Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Kaspiy dengizining suvi qizil rangga kirdi. Bu nimaning alomati?

Qozog‘iston Respublikasining Primore ovuli yaqinida Kaspiy dengizi suvi har yili yanvar oyida qizil tusga kiradi. Energyglobalnews.com saytining xabar berishicha, bu hodisa 2020 yil 11 fevralda kuzatilgan va qizil dengiz suvi ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab muzokaralarga sabab bo‘lgan.

Bir qarashda qonli tusdagi suvni ko‘rgan odamda “bu yerda qotillik bo‘lgan”, degan fikr uyg‘onishi mumkin. Ayrimlar esa hayvonlarga nisbatan vahshiylik qilinganlikka gumon qilsa, boshqa birov dengizga turli chiqindilarni tashlash oqibatidagi turli kimyoviy moddalarni sabab qilib keltiradi. Aslida esa qanday?

Aslida moviy rang suvning qizil tusga kirishiga asosiy sabab umuman boshqa. Turli xorijiy saytlarning xabar berishicha, jarayon diatom suv o‘tlari bilan bog‘liq hodisa hisoblanadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, diatom suv o‘tlari rangi och qizildan to‘q qizilgacha o‘zgarib turadi. Ularning 3800 dan ziyod turlari bor. Kaspiyda ularning polisifoniya, melobeziya, laurensiya kabi 25 turi uchraydi. Ammo diatom suv o‘tlarining suvosti hayotiga aslo zarari yo‘q, shuningdek, insonlarga ham. Baliqlarga ham hech qanday xavf tug‘dirmaydi. Ma’lumotlarga ko‘ra, suv o‘tlarining dengiz qirg‘oqlaridan kenglik masofasi besh metrni, uzunligi esa taxminan ikki kilometrni tashkil etadi.

Bu har yili takrorlanadigan hodisa. — deydi Mang‘istau viloyat ekologiya departamenti laboratoriya tahlillari nazorat bo‘limi boshlig‘i Raushan To‘lepova. — Kaspiyda suv o‘tlari qizil rangda bo‘ladi va ular bir joyda gala bo‘lib o‘sadi. Vahima qilishga mutlaqo hojat yo‘q.

Yulduz O‘rmonova tayyorladi.

Xs.uz