ortiq fuqaro talab yuqori bo‘lgan kasblarga o‘qitiladi.

– Yil boshidagi raqamlarga qaraydigan bo‘lsak xorijga chiqib ketgan fuqarolarimiz 11,4 ming nafar edi va yil davomida ularning 9,9 mingdan ortig‘i yurtimizga qaytarildi, - deydi tuman kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi boshlig‘i Shuhratjon Shodmonov. – Ularning aksariyati rasmiy va norasmiy sektorga ishga joylashtirildi, qiziqish bildirganlari tadbirkorlikda o‘z ishini ochishdi, o‘zini o‘zi band qildi. Ularning har biriga kerakli yordam ko‘rsatildi. Yil davomida tumanimizda qishloq xo‘jaligi, sanoat va xizmat ko‘rsatish sohalarida qiymati 60,1 milliard so‘mlik 1560 ta mikroloyiha ishga tushirilib, 3,2 mingga yaqin ish o‘rni yaratildi.

Kambag‘al oilalar bilan manzilli ishlash asosida har bir oila bo‘yicha alohida rejalar ishlab chiqildi, mahallalardagi obro‘-ye’tiborli 114 nafar faol nuroniyga 2 bosqichda 825 ta kambag‘al oila biriktirildi. Kambag‘al oilalar farzandlarining bilim olishi uchun o‘quv qurollari, jihozlar va sport kiyimlariga ehtiyojlari o‘rganilib, jami 618,7 million so‘mlik o‘quv jihozlari va sport kiyimlari olib berildi.

O‘tgan yili kambag‘al oila azolarining 5515 nafarining bandligi ta’minlanib, shundan 3067 nafari doimiy ishga joylashtirildi, 702 nafariga imtiyozli kredit, ssuda va subsidiya ajratildi, 166  nafari kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitildi, 1580 nafari tadbirkorlik yo‘nalishida o‘zini o‘zi band qildi.

2025 yil yakuni bilan tumanda kambag‘allik darajasi 6,4 foizni tashkil etdi. Yil yakuniga qadar kambag‘allik darajasini 2,9 foizga tushirish rejalashtirilgan. Bunda birinchi navbatda kambag‘al oilalarning dunyoqarashi, madaniyati, ma’naviyatini oshirish orqali ularga kasb-hunar o‘rgatib, o‘qitib, tadbirkorlikka yo‘naltirish, doimiy daromad olishlariga ko‘maklashish orqali turmush sharoitini yaxshilash asosiy maqsad qilingan.

2025 yilda 2802 ta kambag‘al oila (12377 nafar oila a’zosi) kambag‘allikdan chiqarildi. 2026 yil 1 yanvar holatiga kambag‘allik reyestrida 1410 ta oila (kambag‘allik darajasi 3 foiz) qolmoqda.

Tumanning Eski Jomboy mahalllasida yashovchi Qo‘chqor Rasulov xonadonida 9 kishi istiqomat qiladi va o‘g‘li F.Rasulov I guruh bolalikdan nogironi hisoblanadi. Ushbu oila kambag‘allikning qizil toifasiga kiritilgan. Shu bois Kambag‘allikni qisqartirish davlat maqsadli jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan bu oilaga 5 kVtli quyosh panellari o‘rnatib, xonadondagi eski eshik-romlar yangilandi. 28 million so‘m kredit hisobiga 2 ta chorva moli olib berildi. Quyosh panellari orqali olinayotgan elektr energiyasi oila ehtiyojini qoplasa, ortgan qismi davlatga sotiladi.

Shu mahallada yashovchi Otabek Jabborov 8 nafar oila a’zosi bilan 17 sotixli hovlisida istiqomat qiladi. Bu oilaga ham 5 kVtli quyosh panellari o‘rnatilgach, oilaning elektr to‘lovlari uchun xarajatlari ancha tejaldi.

– Mahallamizdagi maktabda farrosh bo‘lib ishlayman va oilamizdagi yolg‘iz ishlovchiman, - deydi To‘lg‘anoy Astanaqulova. – Yil boshida quyosh panellari keltirib o‘rnatib berishdi. Ungacha har oyda elektr uchun 100 ming so‘mgacha to‘lov qilardik, hozir elektrga pul to‘lamaymiz. Shu pul tejalishi ham ro‘zg‘orga katta yordam bo‘lyapti, yana soliqdan ro‘yxatdan o‘tkazib, 5 yilgacha soliqlardan imtiyozlar berilarkan. Bu biz kabi qiynalgan oilalar sharoitini tiklash uchun katta imkoniyat hisoblanadi.

O‘ktam XUDOYBERDIEV.